Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY”DA SAVDO-SOTIQ VA TIJORAT ODOBI

“SAHIHUL BUXORIY”DA SAVDO-SOTIQ VA TIJORAT ODOBI

Imom Buxoriyning shoh asaridan hayotning barcha jabhalariga doir hadislarni topish mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oʻgitlari – chuqur maʼnoga ega boʻlgan tavsiya va qaytariqlar faqat halollik va adolat tantanasiga xizmat qiladi. Ularni oʻqish-oʻrganish orqali kishi odobning oddiy, lekin oʻzi bilmagan, aniqrogʻi, bu xususda oʻylab koʻrmagan qoidalarini bilib oladi.

Xususan, kundalik hayotning ajralmas qismi boʻlgan savdo-sotiq va tijoratda ham nozik jihatlar boʻlarkanki, ulardan bexabar kishi bilmasdan kimningdir dilini ogʻritib qoʻyishi, adolatsizlik qilishi, hatto jamiyatga zarar yetkazishi mumkin ekan. Birovning haqqiga tajovuz qilish, albatta, zulm boʻladi. Lekin gap shundaki, buning zulm ekanini hamma ham vaqtida anglay olmaydi.

Quyida “Sahihul Buxoriy”dan bir necha durdona rivoyat vositasida yaqqol adolatsizlik boʻlgan, lekin koʻpchilik eʼtibor bermaydigan holat va vaziyatlar koʻrib chiqiladi.

Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam savdo mollarini (egalari bozorga yetib kelmasidan) toʻsib chiqishdan qaytardilar”[1].

Islom bozorga sotish uchun mol olib kelganlarni u yerga kiritmasdan, qoʻlidagini ulgurji sotib olishdan qaytaradi. Bundan koʻzlangan maqsad molning odamlarga arzon yetib borishini taʼminlash va keltiruvchining bozordagi narx-navoni bilmay, aldanib qolishiga yoʻl qoʻymaslikdir. Natijada puldorlar molni arzon-garov xarid qilib, keyin odamlarga istagan narxda sotishining oldi olinadi. Axir, olibsotarlar arzon mol ilinjida keltiruvchilarning yoʻlini toʻsib, hali bozorga yetib kelmasidan toʻxtatib, bozordagi narx-navoni bilmay turganidan foydalanib, qoʻlidagini ulgurji sotib olishga harakat qiladi. Oqibatda mol egasi zarar koʻradi.

Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarganlar.

Afsuski, oʻsha davrlardagi bu illat ungacha ham boʻlgan, hozir ham bor. Deylik, kartoshka yetishtirish uchun dehqon bir necha oy vaqt sarflaydi, ter toʻkib mehnat qiladi – yerga urugʻ qadaydi, oʻgʻit beradi, chopiq qiladi, oʻtaydi, sugʻoradi, hosilni avaylab yigʻib-terib oladi. Shundan keyin yana mashaqqat bilan bozorga olib boradi. Lekin bozor darvozasiga yetmasidan yoʻlini har turli “savdogarlar” toʻsib oladi. Molini yerga uradi, oʻzi xohlaganidek sota olmasligini bot-bot “tushuntiradi”, pirovardida sodda dehqondan tashakkur ham eshitib, arzon-garov sotib oladi va ustiga yana shuncha narx yuklab, rastaga qoʻyadi. Oqibatda dehqon bir necha oylik mehnati uchun bir soʻm daromad olsa, bu “tujjor” shuning barobari yo ortiqrogʻini bir necha soatda topadi.

Bu oʻrinda dehqonga nisbatan adolatsizlikdan boshqa muammo ham bor. Hosil egasi uni bir soʻmdan sotishni niyat qilib kelgan boʻlsa, “tujjor” ikki hissa yo ortiqroq narxda sotadi. Bu esa, oʻrtaga bir ochkoʻz qoʻshilgani uchun bozorga kelgan hamma xaridorlar molni qimmatroq xarid qilishiga olib keladi. Yaʼni, bir tamagir tufayli butun xalq zarar koʻradi.

Bu vaziyat chuqurroq tahlil qilinsa, olibsotarlarning xatti-harakatlari ijtimoiy va iqtisodiy nuqtayi nazardan davlat, jamiyat va aholi manfaatlariga zid ekani yaqqol koʻrinadi – molning qimmatligi xaridorga yoqmaydi, u davlatni ayblaydi, jamoatchilik orasida har turli gap-soʻzlar koʻpayadi, oqibatda ijtimoiy muhit buziladi. Hammasi “tujjor” oʻz manfaatini koʻzlab qilgan ishning oqibati.

Dehqon bir kishi emasligini, olibsotarlik bilan bittagina odam shugʻullanmasligini inobatga olsak, savdo mollarini toʻsib chiqish davlat va jamiyatga, aholiga qanchalar katta zarar yetkazishini tasavvur qilishning oʻzi aqlni shoshiradi.

Keyingi hadis odil savdo haqida boʻlib, odamlarni baʼzan atay, baʼzan bilmasdan adolatsizlik yoʻliga kirib qolishdan qaytaradi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biringiz biringizning savdosi ustiga savdo qilmaydi. Savdo moli bozorga tushirilmaguncha uni toʻsib chiqmang”, dedilar”[2].

Bir kishi savdo qilayotgan narsaning narx-navosiga, sotilish jarayoniga, xaridorlarning eʼtiboriga xalal bermaslik – aslida savdo odobining oddiy qoidasi. Lekin hamma zamonlarda boʻlgan haqiqat shuki, kimningdir savdosi qizigani boshqa birovning gʻashini keltiradi, hasadini oʻt oldiradi. Oʻshaning daromadli tijoratini toʻxtatish yo unga “yetib olish” uchun ayni shu molni yon-atrofda sota boshlaydi. Shu qilmishi bilan uni raqib sanamaydigan va hatto “raqibligi”ni bilmaydigan odamdan oʻzib ketishga, unga ziyon yetkazishga urinadi.

Baraka – Allohdan. Bu haqiqatni bilganlar, gʻayrlik qilmaydi. Lekin kimnidir kasodga uchratish, daromadini kesish, bozordagi oʻrnini egallash uchun uning savdosi ustiga savdo qilishni odat qilganlar bundan bexabar. Shuni uddaburrolik bilib, nohaq yoʻlni tutganlar oʻzining chakana foydasi uchun oʻzgalarga ulgurji moddiy va ruhiy zulm yetkazadi, adolatsizlik qiladi, hasadi esa, soʻnish oʻrniga ortib boraveradi va yangi vasvasalarga soladi.

Yana bir hadis koʻchmas mulk savdosidagi oʻziga xos odob haqida.

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam taqsimlanmagan har bir mol uchun shufʼani joriy qildilar. Hududlar tayin qilinib, koʻchalar belgilangach, shufʼa yoʻqdir”[3].

Shufʼa – imtiyozli sotib olish huquqi. Koʻchmas mulkda sherik yo hissador boʻlganlardan biri oʻz ulushini sotadigan boʻlsa, uni sotib olishga eng birinchi haqdor oʻshaning sherigi boʻladi. Uning ruxsatisiz boshqaga sotish mumkin emas. Sotib yuborgan boʻlsa, sherigi savdoni buzishga haqlidir. Mana shu imtiyoz “shufʼa” deyiladi.

Jobir ibn Abdulloh aniq taqsim qilingan, har kimning ulushi tayin boʻlgan boʻlgan hollarda shufʼa joriy qilinmasligini aytyapti. Hanafiy mazhabida yon qoʻshniga ham shufʼa imtiyozi beriladi.

Bu hadis ham savdodagi halollik, ham ijtimoiy hayotda adolat saqlashga xizmat qiladi.

Bir qarashda, inson oʻz mulkini sotishda, xususan, koʻchmas mulkini savdoga qoʻyishda oʻzgalarning xohish-ixtiyoridan xolidek boʻladi. Aslida esa, sheriklik bor joyda paychining koʻnglini hisobga olish eng katta odob va adolatdir.

Bu oʻrinda bir mulkni sheriklik asosida olganlarni qoʻya turamiz. Aka-uka, opa-singil yo boshqa qarindoshlik munosabatlarida yuzaga keladigan vaziyatlar doim dolzarb masala boʻlgan. Ota vafot etsa, aka-uka hovlini ramziy ravishda teng boʻlib, ulardan biri uni sotishni niyat qilsa, albatta, avval hamqorin boʻlganidan (bir onadan tugʻilgan jigari sanalmish aka-ukasi, opa-singlisidan) soʻrashi adolatdanmi?! Shunday.

Qoʻshnining haqlari haqidagi koʻplab hadislar hamsiyaga ham shufʼa imtiyozini beradi. Farzandlarini uylab, hovlisini kengaytirmoqchi boʻlganlar bor, masalan. Bu niyatdagi odamlar iloji boʻlsa, farzandi devor-darmiyon qoʻshni boʻlishini qanchalar qattiq xohlaydi! Mana shunday vaziyatda uyini sotmoqchi boʻlgan kishi avval ana oʻsha qoʻshnisi bilan maslahatlashishi koni foydadir. Avvalo, uyi begonaga ketmagani uchun koʻch-koʻronini shartta olib ketish tashvishidan xoli boʻladi, butunlay koʻchib ketganidan keyin koʻngli tusagan payti kelib, bolalik chogʻlarini eslaydi, qoʻshnisiga (xoʻjalik, qurilish, kommunikatsiya, taʼmir, poliz ishlari va boshqalar boʻyicha) qayerda nimalar borligini aytib turadi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam taqsimlanmagan har bir mol uchun shufʼani joriy qilyaptilar. Ehtimol, qarindoshlaridan biri qoʻshni uyga koʻchib oʻtgan-u yangi uy solib, hovlisini kengaytirish uchun joy axtarayotgandir. Yana bir ehtimol, xesh-aqrabosidan biri unga yaqin joydan hovli olishni koʻzlab yurgandir. Har holda, sotishdan avval ularning oldidan birrov oʻtib qoʻyish odamni mana shu ehtimollar tufayli bezovta boʻlishdan xalos qiladi.

Keyingi hadisni keltirishdan maqsad hozirgi savdo-tijorat munosabatlarida avval qoʻllangan va maʼqul koʻrilgan usullardan birini qayd etishdan iborat.

Abdulloh ibn Abu Mujolid aytadi:

“Ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan salam savdosi haqida soʻragan edim, “Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr va Umar davrlarida bugʻdoy, arpa, mayiz va xurmo boʻyicha salam savdo qilar edik”, dedi.

Ibn Abzodan ham soʻragan edim, u ham shunday dedi”[4].

Abu Baxtariy Toiy aytadi:

“Ibn Abbos roziyallohu anhumodan xurmoning salam savdosi haqida soʻradim. U: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam to yeyilmaguncha va tortilmaguncha sotishdan qaytarganlar”, dedi”[5].

Salam – pulni oldindan berib, molni keyinroq olish sharti bilan qilingan savdo. Nasiyaning teskarisi. Mol olinib, toʻlovi keyinga qoldirilmaydi-da, pul avvalroq berilib, belgilangan muddat yetganda, tovar olinadi. Bu hozirgi “fyuchers” shartnomasiga toʻgʻri keladi.

Bugungi kunda bugʻdoydan tashqari, paxta, pilla, neft va gaz singari tovarlar, umuman, xomashyo faqat fyuchers shartnomalari asosida sotilmoqda. Bu – toʻgʻri. Chunki, marketologiya shuni taqozo qiladi. Xaridor qachon va qancha olishini bila turib, shunga yarasha harakat qilgan olam kuyib qolmaydi.

Bir yili piyoz qimmat boʻlib ketishi, keyin kartoshkaning narxi oshib ketishi hamma dehqonlarni bir tomonga yoʻnaltirib qoʻyadi. Oqibatda koʻpchilik shu poliz mahsulotini ekadi va tovar haddan tashqari koʻpayib, narxi tushib ketadi. Bu “kuyish”dan tashqari katta uvolga ham olib keladi.

Aksincha, bozorning tendensiyasini bilgan odam shunga qarab ish tutadi. Kerakli ekinni kerakli miqdorda ekadi. Bu oʻrinda bugun fermerlar uyushmasi, savdo-sanoat palatasi kabi tashkilotlarning tuzilishidan ham ana oʻsha maqsadlar – iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik, toʻkin-sochinlik, inflyatsiya irgʻishlariga yoʻl qoʻymaslik kabilar koʻzda tutilgan.

Ikkinchi hadisdagi “yeyilmaguncha” soʻzida isteʼmol qilsa boʻladigan holga kelgan – pishib yetilgan xurmo nazarda tutilgan. Yaʼni, meva yeyiladigan darajaga kelgandagina uning savdosi haqida gap ochish mumkin. Chunki, orada qurgʻoqchilik, kasal tushishi, havoning keskin oʻzgarishi kabi omillar boʻladi.

Qoʻl bilan ushlab, taʼmini tatib koʻrib, savdoga tayyor ekaniga amin boʻlib, shundan keyingina sotilgan meva barakalidir. Yetilmagan hosil uchun pul olib qoʻyib, keyin xaridor bilan uzundan uzoq bahsga kirishib, vaqt va asabni boy berib, ortiqcha xarajatga tushib, sarson boʻlgandan koʻra, tayyorini yigʻishtirib olib, taʼmini koʻrsatib, hajmini hisoblab sotgan maʼquldir. Bunda ikki tomonda ham eʼtirozga oʻrin qolmaydi – hosil egasi molini bexijolat tavsiya qiladi, xaridor nima olayotganini bilib turadi.

Demak, salamning ham oʻziga xos talab va tartiblari bor ekan.

Savdoning hozir “fyuchers” deb atalayotgan bu turiga taalluqli shartlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bundan oʻn toʻrt asr avval aytib ketganlar.

Bir maqolada hadislarda bayon etilgan oddiy, ammo hamma ham oʻylab koʻrmaydigan masalalarni butkul qamrab olishning imkoni yoʻq, albatta. Savdo-sotiq va tijoratga oid hadislarning sohalari koʻp boʻlib, qamrovi juda keng. Shu bois soʻzni muxtasar qilib, barchaga savdo va tijoratda odillik tamoyillariga rioya etishni tilaymiz.

Barakaning negizi shundadir!

[1] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 3-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2013. B. – 149.
[2] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 3-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2013. B. – 157.
[3] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 3-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2013. B. – 185.
[4] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 3-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2013. B. – 207.
[5] Oltin silsila. Sahihul Buxoriy, 3-juz. – Toshkent: Hilol-nashr, 2013. B. – 209.
Anvar BABAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

XAYRIXOHLIK

(Bir hadis sharhi) Jarir ibn Abdulloh: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga namozni toʻkis ado etish, …