Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Turkiyadagi Otaturk universiteti rektori Oʻmer Choʻmakli rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Erzurum shahrida joylashgan bu dorulfunun oʻtgan asrning 50-yillarida tashkil topgan boʻlib, Turkiyaning nufuzli taʼlim dargohlaridan biri hisoblanadi va xalqaro reyting boʻyicha eng yaxshi universitetlarning dastlabki 5 foizi tarkibiga, mamlakatda esa yetakchi oliy taʼlim muassasalari 20ligiga kiradi. Bugungi kunda u yerda 50 mingdan ortiq talabaga 3,5 mingdan ziyod professor-oʻqituvchi taʼlim beradi. Universitet 18 kollej, 8 institut va 30 tadqiqot markaziga ega. Uning 23 fakulteti orasida ilohiyot faniga ixtisoslashtirilgani ham mavjud.
Tashrif doirasida Markaz bilan mazkur universitet oʻrtasida oʻzaro hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi imzolandi. Marosimda tomonlar mazkur huquqiy hujjat asosida oʻrnatiladigan hamkorlik aloqalari ikki ilmiy muassasa uchun ham birdek manfaatli boʻlishini taʼkidladi.
Memorandumda qoʻshma taʼlim va ilmiy-tadqiqot, kadrlar va ilgʻor tadqiqotchilar malakasini oshirish, oʻquv materiallari va nashrlar almashuvi va boshqalar hamkorlikning umumiy yoʻnalishlari sirasiga kiritilgan.