Home / FOTO LAVHALAR / Anjumanning Toshkent qismi

Anjumanning Toshkent qismi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida “Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida tashkil qilingan konferensiya 22 iyul Toshkent shahrida davom etdi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita masʼul xodimlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi vakillari, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, “Koʻkaldosh” oʻrta maxsus islom bilim yurti professor-oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Anjumanni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov boshqardi.

Uchta shoʻbada tashkil etilgan konferensiyada yigirmaga yaqin maʼruza tinglanib, Imom Buxoriyning ilmiy merosi, uni oʻrganish va targʻib qilishga oid qator masalalar muhokama qilindi. Ayniqsa, Samarqandda barpo qilinayotgan Imom Buxoriy majmuasida tashkil etiladigan va alloma nomi bilan ataladigan innovatsion muzey konsepsiyasi loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilarga boʻlajak muzeyning tarhi haqidagi kompyuter grafikasi yordamida yaratilgan rolik namoyish etildi. Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish, Imom Buxoriy siymosini yaratish masalalari yuzasidan koʻplab fikr-mulohazalar bildirildi.

Konferensiya doirasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan buyuk muhaddis olim hayoti va ilmiy faoliyatiga oid adabiyotlar koʻrgazmasi tashkil etildi.

Anjuman yakunida uning natijalari boʻyicha xulosalar shakllantirilib, alloma ilmiy merosini oʻrganish va targʻib etishni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiytadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …