Home / FOTO LAVHALAR / Tarixni bor haqiqati va butun boʻy-basti bilan gavdalantirish muhim ahamiyatga ega

Tarixni bor haqiqati va butun boʻy-basti bilan gavdalantirish muhim ahamiyatga ega

Avval xabar berilganidek, ayni paytda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi tomonidan Imom Buxoriy innovatsion muzeyi konsepsiyasini takomillashtirish boʻyicha qator amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlar joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” nomli forumdan keyin aqniqsa jadal tusga kirdi. Forum davomida innovatsion muzey konsepsiyasini yanada takomillashtirish yuzasidan keng muhokamalar oʻtkazilib, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Koʻp oʻtmay, “Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida Samarqandda oʻtkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada ham muzey konsepsiyasi loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Anjumanning Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan qismida esa muzey ekspozitsiyasini shakllantirish, unda Imom Buxoriy siymosini yanada aniqroq gavdalantirish masalalari yuzasidan atoqli olim va taniqli mutaxassislardan koʻplab fikr-mulohazalar olindi.

Davlatimiz rahbarining Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida barpo etilayotgan innovasion muzey mazmun-mohiyatini ilmiy jihatdan boyitishda dunyo muzeylari tajribasini oʻrganish boʻyicha topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida Markaz direktori Shovosil Ziyodov joriy yilning 5-10-avgust kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Saudiya Arabistoni Podshohligida xizmat safarida boʻldi.

Unda delegatsiya aʼzolari Madinadagi Paygʻambar Muhammad alayhissalom siyratlari va Islom sivilizatsiyasi muzeyi hamda uning Makkadagi filiali, Masjidi nabaviy meʼmoriy muzeyi, Boʻston Sofiya bogʻ muzeyi, Ar-Riyoddagi Diriyah tarixiy majmuasi va Saudiya milliy muzeyi, Makkadagi Vahiy koʻrgazmasi muzeyi, shuningdek, Jiddadagi Podshoh Fahd nomidagi Milliy kutubxona, Abdurrauf Xalil uy-sanʼat muzeyi hamda islom sanʼati muzeylari, Jidda tarixiya – Tarixiy Jidda dahasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mazkur yoʻnalishdagi amaliy ishlarning mantiqiy davomi sifatida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasida yaratiladigan innovatsion muzey kontentini shakllantirishga bagʻishlangan ishchi uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari, Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi vakillari, majmuada uzoq yillar faoliyat olib borgan faxriy imomlar ishtirok etdi.

Uchrashuv asosan barpo etilayotgan muzeyning Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi tarixiga oid ekspozitsiyasini yaratish masalasiga bagʻishlandi. Majmuaning tarixan shakllangan tashqi koʻrinishini maʼlum boʻlgan davrlardan boshlab hech bir jihatini nazardan qoldirmaslik, ayniqsa, istiqlol yillarida bu yerda amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini keng yoritish masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Qizgʻin muhokamalar davomida majmuaning har bir davrdagi koʻrinishini maketlar shaklida gavdalantirish uchun tarixiy fotosuratlar, eski hujjatlar hamda boshqa manbalar, shuningdek, xotiralar asosida zarur qimmatli fikrlar, maslahat va tavsiyalar bildirildi.

Ishtirokchilar muzey kontentini yaratish boʻyicha istiqbolda ham uzviy hamkorlikda ish olib borishga kelishib oldi.

Imom Buxoriy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

OʻZBEKISTON DELEGATSIYASI TURKIYA TAJRIBASINI OʻRGANMOQDA

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov boshchilik qilayotgan delegatsiya muzeylarga boʻlgan …