Home / MAQOLALAR / “AT-TARIXUL KABIR”DA NOMLARI KELGAN SAMARQANDLIK HADIS ROVIYLARI

“AT-TARIXUL KABIR”DA NOMLARI KELGAN SAMARQANDLIK HADIS ROVIYLARI

Maʼlumki, Imom Buxoriyning “At-Taʼrixul kabir” asari hadis roviylari haqidagi ayrim maʼlumotlarni ham qamrab olgan biografik manbadir. Imom Buxoriy unga oʻzi tanigan-bilgan barcha roviylar haqidagi maʼlumotlarni kiritgan. Bular orasida Samarqandiy nisbasi bilan kelgan uch nafar roviy ham bor. Ular Ibrohim ibn Shammos Abu Isʼhoq Samarqandiy, Isʼhoq ibn Ibrohim Abu Ali Samarqandiy va Ahmad ibn Ayyub Samarqandiydir. Alloh taolo ularni oʻz rahmatiga olsin!

Mazkur roviylarning har biri, Imom Buxoriy va boshqa muhaddislar taʼbiri bilan aytganda, hadis sohasida ishonchli shaxslar boʻlgan. Ushbu maqolada ulardan Ibrohim ibn Shammos Abu Isʼhoq Samarqandiy rahimahulloh hayoti va ilmiy faoliyati haqida soʻz yuritiladi.

Imom Buxoriy: “Ibrohim ibn Shammos Abu Isʼhoq Samarqandiy. U Ibn Muborakdan uning: “Imon – soʻz va amaldir”, deganini eshitgan. Noʻmon haqida sukut saqlagan”, deb yozadi. Shuningdek, “Uning shunday deb aytganini men ham eshitganman”, deb qoʻshimcha qiladi[1]

Shaxsiy hayoti

Ibrohim ibn Shammos Samarqandiyning tavallud sanasi maʼlum emas. Manbalardan maʼlum boʻlishicha, uning Mushtamil va Atiq ismli ikki oʻgʻli, Mushtamil oʻgʻlidan Muhammad ismli nabirasi boʻlgan. Masalan, Abdulkarim Samʼoniy Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Atiq Samarqandiy Shuxnokiy haqida soʻz yuritar ekan, u Muhammad ibn Mushtamil ibn Ibrohim ibn Shammos Samarqandiydan hadis rivoyat qilganini aytadi[2]. Xuzondiy nisbasidagi olimlar haqida soʻz yuritish asnosida, u Samarqanddan bir yarim farsax[3] uzoqlikda joylashgan qishloq boʻlib, Salamaning otasi Ahmad ibn Muhammad Mitvaiy Xuzondiy Dehqon oʻsha yerlik ekanini yozadi. Soʻng u Ibrohim ibn Shammos Samarqandiyning ikki oʻgʻli – Atiq va Mushtamildan hadis rivoyat qilganini taʼkidlaydi[4]. Yoqut Hamaviy ham Ahmad ibn Muhammad Mitvaiy Xuzondiy haqida soʻz yuritayotib Ibrohim ibn Shammos Samarqandiyning Atiq ismli oʻgʻlidan hadis rivoyat qilganini yozgan[5].

Xatib Bagʻdodiyning yozishicha, Ibrohim ibn Shammos Samarqandiy boshi va gavdasi katta, badani etli, soch-soqoli qizil odam boʻlgan. U bilan hamsuhbat boʻlish maroqli kechgan. Podshohlar qabuliga kirib turgan. Koʻplab gʻazotlarda ishtirok etgan. Shijoatli va chavandoz kishi boʻlgan. U 221/836-yili Muharram oyining dushanba kuni vafot etgan va chorshanba kuni dafn qilingan[6].

Ilmiy faoliyati

Ustozlari:

Xatib Bagʻdodiy uning ustozlari haqida quyidagilarni yozgan:

“Ibrohim ibn Shammos Abu Isʼhoq Samarqandiy. Bagʻdodga kelgan. U yerda Ismoil ibn Ayyosh, Muslim ibn Xolid Zanjiy, Fuzayl ibn Iyoz, Abu Isʼhoq Fazoriy, Abdulloh ibn Muborak, Sufyon ibn Uyayna, Baqiya ibn Valid va Vakiʼ ibn Jarrohdan hadis rivoyat qilgan[7].

Hofiz Mizziy yozishicha[8], Ibrohim ibn Shammos Gʻoziy Abu Isʼhoq Samarqandiy Bagʻdodga kelib, bir muddat shu yerda yashagan. U Xatib Bagʻdodiy sanab oʻtgan olimlardan tashqari yana Jarir ibn Abdulhamid, Hafs ibn Humayd, Hafs ibn Mafsara Sanʼoniy, Abu Muoviya Abdulloh ibn Ubayd ibn Abbod Basriy, Usmon ibn Hisn ibn Abida ibn Alloq Damashqiy, Fazl ibn Muso Siynoniy, Musʼab ibn Mohon va Abu Bakr ibn Ayyoshdan ham hadis rivoyat qilgan.

Shogirdlari:

Ibrohim ibn Shammosdan Ahmad ibn Hanbal, Dovud ibn Rushayd, Abu Xaysama Zuhayr ibn Harb, Muhammad ibn Abu Attob Aʼyan, Abbos ibn Muhammad Duriy, Ahmad ibn Muloib va Ahmad ibn Ali Barbahoriy hadis rivoyat qilgan”[9]. Hofiz Mizziy uning shogirdlari safiga quyidagi ismlarni ham kiritgan: Ibrohim ibn Said Javhariy, Ibrohim ibn Abdulloh ibn Junayd Xataliy, Xolid ibn Yazid Roziy, Abu Badr ibn Abbod ibn Valid Gʻabriy, Abdulloh ibn Muhammad ibn Savra Balxiy, Abu Zurʼa Ubaydulloh ibn Abdulkarim Roziy, Usmon ibn Xurzod Antokiy, Ali ibn Hasan ibn Abu Maryam, Ali ibn Iso Marvaziy, Muhammad ibn Idris Buxoriy Mitvaiy, Muhammad ibn Husayn Burjaloniy, Abu Bakr Muhammad ibn Abu Attob Aʼyan va Abu Sariy Nasr ibn Mugʻira Buxoriy[10].

Ibrohim ibn Shammos Samarqandiyning baʼzi rivoyatlari

U Baqiya ibn Validdan, u Hakam ibn Abdullohdan, u Zuhriydan, u Said ibn Musayyibdan, u Oisha roziyallohu anhodan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Ilmim ziyoda boʻlmaydigan kunimga Alloh baraka bermasin”, degan hadislarini rivoyat qilgan.

U Ismoil ibn Ayyoshdan, u Abdurahmon ibn Ziyod ibn Anʼamdan, u Salomon ibn Omirdan, u Muslim ibn Yasordan, u Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilib, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning “Sulaymonga qanday mulk berilganidan xabaringiz bor. Ana shu mulk uning Alloh taolodan qoʻrquvini ziyoda qilgan, xolos. U Rabbidan qoʻrqqanidan osmonga tikilib qaramagan”, degan hadislarini aytib bergan.

Ibrohim ibn Shammos Fuzayl ibn Iyozdan, u Lays ibn Mujohiddan rivoyat qilib, mana bu xabarni aytib bergan: “Doʻzax ahlini qichima egallab oladi. Ular koʻp qashinganlaridan suyaklari koʻrinib qoladi. Shunda: “Ey falonchi! Ey falonchi! Ey falonchi! Bu sizlarga azob berayaptimi?” degan nido boʻladi. Ular: “Ha”, deydi. “Bu – moʻminlarga ozor berganingiz uchundir”, deb aytiladi”[11].

Abu Sariy Nasr ibn Mugʻira Buxoriy bunday degan: “Men Ibrohim ibn Shammosning: “Men odamlarning eng faqihini ham, eng taqvolisini ham, eng koʻp hadis yod olganini ham koʻrdim. Odamlarning eng faqihi – Ibn Muborak, eng taqvolisi – Fuzayl ibn Iyoz va eng koʻp hadis yod olgani – Vakiʼ ibn Jarrohdir”,  deb aytayotganini eshitdim”[12].

Dovud ibn Rushayd Ibrohim ibn Shammos Samarqandiyning bunday deb aytganini naql qilgan: “Agar orzu qilganimda, Ibn Muborakning aqli va taqvosini, Fuzaylning zuhdi va halimligini, Vakiʼning ibodati va hifzini, Iso ibn Yunusning xushusini, Husayn Joʻfiyning sabrini orzu qilgan boʻlar edim”[13].

Ibrohim ibn Shammos Samarqandiy haqida ulamolar fikri

Ahmad ibn Muhammad Marvaziy hikoya qiladi: “Abu Abdulloh, yaʼni Ahmad ibn Hanbal menga bunday dedi: “Zindondaligimda Ibrohim ibn Shammos oldimga kirdi va mendan bir hadis haqida soʻradi. Men unga bir narsalarni aytib, bahona qildim. Shunda Ibrohim: “Axir Vakiʼning huzurida biz uchun ham hadis yodlamasmiding?!” dedi”[14].

Abu Hasan Doraqutniy: “Ibrohim ibn Shammos – Samarqandiy boʻlib, siqa (ishonchli, adolati va zehni yuqori darajada boʻlgan roviy)dir”, degan.

Abu Bakr Asram bunday deydi: “Men Abu Abdulloh, yaʼni Ahmad ibn Hanbalning Ibrohim ibn Shammos Samarqandiyni tilga olib, u haqda yaxshi gaplar gapirayotgani va mana bu xabarni aytib berganini eshitdim: “Doʻstlarimizdan baʼzilari menga yozishicha, u (Ibrohim ibn Shammos Samarqandiy) yuz ming dirhamni meros qoldirib, unga turklardan asir tushganlarini sotib olishni vasiyat qilibdi. Ular ikki yuz yoki shunga yaqin qulni sotib olishibdi” [15].

Ahmad ibn Yasor ibn Ayyub bunday degan: “Ibrohim ibn Shammos Abu Isʼhoq sunnat va jamoat ahlidan boʻlgan. U ilmlarni yozib olgan, ulamolar suhbatida boʻlgan. U Abu Isʼhoq Fazoriy, Marvon ibn Muoviya, Abu Bakr ibn Ayyosh, Ibn Muborak, Vakiʼ va boshqalardan hadis rivoyat qilgan. Isʼhoq ibn Ibrohim, yaʼni Ibn Rohavayh uni nihoyatda qadrlar, bizni undan hadis yozib olishga qiziqtirar edi”.

Abu Said Idrisiy: “Ibrohim ibn Shammos Gʻoziy Samarqandiy. Kunyasi – Abu Isʼhoq. Jasoratli, qoʻrqmas, yakkama-yakka jangga chiquvchi, olim, fozil, ilmiga amal qiluvchi, hadis rivoyat qilishda ishonchli va mustahkam, ahli sunnaning tarafida turuvchi, koʻp gʻazotlarda qatnashuvchi  kishi boʻlgan”[16], deb yozadi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Samarqand zamini chindan ham buyuk ulamolar beshigidir. Jumladan, Ibrohim ibn Shammos Samarqandiy ham shu zaminda tugʻilib, voyaga yetgan. Keyinchalik Ibn Muborakning ortidan Marvga ketgan. Shuningdek, maʼlum muddat Bagʻdodda ham istiqomat qilgan.

[1] Imom Buxoriy. At-Taʼrixul kabir, Muhammad ibn Solih Dabbosiy tahqiqi bilan. – Ar-Riyoz: An-Noshirul mutamayyiz. 2019. – J. 1. – B. 707. 939-xabar.
[2] Abdulkarim Samʼoniy. Al-Ansob. Abdurahmon ibn Yahyo Muallimiy Yamoniy va boshqalar tahqiqi, –Haydarobod: Majlisu doiratil maorifil usmoniya, 1-nashr. 1926. – J. 8. – B. 172.
[3] 1 farsax 5760 metr masofaga teng.
[4] Oʻsha manba, – J. 5. – B. 65-66.
[5] Yoqut Hamaviy. Moʻjamul buldon. – Bayrut: Doru Sodir, 1995. – J. 2. – B. 349.
[6] Xatib Bagʻdodiy. Tarixu Bagʻdod, Doktor Bashshor Avvod Maʼruf tahiqi. – Bayrut: Dorul gʻarbil islomiy, 2002. – J. 7. – B. 5.
[7] Oʻsha asar. – J. 7. – B. 8.
[8] Hofiz Abu Hajjoj Jamoliddin Mizziy. Tahzibul kamol fi asmoir rijol, Bashshor Avvod Maʼruf tahqiqi bilan. – Bayrut: Muassasatur risola, 1980. – J. 2. – B. 105.
[9] Tarixu Bagʻdod. – J. 7. – B. 5.
[10] Tahzibul kamol fi asmoir rijol. – J. 2. – B. 105.
[11] Abu Bakr Xaroitiy. Al-Muntaqo min makorimil axloq va maoliyha va mahmudu taroifiha. – Damashq-Suriya: Dorul fikr, 1986. – B.
[12] Muhammad Xalaf Saloma. Taqribu kitabiz zuhd li Ibn Muborak. – B. 18.
[13] Tahzibul kamol fi asmoir rijol.  – J. 30. – B. 482.
[14] Tarixu Bagʻdod. – J. 7. – B. 7.
[15] Oʻsha asar. – J. 7. – B. 8.
[16] Oʻsha asar. – J. 7. – B. 8.
ALOUDDIN NEMATOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …