Home / FOTO LAVHALAR / Imom Buxoriy merosi – Forum qatnashchilari eʼtiborida

Imom Buxoriy merosi – Forum qatnashchilari eʼtiborida

Xabar berilganidek, Samarqand shahrida Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Yoshlar forumi oʻtkazilmoqda. Unda tashkilotga aʼzo 18 davlatning yoshlar siyosatiga masʼul vazirlik va idoralaridan rahbarlar va xodimlar, yoshlar jamoat tashkilotlari vakillari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, turli maqomdagi delegatsiyalar qatnashmoqda.

Forumda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov «Gender jihatlarini hisobga olgan holda, zamonaviy bilim va kasblarni egallashi uchun sharoit yaratish orqali yoshlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish» shoʻbasida ish olib borib, «Imom Buxoriy ilmiy merosida shaxs ijtimoiy tarbiyasi asoslari» mavzusida maʼruza qildi.

Yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kamol toptirish uchun ijodiy muhitni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy taraqqiyot, taʼlim va mehnatni muhofaza qilish, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni asrash asosiy maqsadlaridan boʻlgan anjuman ishtirokchilarida maʼruza katta qiziqish uygʻotdi.

Forum ishtirokchilari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurib, muzey va kutubxona faoliyati bilan tanishdi.

Markaz kutubxonasida bir necha davlatlar delegatsiyalari vakillari bilan muloqot oʻtkazildi. Unda mehmonlar mamlakatimizda islom maʼrifatini yanada yuksaltirish, odamlarning diniy savodxonligini oshirish yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlar diniy-maʼrifiy sohada chinakam yuksalish jarayonini boshlab berganini taʼkidlab, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kabi ilmiy muassasalar esa islom dini rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ allomalarning bebaho ilmiy merosini, islomning asl mohiyatini tarannum etuvchi beqiyos asarlarini yanada chuqurroq oʻrganish, nashr etish va ommalashtirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqqanini eʼtirof etdi. Muloqotda, shuningdek, oʻzaro hamkorlik oʻrnatish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

 

Shu bilan IHT yoshlarining anjumani oʻz ishini yakunladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Axborot siyosati masʼullari sharaflandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati …