Qashqadaryo viloyatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakillaridan iborat ishchi guruhi tomonidan Chiroqchi va Koʻkdala tumanlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, imom noiblari, mahalla imomlari va otinoyilar bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda viloyat hokimligining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha kotibiyati mutasaddi xodimlari, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning viloyat hududiy boshqarmasi va tumanlardagi bosh mutaxassislar ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda viloyatda faoliyat olib borayotgan imom noiblarining bilim va malakasini oshirish, maʼnaviy-maʼrifiy jabhadagi amaliy tadbirlarning yuksak samaradorligini taʼminlash, soha vakillari oʻz faoliyati davomida duch keladigan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralari bilan bogʻliq muhim masalalar muhokama etildi.
Soʻzga chiqqanlar yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi oʻlaroq, hamyurtlarimiz maʼrifatini yanada yuksaltirish borasida qilinayotgan xayrli ishlar hamda diniy rasm-rusumlarni emin-erkin ado etishi uchun yaratilgan munosib shart-sharoit haqida soʻz yuritib, ushbu jabha vakillari oldida turgan vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, imom-xatib va imom noiblari lavozimda farqlansada, burch va vazifalari bir xil ekani, ular oʻzining savobli, ammo oʻta nozik boʻlgan faoliyatiga masʼuliyat bilan yondashishi, sadoqat va fidoiylik bilan ishlashi, masjidlar obodligini taʼminlash va namozxonlarga namunali xizmatlarni taqdim etishda teng boʻlishi lozimligi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida botil gʻoyalarga qarshi kurashish, aholi bilan ishlash va muloqot qilishda eʼtibor qaratish lozim jihatlar borasida koʻplab amaliy taklif va tavsiyalar berildi.