Ayni kunlarda Markazda amaliyot oʻtayotgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindorlari Hikmet va Ayshe Gultegin ilmiy izlanishlari taqdimotini oʻtkazdi.
“Buyuk soʻfiy va muhaddis, taniqli faqih, mutakallim va faylasuf Muhammad ibn Isʼhoq Gulobodiy hayoti va ilmiy merosi” mavzusida tashkil etilgan taqdimot Abu Bakr Kalobodiyning hayot yoʻli, asarlari va hadis ilmi rivojida tutgan oʻrniga bagʻishlandi.
Alloma tugʻilgan Buxoro yaqinidagi Kalobod mahallasi – aslida Gulobod nomining arabchalashgan shakli. Arab tilida “g” harfi mavjud boʻlmagani uchun joy nomi shu tarzda oʻzgargan. “Tojul islom” (Islom toji) va “Darboni Buxoro” (Buxoro darvozaboni) martabalari bilan mashhur boʻlgan Kalobodiyning nomi zamonaviy arab va fors manbalarida Kaloboziy shaklida ham uchraydi. Barcha manbalarda kunyasi “Abu Bakr” yonida “Tojul islom”, “Soʻfiy” (mutasavvif sifatida), “Hofiz” (muhaddis sifatida), “Orif”, “Shayx”, “Imom”, “Zohid” kabi turli nisba va unvonlar bilan tilga olinadi.
Dastlab dr. Ayshe Gultegin olimning tugʻilgan va vafot etgan sanalari bilan bogʻliq tafovutlar, mazhabi va asarlaridan tashqari uning hayotiga oid qiziqarli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi. Boshlangʻich taʼlimni oʻzi tugʻilib oʻsgan joyida olgan boʻlgʻusi alloma keyinchalik oʻsha zamonda keng tarqalgan diniy va dunyoviy ilmlarni oʻrganishga kirishib, fiqh va hadis boʻyicha sakson toʻrt olimning asarlarini oʻqib chiqadi. Turkiyalik tadqiqotchi Kalobodiyga ustozlik qilgan mutafakkirlar va u yetishtirgan shogirdlarga ham alohida toʻxtaldi.
Abu Bakr Kalobodiy bir muddat qozilik qilgan. Asosiy faoliyati esa oʻzi oʻrgangan ilm sohalarida, xususan, hadis, fiqh va tasavvuf borasida tadqiqotlar olib borish va shu yoʻnalishda fundamental asarlar yozish bilan bogʻliq boʻlgan. Tasavvuf tarixi va taʼlimotini chuqur oʻrgangan alloma sohaga tadqiqotchi nuqtayi nazaridan yondashib, birinchilardan boʻlib tasavvuf ilmi nazariyasiga asos solgan.
Dr. Hikmet Gultegin Kalobodiyning tasavvufiy qarashlarini bayon qildi. Qatnashchilar eʼtiborini allomaning inson oʻzi bilgan barcha narsa (Qurʼon, sunnat va ijmo)ni mahkam tutib, yomon fikrlardan uzoqlashsa, xotirjam boʻlishi, bandaning eng avvalo qilishi kerak boʻlgan ishi – bu imkoni boricha, bor kuch-gʻayrati va qobiliyatini ishga solib, idrokini mustahkamlash orqali ilm va uning hukmlarini oʻrganishdan iborat boʻlishi kerakligi, ahloq zohidlik va husni xulq orqali tuzatilishi lozimligi, xunuk ishlarni inson tabiatiga toʻgʻri kelmagani uchun emas, balki harom ekani uchun yoqtirmaslik, savob amallarni esa, xoʻjakoʻrsinga emas, Yaratganning fazliga muyassar boʻlish uchun qilish zarurligi kabi qarashlariga jalb etdi.
Amaliyotchi, shuningdek, olimning hadislar va umuman sunnatni ilmiy dalil va hayotiy misollar asosida toʻgʻri tushunishga oid qator fikr va mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.
Tadbir qizgʻin savol-javoblar va muhokamalar bilan davom etdi.