Dunyo xalqlari oʻzaro munosabatlarni qaror toptirishda azaldan bagʻrikenglik tamoyillariga asoslangan. Shu bois millati, dini va tilidan qatʼi nazar, tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat hayot kechirgan.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Ularning 94 foizidan ziyodi islom diniga eʼtiqod qiladi. 3,5 foizga yaqini pravoslav, qolgan qismi boshqa diniy konfessiyalarga mansub.
Tarixiy manbalarda bu zaminda islom dini kirib kelgunga qadar yashagan xalqlar oʻrtasida ham oʻzaro munosabatlar yaxshi boʻlgani bayon etilgan.
Buxoro yahudiylar jamoasi vakillaridan biri R.Beneman bu shaharda dastlabki sinagoga VIII asrda qurilganini taʼkidlab, bunday qoʻshimcha qiladi: “Oʻrta asr Yevropasi va Vizantiya imperiyasida quvgʻin qilingan yahudiylik Markaziy Osiyoda boshqa dinlar bilan bir xil huquqqa ega edi”.
XV asr boshlarida Amir Temur saroyiga kelgan Kastiliya elchisi: “Sohibqiron Temur Samarqandda turli din vakillarini yigʻib, ularga iltifot koʻrsatadi. Nasroniylikka eʼtiqod qiluvchi mehmonlar uchun alohida masʼul shaxs tayinlaydi. Maqsad – ular bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlash”, deb yozgan.
Oʻzbekistonda vijdon erkinligi Konstitutsiyamizning 35-moddasi bilan kafolatlangan: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Barcha diniy taʼlimotlar negizida ezgulik, solih amal va yaxshilik ulashish yotadi. Shu bilan birga, bagʻrikenglik masalalariga alohida ahamiyat beriladi. Islom xususida aytadigan boʻlsak, Alloh taolo “Mumtahana” surasining 8- oyatida bunday marhamat qiladi: “Din toʻgʻrisida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni suyadi”.
Buyuk mufassir Abu Lays Samarqandiy “Bahrul ulum” asarida mazkur oyatni bunday tafsir qilgan: “Sizlar bilan dinda urush qilmagan oʻzga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomalada boʻling”.
Movarounnahrlik yana mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorikut tanzil” asarida “Oʻzga din vakillariga ehtirom koʻrsating, ularga soʻz va amalda yaxshilik qiling”, deb sharhlagan.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Barcha dinlar ahliga xayru ehson qilingiz”, “Kim gʻayridinni haqorat qilsa, qiyomat kuni oʻtdan yasalgan qamchi bilan uriladi” (Imom Muslim rivoyati)
Bagʻrikenglik fazilati islom dinida imonning eng afzali darajasiga koʻtarilgani toʻgʻrisida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Imonning afzali sabr va bagʻrikenglikdir”.
Bu taʼlimotni Alloh taolo “Ankabut” surasining 46- oyatida quyidagicha bayon etadi: “Sizlar ahli kitoblar bilan faqat chiroyli uslubda munozara qilingiz”.
Konfessiyalararo bagʻrikenglik nafaqat dindorlar, balki butun jamiyat aʼzolarining ezgulik yoʻlidagi hamkorligini nazarda tutadi. Zero, bu tinchlik va barqarorlikning muhim shartidir. Yurtimizda noislomiy konfessiyalarga mansub tuzilmalar erkin faoliyat yuritadi. Hatto har xil dinlarga oid ibodatxonalarning yonma-yon barpo qilinganiga koʻzimiz tushadi, bu ham jamiyatimizdagi diniy bagʻrikenglikning amaliy tasdigʻidir.
Bu mavzu qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida ham oʻz ifodasini topgan. Jumladan, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunda (2021 yil 5 iyul) har xil millat va dinlar vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik tamoyillariga asoslanish masalasiga keng eʼtibor qaratildi. 5-moddada: “Fuqarolarning dinga munosabatidan qatʼi nazar, diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻymagan holda, ularning vijdon erkinligiga boʻlgan oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish hamda konfessiyalar oʻrtasidagi tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash” kafolati belgilab qoʻyilgan. 7-moddada: “Davlat turli dinlarga eʼtiqod qiladigan va ularga eʼtiqod qilmaydigan fuqarolar, turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro murosa va hurmat oʻrnatilishiga koʻmaklashadi, diniy aqidaparastlik hamda ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qoʻyish va keskinlashtirishga, turli konfessiyalar oʻrtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaydi”, deb taʼkidlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish” deb nomlanib, uning doirasida millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatning ustuvor yoʻnalishlari hamda diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi ishlab chiqilib, bu borada juda katta ahamiyatga molik ishlar amalga oshirilmoqda.
Barcha dinlar, ilohiy amrlar va jamiyatdagi qonun-qoidalar insoniyatni doimo maʼrifat, ezgulik va yaxshilikka chaqirib kelgan. Savob uchun mukofot, yomonlik uchun jazo muqarrar ekanidan ogohlantirgan. Saxovatda oʻzaro hamkorlikka chaqirgan, jaholat, razolat va qabohatdan qaytargan. Diniy taʼlimotlarning barchasi bagʻrikenglik, chiroyli xulq-odob, sabr-bardoshga, shukronalik hissi bilan hayot kechirishga daʼvat etadi. Insonlarni ezgu gʻoya va amallarda mustaqim boʻlib, diniy va milliy bagʻrikenglikka asoslangan jamiyat taraqqiyoti uchun mushtarak harakat qilishga chorlaydi.