Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat ong, dunyoqarash, maʼnaviy kamolot, axloqiy yetuklik nuqtayi nazaridan raqamlashgan dunyo bilan tenglasha olmayapti. Masalaga tasavvuf taʼlimotining eng taraqqiy etgan davri – X-XII asrlar prizmasidan qaraladigan boʻlsa, insoniyat kelajagi maʼnaviy qashshoqlik, fikrsizlik, axloqiy tubanlik, nigilizm, genotsid kabi xatarli natija bilan yakunlanishi mumkin. Buning oldini olish uchun ilm, axloq va maʼnaviyatni uygʻunlashtirgan tasavvuf olamini yangidan kashf etish bugungi kun zaruratidir. Zero, tasavvufda insonga muhabbat, hayotga tashnalik, qalb goʻzalligi, axloqiy kamolot, pok ishq, maʼrifat, futuvvat va javonmardlik kabi olijanoblik, vafo va sadoqat kabi maʼnaviy qadriyatlar mujassam.
Tasavvuf yaxlit dunyoqarash boʻlib, diniy tamoyillar dunyoviylikni, dunyoviy tamoyillar diniylikni inkor etmaydi, aksincha, moddiylik va ilohiylik, dunyoviylik oxirat bilan chambarchas bogʻliq, hadisga tayangan holda, dunyoni “oxiratning ekinzori” deb talqin etadi.
Istiqlol tufayli mamlakatimizda barcha sohalar kabi ilm-fanda ham tubdan oʻzgarish davri boshlandi. Bu falsafa tarixi, shuningdek, tasavvuf taʼlimotini yangicha ruh va aspektlarda tadqiq etish imkonini berdi. Tasavvuf taʼlimoti haqida yozish ham diniy, ham dunyoviy bilimlarni puxta egallash, aqliy-nazariy mushohadakorlik hamda hissiy-obrazli tafakkurni talab etadi. Tasavvufni anglamasdan turib, milliy maʼnaviyat tarixi, Sharq falsafasi, adabiyoti va madaniyatini mukammal oʻrganib boʻlmaydi. Bu borada ilk qadam tashlagan tasavvufshunos olim va tarjimon, filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilov[1] boʻldi.
Najmiddin Komilovning Sharq xalqlari maʼnaviyati tarixida chuqur iz qoldirgan diniy-falsafiy taʼlimot haqidagi tadqiqotlarida tasavvufning paydo boʻlishi, tadrijiy rivoji, asosiy jihatlari yoritilgan[4:272]. Olim tarjima nazariyasi, qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjima tarixining nazariy masalalarini tahlil etishda yuksak professional salohiyat namunasini koʻrsatgan. Ustoz matnshunoslik va adabiy janrlar taraqqiyoti bilan bogʻliq masalalarni falsafiy talqin qilib, tasavvuf tarixi, asosiy yoʻnalishlari, tariqat, shariat, haqiqat istilohlarining mazmunini sodda tilda tushuntirib bergan. Najmiddin Komilov tadqiqotlarida Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Ibn Arabiy, Aziziddin Nasafiy, Bahouddin Naqshband Mashrab kabi mutasavviflar ilgari surgan gʻoyalar mazmun-mohiyatini ochib bergan.
Olim Sharq mumtoz adabiyoti bilan zamonaviylikni uygʻunlashtirgan ilohiyot, arab, fors tillari va adabiyotini asl holida sharhlab bera olgan [3]. Falsafa va badiiy ijod uygʻunligi aks etgan “Ibn Sino va Dante” asarida Sharq va Gʻarbning adabiy aloqalarini davrlashtirgan.
Ustoz N.Komilovning tarjimashunoslikdagi oʻziga xos mahorati Farididdin Attorning “Ilohiynoma”, Sulton Valadning “Maorif”, Aziziddin Nasafiyning “Zubdat ul-haqoyiq” va Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy”[8] kabi asarlar tarjimasida yaqqol namoyon boʻlgan.
Aziziddin Nasafiy komil insonga taʼrif berib, unda toʻrt fazilat, yaʼni yaxshi soʻz, yaxshi feʼl, yaxshi axloq va maʼrifat[1:5] mujassam boʻlishini aytgan. Olim asarlarida aks etgan poklik, toʻgʻrilik aslida ustoz siyratida jilvalanib, kitobxonlar koʻnglini nurga toʻldirgan.
Ustoz Najmiddin Komilovning tasavvuf falsafasiga doir nuqtayi nazari ham diqqatga sazovorki, tasavvuf, bir tomondan diniy, ikkinchi tomondan, falsafiy-irfoniy qarashlardan oziqlangan oʻziga xos taʼlimot va axloqiy tamoyillar majmuidir. U inson ruhiyati erki, inson ichki olami, hislari parvozini ifodalab, Sharq falsafiy tafakkuridan muhim oʻrin egallagan, maʼnaviyatimizni boyitishda ulkan hissa boʻlib qoʻshilgan ezgu gʻoyalar, najib hikmatlar silsilasidir[5:250].
Ustoz eʼtirof etganidek, tasavvufni sheʼr bilan bayon etish – falsafani, ilohiyotshunoslikni sheʼrga solish demak. Shu bois, tasavvufiy adabiyotni tom maʼnodagi falsafiy adabiyot deyish oʻrinli. Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Ibn Arabiy, Abdurahmon Jomiy, Mirzo Abdulqodir Bedil Sharqning buyuk faylasuflaridir. Lekin ularning barcha irfoniy asarlari nazmda bitilgan.
Irfoniy asarlarni ikki qismga ajratish mumkin: bir qismida tasavvuf taʼlimoti sufiyona istilohlar orqali bayon etilgan boʻlib, Abdulmajid Sanoiyning “Hadiqat ul-haqoyiq”, Mahmud Shabustariyning “Gulshani roz”, Bedilning “Muhitul aʼzam”, Sayyid Qosimiyning “Haqiqatnoma”, Soʻfi Ollohyorning “Sabotul ojizin”, Bobojon Sanoiyning “Kanzul maorif” kabi asarlarida mujassam. Bu asarlar asrlar osha madrasalarda darslik sifatida oʻqitilgan.
Ikkinchi qism adabiyotlarda tasavvufga doir qarashlar kechinma, hayajon, vajd, ilohiy ishq tarannumi orifona timsollar, ramzlar va majozlar orqali ifodalangan. Abulmajid Sanoiyning “Sayrul ibod”, Farididdin Attorning “Ilohiynoma”, “Bulbulnoma”, “Ushturnoma”, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi maʼnaviy”, Xusrav Dehlaviyning “Matlaʼul anvor”, Alisher Navoiyning “Hayratul abror”, “Lisonut tayr” kabi asarlari tasavvufning badiiy interpretatsiyasidir.
Ustoz Najmiddin Komilov tasavvuf gʻoyalarining jamiyat hayotidagi oʻrniga jiddiy eʼtibor qaratib, u maʼnaviyatning oʻzak-negiz ekani, islom mohiyati va maʼrifatini anglash, bir yarim ming yillik madaniyat tarixi bebaho qadriyatlarini oʻrganish uchun “kalit” boʻlishini alohida taʼkidlagan.
Olim Oʻzbekistonda tasavvufshunoslik maktabini yaratib, ilm-fan, adabiyot, tasavvuf taʼlimoti rivojiga katta hissa qoʻshgan. Adabiyot, falsafa, tarix, manbashunoslik kabi yoʻnalishlarda yuzdan ortiq shogirdlar yetishtirib, ularning qalbida ilmga muhabbat uygʻotgan. Ustozning tasavvufshunoslikni falsafa yoʻnalishi boʻyicha shogirdlari falsafa fanlari doktorlari J.Xolmoʻminov[6] hamda Z.Isaqova[2] lardir.
Najmiddin Komilov tasavvufga doir har bir ilmiy tadqiqot ishining birinchi taqrizchisi boʻlgan. Keyingi yillarda Sharq falsafasi, tasavvuf va uning oʻziga xos xususiyatlarini oʻrganish boʻyicha koʻplab tadqiqotlar amalga oshirildi. Bu kabi tadqiqotlar hozir ham davom etmoqda.
Izdoshlik anʼanalari haqida soʻz ketganda, taniqli faylasuf olim, falsafa fanlari doktori Jaʼfar Xolmoʻminovning ilmiy-ijodiy faoliyati maqtovga sazovor. Olim jahon dinlari tarixi, rivojlanish bosqichlari evolyutsiyasi jarayonida ularning gʻoyaviy asoslarini tasavvuf falsafasi kesimida qiyosiy tahlil etgan. J.Xolmoʻminov falsafa, qiyosiy dinshunoslik, islomshunoslik, manbashunoslik, tarix, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, psixologiya, sotsiologiya va etnologiya fanlarining tutash nuqtalarida hosil boʻlgan yangi fan – qiyosiy tasavvufshunoslikka[7:266] asos soldi. Bu tasavvuf falsafasining genezisi, evolyutsiyasi, praksiologiyasi bilan bogʻliq masalalar tadqiqini butunlay yangi oʻlchov, tanqidiy yondashuv, ilmiy mushohada va mantiqiy xulosalar asosida tizimli oʻrganish imkoniyatini kengaytiradi. Olim tasavvuf falsafasining mazmuni va mohiyatini yaxlit holda ochib bergan. Qiyosiy tasavvufshunoslik oʻz tarkibiga tasavvuf tarixi, manbashunosligi, terminologiyasi, falsafasi, tasavvuf falsafasi germenevtikasi, tasavvuf adabiyoti va tasavvuf adabiyoti germenevtikasini qamrab olgan. Fikrimizcha, bu tarkibiy qismlar tasavvuf teologiyasi, etikasi, estetikasi, sotsiologiyasi, aksiologiyasi, psixologiyasi va qiyosiy tasavvufshunoslikka doir tadqiqotlarning yangi pogʻonaga koʻtarilishini taʼminlaydi. Olim tasavvufning nazariy asosi Qurʼoni karim va hadisi sharif, din peshvolari va ulamolarining gʻoyalari boʻlsa, amaliy manbalari Alloh Rasulining sunnati, undan kelib chiqadigan sahobalar odobi, xatti-harakatlari, din peshvolari va ulamolari faoliyati, feʼl-atvori, yurish-turishi ekani, tasavvuf esa ana shu ikki yoʻnalishning tutashgan nuqtasi, deb haqqoniy belgilagan.
Bugungi kunda oʻzbek tasavvufshunoslarining zimmasida qanday vazifalar turibdi?
Birinchidan, olimning tasavvufshunoslikdagi anʼanalarini davom ettirish, ustoz shaxsining ibratli tomonlarini tadqiq etish va yosh tadqiqotchilar, talabalar oʻrtasida keng targʻib etish dolzarb vazifa hisoblanadi. Shuningdek, Oʻzbekistonda tasavvuf universiteti hamda Najmiddin Komilov maktabi tashkil etilishi maqsadga muvofiq.
Ikkinchidan, tasavvufiy-irfoniy asarlarni tushunish, tushuntirish va targʻib etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Maʼnaviyati yuksalgan jamiyatning kelajagi farovon boʻladi. Maʼnaviyat yuksalishi uchun oriflar hayoti, hikmatli soʻzlari, faoliyati, asarlaridan bahramand boʻlish, insoniylik qiyofasini saqlab qolish, odamiylik va saxovatpeshalik fazilatlarini namoyon etish, komillik sari intilish zarur. Buning uchun moddiylik va maʼnaviyat uygʻun boʻlishi lozim. Maʼnaviyat va kamolot haqidagi hikmatlar qorni och odamning qulogʻiga “non” deb kiradi. Xalq qorni toʻq boʻlganidan keyin kitob oʻqishga vaqt topadi, aksincha, umri bir parcha non topish uchun oʻtadigan xalqning kitob oʻqishga vaqti ham, imkoniyati ham boʻlmaydi. Adolat barqaror jamiyatda inson bir parcha nonni halol topish va vaqtini ilm olishga sarflaydi.
Uchinchidan, tasavvuf Sharq mentalligi va maʼnaviyati bilan chambarchas bogʻliq. Tasavvufga yaqinlashish uchun uni sevish, tasavvufga doir asarlarni oʻqish lozim. Bu oʻz navbatida, oʻquvchidan til oʻrganishni, mukammal izohli lugʻatlar bilan ishlash koʻnikmasiga ega boʻlishni, tafakkur tarzi, dunyoqarashi keng boʻlishni talab etadi. Buning uchun tasavvufga doir keng koʻlamli tadqiqotlarni koʻpaytirish, mukammal izohli lugʻatlar, ensiklopediyalar, tasavvufga oid asarlarning sharhli nashrlarini amalga oshirishni taqozo etadi.
Toʻrtinchidan, tasavvuf allomalari oʻz asarlarini kutubxonalarning qorongʻi xonalarida saqlanishi yoki qoʻlyozmalar fondida “oltin fond” sifatida saqlanishi uchun yozmagan. Ularning bu asarlarni yozishdan maqsadi kelajakni yanada takomillashgan va axloqiy yetuk holda koʻrish edi. Ajdodlar maʼnaviy merosi tadqiqotchi va izlanuvchilarga muhtoj. Buning uchun til bilish koʻnikmalarini kuchaytirish, tarix, falsafa, manbashunoslik, adabiy tahrir kabi mukammal bilimlarga ega boʻlish lozim. Tasavvuf maʼnaviyat bulogʻi, ustoz Najmiddin Komilov taʼbiri bilan aytganda, Xizr chashmasidir. Undan qanchalik qonib ichgan inson shunchalik maʼnaviy yuksaladi.
Xullas, tasavvuf allomalari oʻz davri uchun toʻgʻri boʻlgan oʻziga xos gʻoyalar majmuini kashf etgan. Bugunning vazifasi bu gʻoyalarni zamonga koʻr-koʻrona koʻchirish emas. Bashariyat bugun hikmatga muhtoj. Millati va dinidan qatʼi nazar, oʻz hayot yoʻli va maqsadini yoʻqotib qoʻygan har bir inson qalbining ilohiyligini anglash orqali oriflar bilimidan foydalana oladi. 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasining milliy dasturi uchun “irfoniylik va dunyoviylik” tamoyilini taʼlim muassasalariga joriy etish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni shu asosda yoʻlga qoʻyish bugunning talabidir.
- Aziziddin Nasafiy. Zubdat ul-haqoyiq / Fors-tojik tilidan N.Komilov tarjimasi. – T.: Kamalak, 1995. – B. 5.
- Isʼhoqova Z. Tasavvuf taʼlimotida oriflik va valiylik talqini. Monografiya. – T.: Abu matbuot-konsalt, 2011. – B. 296. Shayx Najmiddin Kubro. – T.: Oʻzbekiston, 2013. – B. 136.; Mashrab. – T.: Oʻzbekiston, 2015. – B. 128.; Komillik kaliti. Monografiya. – T.: Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2016. – B. 252.; Shayx Najmiddin Kubro. – T.: Oʻzbekiston, 2016. – B. 136.; Xoja Ahror Valiy. – T.: Oʻzbekiston, 2017. – B. 168.; Soʻfi Ollohyor. – T.: Oʻzbekiston, 2018. – B. 145.; Irfon falsafasi. Monografiya. – T.: Fan ziyosi, 2022.; Farididdin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asaridagi tasavvuf istilohlarining izohli lugʻati. – Namangan: 2023.
- Komilov N. Doʻstlik koʻpriklari. – T.: Fan, 1979.; Ibn Sino va Dante. – T.: 1983.; Bu qadimiy sanʼat. – T.: Fan, 1988.; Tafakkur karvonlari. – T.: Maʼnaviyat, 1999.; Najmiddin Kubro. – T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1995.; Tasavvuf. Birinchi kitob. – T.: Yozuvchi, 1996.; Tasavvuf. Ikkinchi kitob. Tavhid asrori. – T.: Gʻafur Gʻulom, 1999.; Faqr nuri porlagan qalb. – T.: 2001.; Xizr chashmasi. – T.: 2005.
- Komilov N. Tasavvuf yoxud komil inson axloqi. I kitob. – T.: Yozuvchi, 1996. – B. 272.
- Komilov N. Tasavvuf. – T.: Movarounnahr – Oʻzbekiston, 2009. – B. 250.
- Xolmoʻminov J. Jomiy va vahdatul vujud taʼlimoti (Monografiya). – T.: Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi, 2008. – B. 236.; Dschami in Europa (Jomiy Yevropada (Risola). Nemis tiliga A.Rahmonov tarjimasi). – T.: Yangi nashr, 2016. – B. 28.; Naqshbandiya taʼlimoti va Markaziy Osiyo xalqlari maʼnaviy birligi (Risola). – T.: Yangi nashr, 2018. – B. 28.; Vahdatul vujud falsafasi va Naqshbandiya taʼlimoti (Ibn al-Arabiy, Xoja Muhammad Porso, Xoja Ahror Vali va Mavlono Abdurahmon Jomiy qarashlari asosida). (Monografiya). – T.: Tafakkur, 2020. – B. 324.: Xoja Muhammad Porso Buxoriy. Hayoti va falsafiy-irfoniy merosi (Risola). – T.: Tafakkur tomchilari, 2020. – B. 44.; Qiyosiy tasavvufshunoslik. – T.: TDSHI, 2021. – B. 266.
- Xolmoʻminov J. Qiyosiy tasavvufshunoslik. – T.: TDSHI, 2021. – B. 266.
- Husayn Voiz Koshifiy. Futuvvatnomai Sultoniy yoxud javonmardlik tariqati. Fors tojik tilidan Najmiddin Komilov tarjimasi. – T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1994. – B. 112.; Komil inson haqida toʻrt risola / Fors-tojik tilidan N.Komilov tarjimasi. – T.: Maʼnaviyat, 1997. – B. 280.; Farididdin Attor. Ilohiynoma / Tarjima, talqin, tafsir muallifi N.Komilov. – T.: Yozuvchi, 1994. – B. 96.