Mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan Saudiya Arabistoni Podshohligi Shoʻro kengashining “Saudiya-Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik qoʻmitasi raisi Muhammad ibn Abdulaziz Jarba boshchiligidagi delegatsiya 2-iyul kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev kutib olib, muassasa faoliyati, muzey va kutubxona ishi bilan tanishtirdi.
Suhbat davomida delegatsiya aʼzolariga Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, diniy bagʻrikenglik, ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada barqarorlashtirish borasidagi ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning ulkan ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish, islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlar rivojida tutgan oʻrnini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan tadqiq etish kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
– Yurtingiz zaminidan yetishib chiqqan ulugʻ allomalarning hadis va kalom ilmi, tibbiyot, matematika, astronomiya, falsafa, tarix, geografiya, tilshunoslik kabi fanlar rivojiga qoʻshgan hissasi bizda yuksak qadrlanadi, – dedi Muhammad ibn Abdulaziz Jarba. – Oʻzbekistonga safarimiz davomida bu yerda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar qatorida islomning asl mohiyatini jamoatchilikka yetkazish borasida qilinayotgan ishlar ham bizda yorqin taassurot qoldirdi. Istiqbolda ilmiy muassasalarimizning ushbu Markaz bilan hamkorligi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp tomonlama munosabatlarga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.