Oʻzbekiston qadimdan buyuk mutafakkirlari bilan jahonga mashhurdir. Yurtimizdan yetishib chiqqan olimlar dunyo tamadduniga benazir hissa qoʻshgan. Buning natijasida oʻrta asrlarda uygʻonish davri, yaʼni Sharq Renessansi vujudga kelgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida: “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”, deb taʼkidladi.
Koʻhna Sharq, xususan, yurtimiz buyuk mutafakkirlari va allomalari amalga oshirgan ulkan kashfiyotlari tufayli shuhrat qozongan. Ularning ilm va kashfiyotlari, maʼnaviy va madaniy merosi hozirga qadar oʻz ahamiyatini saqlab qolgan. Ana shunday allomalardan biri Abu Lays Samarqandiydir.
Mashhur faqih va mutakallim olimning toʻliq ismi – Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ibrohim Samarqandiy boʻlib, u “Abu Lays” kunyasi bilan mashhur boʻlgan. “Abu Lays”, yaʼni sherning otasi [4:741] kunyasi bilan mashhur boʻlishiga sabab sifatida sherdek bahodir, jasur, dovyurak, shijoatli boʻlgani keltiriladi [2:766].
Allomaning tugʻilgan yili aniq emas. Shu bois uning “Uyunul masoil” asarini tahqiq qilgan Sayyid Muhammad Muhanniy olimning tavallud sanasi haqida aniq maʼlumot keltirmagan [5:7].
Turkiyada chop etilgan islom ensiklopediyasida ham Abu Lays Samarqandiyning tavallud sanasi keltirilmagan [8:473]. Internet saytlarida olimning tugʻilgan yili aniq koʻrsatilmasdan, faqatgina X asrda tavallud topgani keltiriladi.
Lekin ayrim tadqiqotchilar Abu Lays Samarqandiyning 298/911-yili Samarqandda tugʻilib, 375/985-yil shu yerda vafot etgani, olim umri davomida tafsir, fiqh, usul (din asoslari), aqida, zuhd boʻyicha ilmiy faoliyat yuritib, koʻplab asar yozganini qayd etadi [1:6-7].
Boshqa tarixchilar esa u kishi, taxminan, 301–310 hijriy yillar oraligʻida tavallud topganini aytadi. Abu Lays Samarqandiyning tavallud sanasi aniq emasligiga asosiy sabab sifatida oʻsha davrda odamlarning dunyoga kelish sanasini aniq qayd etish urf boʻlmagan.
Allomaning tugʻilgan sanasi aniq boʻlmagani kabi, vafoti toʻgʻrisida ham maʼlumotlar turlicha. Dovudiy oʻzining “Tobaqotul mufassiriyn” asarida Abu Lays Samarqandiy 393 hijriy yilning 11 jumodul avval tunida vafot etgan degan [6:515]. “Tabaqotus saniyya fi tarojim al-hanafiyya” asarida esa 383-yilning 3 sanasida deyilgan. “Tojut tarojim”da esa 375 hijriy yil qayd etilgan.
“Javahirul maziya”da 373-yilning 3 kuni deyilgan. “Kashfuz zunun”da Hoji Xalifa Abu Lays 376 yoki 383 yoki 393 hijriy yillarning birida vafot etganini aytadi.. “Tarix at-turos al-arobiy”da uning vafoti 373-yil ekani, 375 va 393 degan soʻzlar ham borligi keltiriladi [8:43].
“Al-ansob” asari muallifi Abu Said Abdulkarim Samʼoniy (1113–1167) alloma haqida birinchi boʻlib maʼlumot bergan. Uning yozishicha, “Abu Lays Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim Tuziy Abu Hanifa mazhabidagi faqihlardan hisoblangan. Bahs-munozarada mashhur boʻlgan. Samarqandda yashagan va shu yerda vafot etgan. Ustozi Abu Ibrohim Termiziy boʻlib, undan hadis rivoyat qilgan. Shogirdi Muhammad ibn Muhammad ibn Said Samarqandiy Navoiy boʻlgan”.
Alloma hayoti va ilmiy faoliyati haqida koʻplab olimlar oʻz asarlarida maʼlumot bergan [9:544].
Abu Lays Samarqandiy yozgan asarlar Andalusiyadan Indoneziyagacha keng tarqalib, asrlar davomida moʻmin-musulmonlarning tafsir, aqida, hadis, fiqh borasidagi ilmining yanada yuksalishiga, eng muhimi, hanafiy mazhabining keng tarqalishiga xizmat qilgan.
Abu Lays Samarqandiy dastlabki bilimni otasi Muhammad ibn Ibrohim Tuziydan oʻrganadi. Muhammad ibn Ibrohim Tuziy zamonasining faqih ulamolaridan boʻlgan.
Abu Lays Samarqandiyning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari boʻlib, koʻpchiligining silsilasi Imomi Aʼzam Noʻmon ibn Sobit Abu Hanifa (699–767), Abu Yusuf (731–798) va Muhammad ibn Hasanga (749–805) borib taqaladi.
Alloma koʻplab asarlar yozgan. Xususan, tafsir borasida “Bahrul ulum” (Ilmlar dengizi) nomli uch jildli kitob yozgan. Fiqh borasida “Xizonatul fiqh” (Fiqh xazinasi) “Uyunul masoil”, (Masalalar sarchashmasi), “Muqaddima Abu Lays fis-solat”, (Namoz muqaddimasi), “An-navozil fil fatovo” (Fatvolar haqida kitob), “Taʼsis an-nazoir al-fiqhiya”, “Al-Mabsut fi furuʼil fiqh al-hanafiy”, “An-Navodirul muqayyida” (Fiqhning nozik masalalari haqida), “Sharh al-jomiʼul kabir” va “Sharh al-jomeʼus sagʻir”. (Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniy kitoblariga sharh yozgan), “Muqaddima fi bayoni al-kaboir vas-sagʻoir”, “Fatovo Abu Lays” kabi asarlarni yozgan.
Aqoid borasida ham “Kitob muxtalif ar-rivoya” (Turli rivoyatlar haqida kitob), “Kitob bayon aqoid al-usul” (Din asoslari qoidalari bayoni kitobi), “Kitob asror al-vahiy” (Vahiy sirlari kitobi) kabi asarlarni taʼlif etgan.
Olimning 30 ga yaqin asari bizgacha yetib kelgan.
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan maʼlum boʻladiki, Abu Lays Samarqandiy tafsir, hadis, aqida, tibbiyot, falsafa va tarix sohalaridan koʻra koʻproq islom huquqshunosligiga oid asarlar yozgan.
Allomaning fiqhga oid 11 ta asari bor. Shu bois Abu Lays Samarqandiy nomiga “Al-faqih”, yaʼni tengi yoʻq faqih laqabi qoʻshib aytiladi. Laqabdagi “al” artikli uning fiqh borasida zamondoshlaridan hech kim tenglasha olmaydigan darajaga erishganiga dalolat qiladi.
Abu Lays Samarqandiyning biz oʻrganayotgan “Uyun al-masoil” asari islom huquqshunosligida hanafiy mazhabi asosida yozilgan muhim manba boʻlib, 230 sahifadan iborat. Asarda islom shariatining asosiy arkonlari, hukmlar, qoidalar, muomalalar bayon etilgan.
Barcha fiqh kitoblarida boʻlgani kabi alloma Abu Lays Samarqanday ham “Uyunul masoil” asarini tahorat bobi bilan boshlab, namoz, roʻza, zakot, haj, nikoh, taloq, savdo, qasam, kafforat va muomalalar boblarini ham keltiradi.
Bu asarning ahamiyati shundaki, unda islom huquqshunosligiga oid mavzular aniq, loʻnda va tushunarli tarzda keltirilgan. Shu bilan birga, asarda har bir mavzu boʻyicha Movarounnahrga xos fatvolar ham bayon etilgan. Bu esa, asarning qiymatini yanada oshirgan.
Ayni paytda ushbu asar oʻzbek tiliga tarjima qilinmoqda.
“Uyunul masoil” asari oʻzbek tiliga tarjima qilingach, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi oʻrta maxsus islom taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun muhim qoʻllanma va darslik boʻlishi mumkin.
-
Abdullayev A. Abu Lays Samarqandiy. – T.: TIU, 2011. – B.6-7.
-
An-Naʼym. –T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2003, –B.766.
-
Zirikliy X. Al-aʼlom. J. 8. – Bayrut: Dorul-ilm li-l-malayin, 2002. – B.27.
-
Maʼluf L. Al-Munjid fil lugʻa. – Bayrut: Dorul mashriq, 1986. – B.741.
-
Samarqandiy Abu Lays. Uyunul masoil. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1998. – B.7.
-
Samʼoniy A. Al-ansob. – Bayrut. Doru-l-fikr, 1998. – B.515.
-
Uvatov U. Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti / Abul Lays Samarqandiy. – T.: Maʼnaviyat, 2010 – B.79-80.
-
Xalifa H. Kashf az-zunun. An asom al-kutub va al-funun: – Istanbul: 1360-62/1941-43.
-
Qurashiy A. Al-Javahir al-maziyya fi tobaqot al-hanafiyya. – Hindiston: Dairot al-maorif an-nizomiya. J. 3. –B.544.
-
İslam ansiklopedisi. – İstanbul: 1988. Cilt 36. –S.473.
-
Sezgin F. GAS, I. –S.445–450.
-
https://uza.uz/uz/posts/ozbekiston-respublikasi-prezidenti-shavkat- mirziyoevning-oliy-mazhlisga- murozhaatnomasi_198650.
-
https://ru.wikipedia.org/wiki.
-
https://ar.wikipedia.org/wiki.