Home / MAQOLALAR / ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (2-qism)

ISLOMDA TAVFIQ MASALASI (2-qism)

Tavfiqning tavsifi haqida soʻzimizni davom ettirar ekanmiz, gunoh va yomon ishlardan saqlanish ham Alloh tavfiq berganidan ekanini unutmasligimiz zarur.

  1. Inson oʻzini gunohlardan saqlashi yoki bunday ishlarga qoʻl urganda qilgan ishi uchun Yaratgan zotdan magʻfirat soʻrab tavba qilishi ham uning omadli ekani belgisidir. Zero, Alloh taolo bandasining shirkdan boshqa gunohlarini kechirishi toʻgʻrisida vaʼdasi bor. “Bir kishi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan: Eng katta gunoh nima? deb soʻradi. Rasululloh: (Ilohlikda) Alloh taologa boshqani teng koʻrmoqliging, holbuki U seni yaratgan edi”, deb javob berdilar.

Alloh taolo kimga gunohu maʼsiyat va fahsh ishlardan yiroq boʻlib, solih insonlar bilan aralashib yashash imkonini bergan boʻlsa, bu ham uning omadli ekani alomatidir. Yusuf surasining 24-oyatida Alloh taolo: “…. Undan (Yusufdan) yomonlik va buzuqlikni chetlatish uchun mana shunday qildik (yaʼni, uni Oʻz hifzu himoyamizda asradik). Zero, u pokiza bandalarimizdandir”, deb marhamat qilgan. Bu bilan Yaratgan zot yomon va buzuq ishlardan saqlanish uchun bandaga Oʻzining himoyasi zarur ekanini uqtiradi. Shuningdek, insonlar duoda buni Oʻzidan soʻrashni unutmasligi lozim ekanini taʼkidlagan.

Alloh taolo Niso surasining 27-oyatida: “Alloh tavbalaringizni qabul qilishni istaydi, hoyu havasga berilgan kimsalar esa (haq yoʻldan) butunlay ogʻib ketishingizni istaydilar”, deb inson gunoh qilib qoʻyganda, rahmatidan benasib qoldirmaslik uchun unga tavba eshiklarini ochdi. Bandaning xato va gunohlarini tan olib, chin ixlos bilan tavba qilishi va bunday nomaqbul yoʻldan qaytishi ham uning omadli ekaniga bir ishoradir.

  1. Insonni behuda narsalar va foydasiz ishlardan oʻzini yiroq tutishi ham unga berilgan tavfiq – omadning bir alomatidir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kishi islomining chiroyli boʻlgani dalili uni behuda, foydasiz narsalarni tark etganidir,”[1] Bu bilan u zot islom diniga kirgan kishi behuda gap-soʻzlar, dunyo, oxirati, oʻzi va atrofidagilar uchun foydasiz ishlardan chetlashishi lozim ekanini uqtiradilar.
  2. Tavfiq – omadning yana bir alomati kishining insonlar hojatini chiqarib yashashidir. Insonning boshqalarga yaxshilik qilib, ularni xursand qilishi yoki yaxshilikni ravo koʻrib yashashi ham uning saodatli ekaniga dalolatdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda: “Alloh taologa insonlarning eng mahbubrogʻi, odamlarga manfaatlirogʻidir”[2],
  3. Kishining Alloh taolo kalomini oʻqiy olishi va uni boshqalarga taʼlim berishi ham uning hayotda omadi chopganini bildiradi. Zero, Paygʻambar sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz Qurʼonni oʻrganadigan va oʻrgatadiganlaringizdir,”[3] deb marhamat qilganlar.
  4. Kishining chiroyli xulq va moʻminlarga muhabbatli qalbga ega boʻlib, saxovatli ishlarga boshqarilishi ham uning saodatmand, tavfiqli inson ekaniga dalolatdir. Inson olimligi bilan qadr topmasligi, maqsad qilgan darajaga yeta olmasligi mumkin, ammo chiroyli xulqi bunga bilan erishadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning yaxshilaringiz, xulqi chiroyli boʻlganlaringizdir”,[4] deb chiroyli xulq sohiblarini ummatning eng yaxshilari qatoriga qoʻshdilar. Shuningdek, qiyomat kunida chiroyli xulqdan koʻra ogʻirroq amal boʻlmasligi haqida ham bir qator hadislar kelgan.[5]
  5. Kishini oʻz ahli oilasi bilan yaxshi munosabatda boʻlishi, tinch-xotirjam yashashi ham unga berilgan tavfiq sababidandir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarni yaxshilaringiz ahli oilasiga yaxshi munosabatda boʻlganlaringizdir va men ahli oilamga yaxshilik qilishda sizlarning eng yaxshirogʻingizman”,[6]

Shuningdek, yana bir hadislarida: “Kim oilasi tinch, tani sogʻ va bir kunlik taomi bor holda tong ottirsa, unga goʻyo dunyo toʻligʻicha berilibdi”,[7] deganlar.

Demak, kishining tani sogʻ, oilasi tinch, oʻzaro munosabatlar yaxshi, xonadoni osoyishta, roʻzgʻoriga yetarli miqdorda kunlik ozuqasi boʻlishining oʻzi ham unga berilgan katta omad ekan.

Yuqorida Alloh taolo tomonidan bandaga berilgan omad –tavfiqning baʼzi alomatlari haqida maʼlumot berildi. Aytib oʻtilganlarga, avvalo, oʻzimizning amal qilishimizga tavfiq berishini soʻraymiz! Inson kechayu kunduz Yaratgan zotdan oʻzi va ahli oilasi, jumla moʻmin-musulmonlarni mana shu tavfiq sari boshqarishini soʻrashi lozim. Har bir musulmon Alloh taolodan shunday baxtli bandalar qatorida boʻlish uchun tavfiq soʻrashi va unga intilishi lozim.

[1] Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziy.  Sunanu Termiziy. Daru ihyout turos. 5-juz, 2317-hadis. – Bayrut.
[2]  Abdulazim ibn Abdulqoviy Munziriy. At-Targʻib va at-tarhib minal hadis vas sunnati. Sunanu Termiziy. Daru kutubul ilmiya. 43583-hadis. – Bayrut.
[3]  Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziy.  Sunanu Termiziy. Daru ihyout turos. 5-juz, 2002, 2003-hadislar. – Bayrut.
[4] Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Al-Jomeʼ as-Sahih al-muxtasar.  Daru ibn Kasir.  –Bayrut, 1987.
[5] Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziy.  Sunanu Termiziy. Daru ihyout turos. 5-juz, 2908-hadis. – Bayrut.
[6] Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziy. Sunanu Termiziy. Daru ihyout turos. 2-juz, 1977-hadis. –Bayrut.
[7] Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziy.  Sunanu Termiziy. Daru ihyout turos. 2-juz, 2436-hadis. –Bayrut.
NODIR Qobilov
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …