Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari 1 dekabr kuni Qoraqalpogʻistondagi uchrashuvlarni Qoraoʻzak tumanida tashkil etdi.
“Ata makon”, “Qutli makon”, “Yesim” MFY hamda “Qoraoʻzak” SHFY ahli bilan oʻtkazilgan tadbirlarda targʻibotchilar tinchlik va osoyishtalikni qadrlash va asrash, omonlik va farovonlik uchun minnatdor boʻlib yashash, oilalar mustahkamligini taʼminlash, farzandlar tarbiyasiga jiddiy eʼtibor qaratish, ular ongi va qalbida mafkuraviy va maʼnaviy immunitetni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialllarida, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Muhammad ibn Ahmad Beruniy oʻrta-maxsus islom bilim yurtida ham shunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi.
Shu bilan Markaz xodimlarining Qoraqalpogʻistondagi targʻibot faoliyati nihoyasiga yetdi. Hafta davomida Respublikaning 5 ta tumanidagi 20 ta mahallada hamda 10 dan ziyod oliy taʼlim muassasasida jami 30 dan ortiq tadbir tashkil etilib, aholi va yoshlarning ikki mingga yaqin nafari qamrab olindi.
Mahalla faollari fikriga koʻra, joylarda oʻtkazilayotgan bunday uchrashuvlar ham odamlar, ham davlat va jamiyat uchun birdek manfaatli boʻlib, farzandlarimizning buyuk ajdodlarga munosib, yuksak maʼnaviyatli, milliy oʻzligi shakllangan, oʻzi va boshqalarning taqdiriga befarq boʻlmagan, el-yurt kelajagi uchun masʼuliyatni zimmasiga ola biladigan avlod boʻlib voyaga yetishiga xizmat qiladi.