Avval xabar qilinganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan iqtidorli imom-xatiblar ishtirokida ularning kasb mahoratini takomillashtirishga qaratilgan malaka oshirish oʻquvi boʻlib oʻtmoqda. Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Musulmonlar idorasi va Xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir ayni kunlarda jadal pallaga kirdi. 36 soatlik dasturga muvofiq, oʻquv umumiy, umumkasbiy va mutaxassislik boʻyicha tayyorgarlik yoʻnalishlari boʻyicha modullar asosida olib borilyapti.
Malaka oshirish dasturining navbatdagi bosqichida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tinglovchilarga “Dunyoviy davlatda dinning ijtimoiy munosabatlardagi oʻrni va ahamiyati”, “Oʻzbekistonda vijdon erkinligini taʼminlash, radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashishning huquqiy asoslari”, “Mutaassib guruhlar taʼsiriga tushib qolgan shaxslarni reabilitatsiya qilish usullari (Oʻzbekiston tajribasi)”, “Ekstremistik va terrorchi tashkilotlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardagi targʻibotining oʻziga xos xususiyatlari” mavzularida maʼruzalar oʻqidi.
Tinglovchilar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi kutubxonasi faoliyati va undagi kitob jamgʻarmasi bilan tanishib, Muzey eksponatlarini katta qiziqish bilan koʻzdan kechirdi.
Oʻquvlarning bugungi bosqichi nihoyasida imom-xatiblar Imom Buxoriy qabrini ziyorat qildi. Qurʼon oyatlari tilovat etilib, duo oʻqildi.
Malaka oshirish oʻquvi davom etmoqda.