Home / MAQOLALAR / XVIII-XIX ASRLARDA XORAZMDA FAOLIYAT OLIB BORGAN TABIBLAR

XVIII-XIX ASRLARDA XORAZMDA FAOLIYAT OLIB BORGAN TABIBLAR

Xiva xoni Abulgʻozixon ibn Arab Muhammadxon Xorazmiyning (1603-1664) oʻzbek tilida yozilgan “Manofiʼul inson” (“Inson uchun foydali dorilar”)[1] nomli asari tibbiyot olamida mashhurdir.

Biz oʻrganayotgan davr (XVIII-XIX asrlar)da Xorazm (yoki ushbu hudud bilan bogʻliq tarz)da faoliyat olib borgan tabiblardan Jaʼfar xoja Hazoraspiy, Islom shayx Karruxiy, Mirzo Junaydulloh Hoziq, Muhammad Amin ibn mullo Muhammad Zohir xoja Husayniy Xorazmiy, Ahmad Tabibiy kabi tib olimlari faoliyati birmuncha tadqiqot talab ekanligi bilan ahamiyatlidir.

Tibbiyot sohasida asar yozgan xorazmlik olimlardan biri Jaʼfar xoja Hazoraspiy boʻlib, toʻliq ismi Jaʼfar xoja ibn Nasriddin xoja Husayniy Karvakiy Hazoraspiydir.

Jaʼfar xoja Nasriddin xoja oʻgʻli XVIII asr oxirlari – XIX asr boshlarida yashab ijod etgan. U  1823-yili tibbiyotga oid, 67 bobdan iborat     “Multaqat at-tib” (“Tibbiy maʼlumotlar toʻplami”) asarini yozgan[2]. Ustozi Sayyid Odina Muhammad[3] eshon boʻlib, Xorazm tarixida tib ilmining eng mashhur namoyandalaridan biri boʻlgan. U zotning asl nasabi Sayyid Muazzaddin Shakarlabga yetadi[4].

Jaʼfar xoja Hazoraspiy gelmintozlar (rishta); teri kasalliklari (parsha, sugal, vitiligo, furunkulez); yuqumli kasalliklar (qizilcha, suvchechak, koʻk yoʻtal va boshqalar) kabi kasalliklarning simptomlari, ularni davolash uchun  dorilarni tayyorlash va qoʻllash usullari haqida yozadi[5].

Shu davrda yashagan, asli xorazmlik Hazrat Xudoyberdi (Ollohberdi)ning oʻgʻli Muhammad Islom shayx[6] Karruxiy naqshbandiya silsilasi namoyandalaridan biri boʻlish bilan birga, tib ilmini oʻrganib, shogird va ixlosmand muridlarini ham maʼnaviy, ham jismoniy sogʻlom boʻlishi uchun  tabiblik va hakimlik ham qilgan.

“Hazrat Eshon tabib va hakim edilar. Tabiblik va hakimlik ilmini mahorat bilan oʻrganib, uning rivoji uchun har yili bir qancha mablagʻ sarf etardilar. Atrofdagi hududlardan mariz (kasal)likka uchragan har kishi, hazrat Eshon xizmatiga kelardi. U zot kasallarni xolisan davolar edilar[7], – dyeb yozadi Mirzo Junaydulloh Hoziq.  – Hirot shahzodasi Feruziddin kelib, kasalidan arz qildi. Hazrat Eshon (Islom shayx) uni xonaqohga kirishini tayinlab, bir qator vazifalarni berdilar… Shundan soʻng Feruziddin Alloh taoloning inoyati bilan shifo topdi va u zotga shogird tushib, murid boʻldi”, deb qayd etgan oʻz asarida[8].

Muhammad Islom shayx Karruxiyning farzandi Mirzo Junaydulloh Hoziq XVIII asrning ikkinchi yarmida Foryob viloyatining shimolidagi Qaysar shahrida joylashgan Xojakenti rustoqida tavallud topgan. Manbalarda “Hoziqi Qaysariy”[9], deb qayd etilgan.

Mirzo Junaydulloh Hoziq toʻgʻrisida ayrim tazkiralarda[10], Sadriddin Ayniyning “Namunai adabiyoti tochik”[11] asarida, Abdulgʻani Mirzoyev[12] kabi olimlarning tojik adabiyotiga doir darsliklarida, N.Maʼsumiyning “XVIII asr va XIX asrning birinchi yarmida tojik adabiyoti”[13] risolasida maʼlumotlar mavjud. Poʻlatjon Qayumov Mirzo Hoziqni qalandarona vaziyatda boʻlgan dilovar kishi sifatida taʼriflab, uning forsiy gʻazallaridan namunalar berib oʻtgan[14].

Subhonqul Amirqulov[15] Hoziqning “Yusuf va Zulayho” dostonini ilmiy tadqiq qilgan boʻlsa, H. Hikmatullayev[16] Mirzo Hoziqni mohir tabiblardan biri boʻlgani va tibbiyotga oid “Tahqiqul qavoid”[17] asarini yozganini taʼkidlab oʻtgan. Tibbiyot fanlari doktori A.A. Qodirov XVIII – XIX asrning birinchi yarmida Oʻzbekiston tibbiyot tarixida Mirzo Junaydulloh Hoziq muhim oʻrin egallagan[18], deya eʼtirof etadi.

Shuni taʼkidlash joizki, Ergashali Shodiyev Mirzo Hoziq hayoti va ijodiga bagʻishlab yozgan “Hoziq kulliyoti”[19], “Hoziq haqida yangi maʼlumotlar”[20] nomli maqolalarida Mirzo Hoziq hayoti va asarlarining qisqacha mazmuni, otasi Islom shayx toʻgʻrisida fikr-mulohazalar yuritgan. Mazkur tadqiqot Mirzo Hoziqning “Voqeoti islomiya” asari haqida dastlabki tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, “Oʻzbek adabiyoti tarixi”[21] nomli majmuada ham yuqoridagi tadqiqotlar umumiylikda berib oʻtilgan.

Mirzo Junaydulloh Hoziq hayoti va faoliyatini kengroq yoritish imkoni boʻlmagan. Shu sababli ham Mirzo Junaydulloh Hoziq shaxsi toʻgʻrisida deyarli bir xil maʼlumotlar uchraydi[22].

Yosh Junaydulloh arab va fors tillarini hamda sarfu nahvni ikki yil mobaynida ustozi xalifa Atoulloh Xoʻqandiydan qunt bilan oʻrgangan.

1826-yilda Xiva xoni Olloqulixon Hoziqni Xivaga taklif etadi. Hoziq bu yerda “Haqiqatni aniqlash va tekshirib koʻrish” nomli tibbiyotga doir asarini[23] yozib tugallaydi.

Mirzo Hoziq 1843-yil Kitob shahrida vafot etadi. Jasadi Mavlono Oxund mozoriga dafn etilgan[24].

XIX asrda koʻzga koʻringan tajribali, mashhur tabiblardan yana biri mullo Muhammad Amin ibn mullo Muhammad Zohir xoja Husayniy Xorazmiydir.   Shuningdek, u mohir tarjimon ham boʻlgan. Oʻz zamonasining koʻzga koʻringan tabiblaridan biri Yusuf ibn Muhammad ibn Yusuf Hiraviy (tabib “Yusufiy”)ning (vafoti 1514-yil)   “Yusuf tibbiyoti” nomli asarini 1299/1882-yilda oʻzbek tiliga tarjima qilgan[25].

Xiva xoni Muhammad Rahimxon II ni tabibi boʻlgan Ahmad Tabibiy 1869-yil   Xivaning mashhur tabiblaridan biri Ali Muhammad tabib xonadonida tavallud topgan. Otasi oʻgʻliga fors, arab tillarini chuqur oʻzlashtirishiga rahnamolik qilish bilan bir qatorda tabiblikni ham oʻrgatadi. Shuning uchun ham Ahmad oʻziga keyinchalik “Tabibiy” taxallusini tanlaydi.

Shoir va tabib ilm-maʼrifat, ijod ahli orasida katta hurmatga ega boʻladi, xon eʼtiborini qozonadi, tabib sifatida kishilar dardiga hamisha davo izlaydi[26].

XVIII-XIX asrlarda Xorazmda faoliyat olib borgan tabiblar hayoti va faoliyatini oʻrganish, tibbiyot sohasi rivojiga munosib hissa qoʻshib, tib ilmining zabardast namoyandalari tarixini yanada oydinlashtiradi.

 
[1] Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti (bundan keyin OʻzR FA SHI). Qoʻlyozma. Inv № 4107 raqam ostida saqlanmoqda.
[2] OʻzR FA SHI. Qoʻlyozma. Inv № 3336.
[3] Jaʼfar xojaning ustozi Sayyid Odina Muhammad ibn Sayyid Muzaffar Aʼlo Xorazmiy Hazoraspiy – Sayyid Odina eshon nomi bilan mashhur boʻlgan. “Miftoh ul-asror”, “Risolai Odina Eshon” va “Sharhi kalimoti baʼzi ahli suluk” (“Baʼzi suluk ahlining soʻzlariga sharh”) nomli asarlari mavjud. Bu haqda qarang: Latifjon Hoji Bahouddin oʻgʻli. Xorazmlik maʼrifat sohibi. T.: Zar qalam, 2003. – B. 60.
[4] OʻzR FA SHI. Qoʻlyozma. Inv № 3336. Jaʼfarxoja. Multaqat at-tib. Qoʻlyozma, oʻzbekcha. Kitobning 165b-167a varaqlarida muallif oʻz shajarasini berib oʻtgan.
[5] Rustamova X.Ye., Stojarova N.K., Nurmamatova Q.Ch., Abdurashidova Sh.A. Tibbiyot tarixi. –T.: 2014. – B. 87.
[6] Mirzo Meʼrojiddin. Soʻfi Ollohyor va Islom shayx tarixi. –T.: MASHHUR-PRESS, 2017. – B. 76-70.
[7] Mirzo Junaydulloh Hoziq. Voqeoti Islomiya. Qoʻlyozma. Forscha. OʻzR FA SHI H.Sulaymonov fondi. Inv № 3021. 31-a varaq.
[8] Mirzo Meʼrojiddin. Soʻfi Ollohyor va Islom shayx tarixi. – T.: MASHHUR-PRESS, 2017. – B. 59.
[9] Sayid Muhammad Alem Labib // Namoyandagoni barjasti havzai adabii Balx dar sadai XIX // (S.Ayniy nomidagi Tojikiston davlat Pedagogika Universiteti) Vestnik Pedagogicheskogo Universiteta. – Dushanbe, 2015. № 3 (64). – S. 156-157.
[10]Mullo Abdulmutallib xoʻja. Tazkirai Abdulmutallib xoʻja Fahmiy. Qoʻlyozma. 1277/1860. OʻzR FA SHI. Inv № 2331/III, 299 sahifa.
[11] Sadriddin Ayniy. Namunai adabiyoti tojik. – Moskva, 1926. – B. 257-261.
[12] Abdulgʻani Mirzayev. Adabiyot. – Dushanbe, 1948. – B. 141-145.
[13] Maʼsumy N. Adabiyoti tochik dar asri XVIII va nimai avvali asri XIX. – Dushanbe, 1962.
[14] Qayumov P. Xoʻqand tarixi va uning adabiyoti. – T.: Tamaddun, 2011. – B. 36-40.
[15] Subhonqul Amirqulov. Chunaydullo Hoziq va dostoni oʻ “Yusuf va Zulayxo”. – Dushanbe: Irfon, 1967.
[16] Hikmatullayev H. Shoir Hoziqning tibbiy asarlari va tabibligi haqida // “Oʻzbek tili va adabiyoti”, 1969 yil 5-son. – B. 51; Sharq tabobati. – Toshkent, 1994. – B. 99-102.
[17] “Tahqiqul qavoid” asari Umar Chagminiyning “Sharhi qonuncha”siga yozilgan sharh hisoblanadi. Asarning uchta qoʻlyozma nusxasi mavjud boʻlib, ular ToshDSHI SHQM fondida №1306, 6794, 710 – raqamlar ostida saqlanmoqda.  
[18] Qodirov A.A. Istoriya meditsinы Uzbekistana. – T.: Ibn Sino, 1994. – Str. 132-133.
[19] Ushbu asar muallifga Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi ushbu avlod vakillari xonadonidan yetganligi haqida maʼlumotlar bor. Qarang.: Shodiyev E. Hoziq kulliyoti // “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnali, 1971-yil 2-soni.
[20] Shodiyev E. Hoziq xaqida yangi maʼlumotlar // “Oʻzbek tili va adabiyoti” jurnali, 1972-yil 1-soni.
[21] Oʻzbek adabiyoti tarixi. IV tom. –T.: Fan, 1978. – B. 204-215.
[22] Nosir Muhammad. Nasaf va Kesh allomalari. – T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2006. – B. 89-90; Ismat Sanayev. Nodim Ziyovuddiniy. –Samarqand: Zarafshon, 1995. – B. 5-6; Gʻafur Gʻulom. Unitilmas kishilar // Qizil Oʻzbekiston. –Toshkent, 1949. 8-iyun; Qayumov A. Qoʻqon adabiy muhiti. – Toshkent, 1961; Ismat Sanayev. Tahqir taʼqibidagi taqdirlar. – Samarqand. Zarafshon, 2001. – B. 10-14; XIX asrning ikkinchi yarmi va  XX asrning boshlarida Zarfshon vodiysi adabiy muhiti. – T.: Tafakkur, 2009; Umid Bekmuhammad. Saroyga sigʻmagan tabib // “Zarafshon” gazetasi, 2007-yil 7-iyul.
[23] Umid Bekmuhammad. Saroyga sigʻmagan tabib // «Zarafshon» gazetasi. 2007-y. 7-iyul. 2 sahifa.
[24] (Hoji) Ahadqul Berdiyev. Haqiqatga sadqa bosh. – Toshkent, 2005. – B. 16-26.
[25] OʻzR FA SHI. Qoʻlyozma. Inv № 8391. SVR, VII-tom. № 5448 (8391).
[26] 1968-yil F. Gʻanixoʻjayev «Tabibiyning hayoti va ijodiy merosi» mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Bu haqda qarang: B. Qosimov, Sh. Yusupov, U. Dolimov. Sh. Rizayev. S. Ahmedov. Milliy uygʻonish davri adabiyoti. – T.: Maʼnaviyat nashriyoti, 2004. – B. 55-56. www.ziyouz.com kutubxonasi.
Mehrojiddin Amonov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
 
Hafizulloh Boyqobilov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

YANGI OʻZBEKISTONDA DINIY BAGʻRIKENGLIKNI TAʼMINLASH – DAVLAT SIYOSATINING AJRALMAS QISMI

Dinlararo bagʻrikenglik gʻoyasi xilma-xil diniy eʼtiqodga ega boʻlgan kishilarning bir zamin, bir Vatanda, ezgu gʻoya …