Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Turkiyaning Denizli shahridagi Pamukkale universiteti rektori, professor, doktor Ahmad Qutlixon rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Markaz direktori Shovosil Ziyodov hamda Hadis ilmi maktabi rektori Barot Omonov kutib oldi.
Tashrif asnosida delegatsiya aʼzolari Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi stipendiyaning turkiyalik sovrindorlari hamda Hadis ilmi maktabi rektori ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Unda ilmiy muassasalar oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ikki ilm dargohi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish tashabbusi Markaz rahbarining 2021 yil noyabr oyida Turkiyaga tashrifi davomida ilgari surilgan boʻlib, oʻshanda uning yoʻnalishlari, istiqbollari va amaliy jihatlari kelishib olingan edi.
2022 yil avgust oyida Markaz bilan Universitet oʻrtasida imzolangan Anglashuv memorandumi asosida hamkorlikda koʻplab ilmiy loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, oʻsha yilning noyabrida Markaz direktori Pamukkaleda “XXI asrda yoshlar va imon masalalari: tavofutlar” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro simpoziumda ishtirok etdi. Dekabr oyida esa Markazning ikki ilmiy xodimi Universitetning Islom ilmlari instutida malaka oshirdi.
2023 yil oktyabr oyida Markaz delegatsiyasining Denizli shahrida Universitet rahbariyati bilan oʻtkazgan uchrashuvida qoʻshma loyihalar salmogʻini yanada oshirish masalasi koʻrib chiqildi.
Davra suhbati ishtirokchilari hamkorlik aloqalarining bugungi holati va istiqboli yuzasidan fikr almashib, ilmiy yoʻnalishda birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar koʻlamini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Rektor Ahmad Qutlixon oʻzi rahbarlik qilayotgan Universitet yurtimiz tadqiqotchilari uchun har doim ochiq ekanini, ilm yoʻlida borgan izlanuvchilar uchun barcha sharoitlar muhayyo etilganini taʼkidladi.
Muloqot chogʻida Hadis ilmi maktabi bilan ham hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, mazkur oliy taʼlim muassasasi pedagog-xodimlari va talabalarini Universitet tomonidan tashkil etiladigan yozgi malaka oshirish dasturlariga jalb qilish, oʻz navbatida, Universitetning Islom ilmlari instituti olimlari uchun Hadis ilmi maktabida ilmiy amaliyot dasturini ishlab chiqish boʻyicha bildirilgan takliflar maʼqullandi.
Tomonlar onlayn seminarlar turkumini yoʻlga qoʻyish, faoliyati yetarli darajada oʻrganilmagan allomalar ilmiy merosini tadqiq etish yoʻlidagi kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, Turkiyada nafaqat turkiy davlatlar olimlari, balki butun musulmon hamjamiyati vakillari ishtirokida I Xalqaro Imom Buxoriy konferensiyasini tashkil etish masalalarini koʻrib chiqdi.
Davra suhbati doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtdi.