Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturining navbatdagi gʻoliblari – Turkiyadagi Ushak universitetining islomiy ilmlar fakulteti ustozlari, doktor Hikmet Gultegin va doktor Ayshe Gultegin Markazda ilmiy amaliyot boshladi.
Stipendiatlarni Markaz direktori Shovosil Ziyodov qabul qilib, dasturning ahamiyatli jihatlari, sovrindorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va Markazda amaliyot oʻtagan xorijiy tadqiqotchilar erishgan natijalar haqida maʼlumot berdi.
Ushak universiteti olimlari yurtimizda ilm-fanni yanada taraqqiy toptirish yoʻlida, shuningdek, diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholab, xalqaro stipendiya dasturidagi ishtirokidan mamnuniyat izhor etdi.
Ilmiy oila boʻlgan Gultegin juftligi Markazdagi amaliyoti davomida soʻnggi ikki yil mobaynida buxorolik ulugʻ shayx, Oʻrta asrlarning yirik allomalaridan biri, tasavvufshunos olim, mufassir, muhaddis Muhammad ibn Isʼhoq Gulobodiy (Abu Bakr Kalobodiy nomi bilan ham mashhur) va uning mashhur “Bahrul favoid” (“Foydalar dengizi”) nomli hadislar toʻplami boʻyicha olib borayotgan tadqiqotlarini davom ettirib, ilmiy ishini mazmunan yanada boyitishni rejalashtirgan. Stipendiatlar Buxoro va Toshkentga ilmiy safarlar qilishi hamda Markazda taqdimot va seminar oʻtkazishi moʻljallanmoqda.
Nafaqat ilmda hamkor, balki hayotda ham yoʻldosh boʻlgan olimlar juftligining amaliyoti bir oy davom etadi.