Home / FOTO LAVHALAR / Hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim

Hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim

24-iyul kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Malayziyadagi Islom sivilizatsiyasi instituti bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan ikki muassasa rahbar xodimlari oʻrtasida onlayn muloqot tashkil etildi. Unda tomonlar vakillaridan tashqari Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov ham ishtirok etdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov davlatlar rahbarlarining saʼy-harakatlari natijasida oʻrnatilgan oʻzaro amaliy hamkorlik samaralarini eʼtirof etib, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning joriy yil may oyida Markazga qilgan tashrifini mamnuniyat bilan yodga oldi. Ayni paytda mazkur tashrif yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amaliyotga joriy etish boʻyicha qabul qilingan Yoʻl xaritasi ijrosi yuzasidan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

2021-yilda imzolangan memorandum asosida bugunga qadar Markaz va Institut hamkorligida qator nufuzli tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. Hamkorlikda turli mavzularda onlayn seminar, ilmiy-amaliy veb-forum, xalqaro konferensiyalar va davra suhbatlari tashkil etildi. Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi asosida malayziyalik bir nechta tadqiqotchilar Markazda amaliyot oʻtadi.

Malayziyadagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori Fariza Sham hamkorlikning ayni holati aloqalarni yanada rivojlantirish va imkoniyatlardan unumliroq foydalanish uchun mustahkam zamin hozirlayotgani hamda tomonlar manfaatlariga mos kelayotganini taʼkidladi.

Muloqot chogʻida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan qator amaliy takliflar bildirildi. Olimlar ilmiy maqolalaridan iborat “Movarounnahr muhaddis olimlarining islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” mavzusida xalqaro toʻplam nashr qilish, tadqiqotchilar ilmiy ishlarini tomonlar muassisligidagi jurnallarda chop etish, turkum onlayn seminarlar oʻtkazish shular jumlasidandir.

Shuningdek, muassasalararo qoʻshma tadqiqotlar grantini joriy etib, xodimlar almashuvini yoʻlga qoʻyish tashabbusi toʻla qoʻllab-quvvatlandi.  Bildirilgan taklif va mulohazalarning texnik hamda amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Koʻrilgan masalalar qatorida yaqin istiqbolda Malayziyadagi Islom sivilizatsiyasi instituti va Hadis ilmi maktabi oʻrtasida hamkorlikka oid anglashuv memorandumini imzolashga kelishib olindi.

Muloqot qizgʻin va ishchan ruhda oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

MARKAZ ILMIY SALOHIYATI YUKSALMOQDA

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining tegishli qaroriga asosan …