Home / FOTO LAVHALAR / Yangi nashrlar mintaqa xalqlari maʼrifatini oshirishga xizmat qiladi

Yangi nashrlar mintaqa xalqlari maʼrifatini oshirishga xizmat qiladi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Buxoriy ilmiy merosi: zamonaviy tadqiqotlar” mavzusida xalqaro davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining oʻrinbosari Firdavs Halimov, Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov, Al-Azhar universiteti (Misr) professori Shayx Mahmud Hasan, Istanbul universitetining (Turkiya) Ilohiyot fakulteti bitiruvchilari, Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi sovrindorlari va Markaz ilmiy xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni Markaz direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov ochib, xodimlar olib borayotgan tadqiqotlar va ularning samarali natijalari haqida maʼlumot berdi. Markaz jamoasi tomonidan tayyorlangan eng yangi nashrlar – Imom Buxoriyning “Xalqu afʼolil ibod” va “Kitobuz zuafois sagʻir” asarlari tarjimasi va sharhi bilan tanishtirdi.

Davra suhbati ishtirokchilari mazkur asarlarning ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilinishini tarixiy voqea sifatida baholab, nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa xalqlariga ilmiy-maʼrifiy manfaat keltirishini qayd etdi.

Tadbir davomida qatnashchilar Markazda olib borilayotgan ishlarning yuksak natijalarini eʼtirof etib, allomalar, xususan, Imom Buxoriy merosini oʻrganishda zamonaviy yondashuvlarga oid, pirovardida ilmiy faoliyatni yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan muhim takliflarni bildirdi.

Davra suhbati yakunida Imom Buxoriy xalqaro stipendiyasi dasturi doirasida Markazda ilmiy amaliyot oʻtagan Hikmet va Ayshe Gulteginga maxsus sertifikat topshirildi. Stipendiatlar dasturda ishtirok etganidan hamda ilmiy izlanish uchun yaratilgan sharoit va taqdim etilgan imkoniyatlardan gʻoyat mamnun boʻlganini taʼkidladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz – yana bir xalqaro tadbir mezboni

Toshkentda BMTning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) va Al-Azhar universiteti (Misr) tashabbusi bilan boshlangan “Oʻzbekistonda ayollar huquqlariga …