Home / MAQOLALAR / HADISLARDAN HUKM OLISH VA HAYOTGA TATBIQ ETISH UCHUN ZARUR BOʻLGAN BILIMLAR(2-qism)

HADISLARDAN HUKM OLISH VA HAYOTGA TATBIQ ETISH UCHUN ZARUR BOʻLGAN BILIMLAR(2-qism)

Hadislaridan hukm olish va hayotga tatbiq juda daqiq va masʼuliyatli ish boʻlgani sababli  keng qamrovli bilim va ulkan salohiyat talab qiladi. Buning uchun birinchi navbatda mustalahul hadis ilmini mukammal bilish zarur. Shu orqali hadisning maqbul yo mardud, sahih yo zaif, mansux yo nosix, maʼmulun bih (amal qilinadigan, hayotga tatbiq etsa boʻladigan) yoki gʻayri maʼmulin bih (amal qilinmaydigan), xos yoki ommaga taalluqli ekani aniqlanadi.

Hofiz Ibn Hajar Asqaloniy: “Mustalah ilmini bilmasdan hadis aytadigan kishini minbardan urib tushiring!” degan.

Shuningdek, hadisdan hukm olib, hayotga tatbiq etish uchun quyidagilar kerak:

  1. Qurʼoni karimni toʻliq yod olish. Tafsir ilmini bilish. Bir necha tafsir va taʼvillarni, ularning uslublarini oʻrganish.

Hadisdan hukm chiqarishda oyatlarning nozil boʻlish sababi, muhkam va mutashobih, nosix va mansuxlarini bilish zarur. Shunda hukm Qurʼoni karimga zid boʻlmaydi.

  1. Usulil fiqhni mukammal bilish. Bu bilan sharʼiy hukm qaysi manbalardan, nima asosda, qaysi yoʻl bilan chiqarilishi maʼlum boʻladi.

“Usulul fiqh ilmi islom shariatining ustuni, islom ummatining faxri, faqat bu ummatga xos boʻlgan xususiyatdir. Islom ulamolari unga katta eʼtibor qaratgan, zero, ushbu ilm havoyi nafsga ergashish va ijtihoddagi toyilishdan asrovchi yoʻldir va u sharʼiy hukmlarni istinbot qilishga olib boradi”[1].

  1. Mustahkam xotira, koʻp hadislarni turli turuqlari bilan yoddan bilish va ustoz ijozasi. Imom Ahmad ibn Hanbaldan: “Yuz ming hadisni yod bilgan odam fatvo bersa boʻladimi”, deb soʻraganlarida, “Yoʻq” deb javob bergan. Soʻrovchilar yodlanishi lozim hadislarning sonini yuz mingdan oshirib boravergan, Imom Ahmad: “Yoʻq,” deyavergan. Besh yuz mingga yetganda, “Umid qilaman”, degan.
  2. Sanad ilmini, sahoba va roviylarning nasabi, tarixi va ustozlarini yaxshi bilish. Bunda birinchidan, roviyning toʻgʻrisoʻzligi, ikkinchidan, quvvai hofizasi oʻrganiladi. Buning uchun “Ilmur rijol” deb nomlangan alohida ilm ishlab chiqilgan. “Rijol” soʻzi lugʻatda “kishilar” maʼnosini bildiradi. Hadis istilohida esa hadis roviylariga nisbatan ishlatiladi. Yaʼni hadis rivoyat qiladigan kishilar holati va xabarlari haqidagi rivoyatlarni tekshirish ilmur rijoldir. Hadis ilmi bilan shugʻullanuvchilar ham “rijol” deyiladi. Bu ilm bilan shugʻullanganlar roviylar hayoti va shaxsiyatini har tomonlama oʻrgangan. Muhaddis roviy yashaydigan joyga borib, qoʻshnilaridan, xesh-aqrabosi va yor-birodarlaridan soʻrab-surishtirib, ishonchli ekani ayon boʻlganidan keyin u rivoyat qilgan hadisni olgan.
  3. Jarh va taʼdil ilmini bilish. Bu – roviylar haqida salbiy yoki ijobiy fikr bildirish ilmi. Ularning aybu nuqsonlari, adolati va ishonchliligi kabi sifatlariga qarab hadislarning sahih yo zaifligi, qabul qilish mumkinligi yoki rad etish lozimligi aniqlanadi. Roviylarning ahvoli haqidagi asarlar “Jarh va taʼdil” (الجرح والتعديل – hadisshunoslik fanining roviylar rivoyatini qabul qilish yoki rad etilishini oʻrganuvchi tarmogʻi) deb ataladi.

(davomi bor)

[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Usulul fiqh”. “Hilol Nashr” nashriyoti. Toshkent 2019. – B. 24.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XAYRIXOHLIK

(Bir hadis sharhi) Jarir ibn Abdulloh: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga namozni toʻkis ado etish, …