Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya va AQSHdan olimlar ishtirok etdi.
Seminarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinovning “Alisher Navoiy qoʻlyozmalari: XV-XIX asrlar” mavzusidagi maʼruzasi tinglandi.
Olim dastavval Alisher Navoiy hayoti va ijodiga qisqacha toʻxtaldi. Shoir va davlat arbobi 10-12 yoshidan gʻazallar bitgani, aksari turkiyda boʻlgan 30 dan ortiq asar yozgani, koʻplab shaharlarda boʻlgani, Husayn Boyqaro bilan bolalikdan doʻst tutinib, ulgʻayganidan keyin uning saroyida sadoqat bilan xizmat qilgani taʼkidlandi.
Turkiy adabiyotning ulkan namoyandasi boʻlgan, hamma davrlarda gʻazal mulkining sultoni deb ulugʻlangan, xamsanavislikda “Nizomiy panjasiga panja urmoq”qa jurʼat qila olgan Hazrat Navoiy umrining soʻnggi oʻttiz yilida yirik hajmli muhim lirik va epik, ijtimoiy-falsafiy va ilmiy asarlar yozgan. Uning olti dostoni 60 ming misradan iborat. “Xazoinul maoniy” (“Maʼnolar xazinasi”) nomli toʻrtta devoni 50 ming misrani tashkil qiladi.
Olim Navoiy asarlarining qoʻlyozmalari boʻyicha alohida maʼlumot berdi. Taʼkidlanganidek, shoir asarlari aks etgan qoʻlyozmalar turkiy dunyoda keng tarqalgan. Ularni koʻchirgan xattotlar haqida ham alohida risola chop etilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining Sharq qoʻlyozmalari markazida Navoiy “Xamsa”sining XV-XX asrlarda koʻchirilgan 180 ta qoʻlyozma nusxasi saqlanadi. Besh asr davomida Navoiy asarlarining yuzlab nusxalari koʻchirilgan. 1879-1917-yillar oraligʻining oʻzida shoir asarlari Oʻrta Osiyoda toshbosma usulida 100-marta bosilgan. Bu raqamlar har qanday ijodkor uchun juda yuqori koʻrsatkichdir.
Maʼruzachi tilga olingan raqamlar faqat Oʻrta Osiyoga taalluqli ekani, Navoiy asarlari Kavkazda ham mashhurligi va puxta oʻrganilganini qayd etdi. Olimlarning fikricha, shoir asarlari qoʻlyozmalari kamida 1000 nusxada koʻchirilgan, taxminiy-qiyosiy farazlarga koʻra esa, ularning soni 3500 ga yetadi.
Professor A.Erkinov Navoiy asarlari qoʻlyozmalarini koʻchirgan xattotlar, shoir hayotligida bitilgan qoʻlyozmalar toʻgʻrisidagi qiziqarli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashib, bu nusxalarning ayrimlarini namoyish etdi.
Yakunda maʼruzachi Alisher Navoiy asarlarining jahon qoʻlyozmalari katalogini yaratish borasida boshlangan amaliy ishlarni jadallashtirish zaruratini qayd qildi.
Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.