Avval xabar qilinganidek, 26 noyabr kuni Buxoroda Mir Arab madrasasining 500 yilligiga bagʻishlangan “Boqiy Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi oʻrni” mavzusida xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi.
Nufuzli tadbirda Xalqaro musulmon ulamolar kengashi va Abu Dabi Tinchlik forumi namoyandalari, Oʻzbekiston, Misr, Ozarbayjon, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston muftiylari, taniqli olimlar, shuningdek, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti professor- oʻqituvchilari hamda Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari, islomshunos tadqiqotchilar va diniy soha vakillari qatnashdi.
Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov ham ishtirok etib, “Boboxonovlar sulolasining islom dinini saqlash, targʻib va himoya qilishga qoʻshgan hissasi” deb nomlangan shoʻbasida moderatorlik qildi.