Home / MAQOLALAR / KICHIKLARGA RAHM, KATTALARGA HURMAT KOʻRSATISH

KICHIKLARGA RAHM, KATTALARGA HURMAT KOʻRSATISH

(Bir hadis sharhi)

Dinimiz odamlarning yoshi va holatidan qatʼi nazar, ularga yaxshilik qilish, hurmat va ehtirom koʻrsatishga chaqiradi. Huquqlarini himoya qilishga undaydi. Albatta, bu bizning insoniylik burchimiz boʻlishi zarur. Ayniqsa, quvvati ketib, atrofdagilarning yordamiga koʻproq muhtoj boʻlib qolgan keksalarimizga, koʻmak soʻramasa-da, yordam berishga shoshilishimiz lozim.

عَنْ زَرْبِىٍّ قَالَ سَمِعْتُ أَنَسَ بْنَ مَالِكٍ يَقُولُ جَاءَ شَيْخٌ يُرِيدُ النَّبِىَّ -صلى الله عليه وسلم- فَأَبْطَأَ الْقَوْمُ عَنْهُ أَنْ يُوَسِّعُوا لَهُ فَقَالَ النَّبِىُّ -صلى الله عليه وسلم- لَيْسَ مِنَّا مَنْ لَمْ يَرْحَمْ صَغِيرَنَا وَيُوَقِّرْ كَبِيرَنَا.

Anas ibn Molik aytadi: “Bir keksa kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamni koʻrgani keldi. Odamlar unga joy berishga shoshmadi (ikkilandi). Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kichiklarimizga rahm qilmagan, kattalarimizni hurmat qilmagan bizdan emas”, dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu hadisi shariflarida, kichiklarga rahm-shafqat va lutf koʻrsatib, haq-huquqiga rioya qilmagan kattalarni, shuningdek, kattalarning hurmatini joyiga qoʻymagan kichiklarni bizdan emas, deb qattiq gapirmoqdalar. Kichik va katta deganlarida nafaqat yosh va martabada, balki boshqa har qanday holatda boʻlsa ham, barchasi nazarda tutilgan. “Bizdan emas”, deganlarida, bizning yoʻlimizda, hidoyatimizda va sunnatimizda emas, degan maʼnoda soʻzlaganlar. U zot yana bir hadislarida “Keksa musulmonga hurmat koʻrsatish, Allohni ulugʻlashdir”, deganlar (Abu Dovud rivoyat qilgan).

Yoshlar bilan keksalar orasida biri-biriga nisbatan odob-axloqning yoʻqolishi, kishilarning mehr, rahm-shafqatni bilmasligi tashvishli va ogʻriqli ijtimoiy nuqtadir. Bu esa adolatsizlikka olib keladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam koʻrsatgan yoʻllarini tutsak, barcha ishlar tartibga tushadi, turmush tarzimiz toʻgʻri boʻladi, har kim oʻz haqqini topadi. Shundagina jamiyatda ezgulik gʻolib boʻlib, doʻstlik va oʻzaro muhabbat tarqaladi.

Yoshlarning keksalarga shoshqaloqlik va beodoblik bilan munosabatda boʻlayotganini, haqorat qilayotganini uchratib qolamiz. Ularga Rasulullohning soʻziga quloq tutishini va amal qilishini tavsiya etamiz. Shunda ham savobga yetishadi, ham jamiyatda mehr-muhabbat va axloqning yuksalishiga hissa qoʻshgan boʻladi.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASHNING OʻZIGA XOS USULLARI

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari har bir musulmon uchun Qurʼoni karim oyatlari kabi muhim …