Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari Xorazm viloyatidagi taʼlim muassasalari va mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosidagi maʼrifiy tadbirlarni boshladi.
Dastlab Urganch davlat universitetida uchrashuv tashkil etilib, talaba-yoshlar bilan mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik va yosh avlod turli yot oqimlar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish, ekstremizm, terrorizm va missionerlik kabi xatarlardan ogoh boʻlish xususida suhbat qilindi.
Soʻng Urganch davlat pedagogika institutida shunday tadbir oʻtkazildi. Unda qatnashchilarga buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriyning hadisshunoslik ilmi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi, bugungi globallashuv sharoitida turli yot gʻoyalarning yoshlar ongiga zararli taʼsiriga oid tushunchalar berildi.
Targʻibotchilar Urganch shahrining “Mustaqillik”, “Olimpiya”, “Boʻston” va “Shodlik” mahallalarida boʻlib, aholi bilan islom dinining asl mohiyati, insonparvarlik gʻoyalari va ezgu qadriyatlari yuzasidan muloqot qildi.
Tadbirlarda Markaz faoliyati va nashr etilayotgan adabiyotlar haqida ham maʼlumotlar taqdim etildi.