Turkiyaning Anqara shahridagi Islom tafakkuri institutida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Tatariston ilmiy muassasalari tadqiqotchilari uchun tashkil etilgan malaka oshirish oʻquvi yakunlandi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Ravshan Elmurodov, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ilmiy xodimlari, Hadis ilmi maktabi oʻqituvchilari ishtirok etgan “Movarounnahr uchinchi yozgi seminarlari”da turkiyalik 30 ga yaqin taniqli islomshunos mutaxassisning “Movarounnahr olimlarining ilm-fan rivojidagi hissasi”, “Imom Abu Hanifaning sunnatni anglashi”, “Global hayotda musulmonlarning roli”, “Islomda usul va maqsad tushunchalari”, “Arab olamida ilm-fan imkoniyatlari va istiqboldagi rejalar”, “Qadimdan hozirgacha islomda vujudga kelgan inqirozlar” singari ellikdan oshiq dolzarb mavzuda maʼruzalar tinglandi.
Oʻquv jarayonida tinglovchilar uchun Turkiyaning Bursa, Konya va Istanbul shaharlarida ham sayyor darslar tashkil etildi.
Ishtirokchilar oʻz muassasalari haqida, xususan, R.Elmurodov Markazning ilmiy yoʻnalishdagi faoliyati va xalqaro miqyosdagi hamkorlik aloqalari, erishilgan natijalar, tarjima ishlari va nashr etilgan kitoblar toʻgʻrisida taqdimot oʻtkazdi.
Seminar tadbirlari qatnashchilarga bilim va malaka oshirish bilan birga oʻzaro tajriba almashish imkonini berdi. “Movarounnahr uchinchi yozgi seminarlari” sermazmun va samarali oʻtdi. Uning yakunida tinglovchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.