Home / FOTO LAVHALAR / OʻMONNING YANA BIR NASHRI – TASHRIF HAQIDA

OʻMONNING YANA BIR NASHRI – TASHRIF HAQIDA

Oʻmonning “Asdaa Oman” internet nashri yaqinda Sultonlikka safar qilgan Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari bilan suhbat haqida material chop etdi.

Maqola Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari oʻrinbosari Firdavs Halimov intervyusi bilan boshlangan. Unda tashrifdan koʻzlangan maqsad, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari, elektron qoʻlyozmalar almashish imkoniyatlari hamda anglashuv memorandumlarining loyihalarini tayyorlash yuzasidan erishilgan kelishuvlar haqida soʻz boradi.

Suhbatda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Barot Amonov mamlakatimizda islom ilmlari rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va boshqa koʻplab alloma ajdodlarimiz ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish yoʻlida olib borilayotgan ishlar, diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida toʻxtalgan. 2017 yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining bugungi faoliyati, tarjima qilingan asarlar, chop etilgan kitoblar, nodir qoʻlyozmalar tadqiqi borasidagi ishlar suhbat asosini tashkil etgan.

B.Amonov, shuningdek, soʻnggi besh yil ichida tashkil etilgan turdosh markazlar, Hadis ilmi maktabi faoliyati haqida maʼlumot berib, bu ilmiy muassasalarning koʻplab yoʻnalishlarda, ayniqsa, Movarounnahr allomalari qalamiga mansub qoʻlyozmalarni oʻrganish borasidagi maqsadlari mushtarak ekanini taʼkidlagan.

Suhbatdoshlar intervyu davomida Sultonlikning milliy arxiv va hujjatlarni saqlash boshqarmasi faoliyatiga yuksak baho berib, uning rahbari doktor Hamad bin Muhammad Duyaniyni Oʻzbekistonga taklif etganini qayd qilgan.

Maqolada tahririyat tomonidan tashrifning hujjatlarni saqlash va arxiv ishini yuritish borasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va oʻzaro tajriba almashuvini tashkil etishdagi yuksak ahamiyati eʼtirof etilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …