Har bir inson kasal boʻladi. Bu baʼzida kuchli, baʼzida yengil kechadi. Rivoyatlarga koʻra, faqat Firʼavn kasal boʻlmagan ekan. Bu unda gʻurur va kibr oshishiga olib kelgan. Aslida kasallik ham imtihon, ham rahmat boʻladi. Baʼzan yengil kasallik oʻzidan keyin keladigan ogʻir dardni qaytaradi. Bu vaqtda moʻmin kishi imtihonga sabrli boʻlishi va dardining daʼvosini maʼrifat bilan izlashi lozim boʻladi.
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh biror dard bergan boʻlsa, albatta, shifosini ham bergandir”[1].
Dinimizda bemor kishini yoʻqlab, holidan xabar olish moʻminning moʻmindagi haqqi hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni quyidagi tarzda izohlab berganlar. Baro ibn Ozib roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga yetti narsani: kasalni borib koʻrish, janozada qatnashish, aytilgan joyga borish, mazlumga yordam berish, qasamni oqlash, salomga alik olish va aksa urgan kishiga tashmit aytishni buyurdilar”[2].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqlarni boshqa hadisda ham bayon qilganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitganman: “Musulmonning musulmon zimmasidagi haqqi beshta: koʻrishib qolsa, salom berish, kasal boʻlsa, borib koʻrish, vafot etsa, janozasida qatnashish, chaqirilgan joyga borish, aksirganda “alhamdulillah” desa, unga “yarhamukalloh” deyish”[3].
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning moʻminlarni bu haqlarni bajarishga targʻib etishlari va unga rioya qilishga qayta-qayta urgʻu berishlarida jamiyat uchun koʻp manfaatlar bor. Muhim jihati shundaki, musulmonlar bu haqlarni ado etish bilan bir-biriga mehr-muhabbatli boʻladi, doʻstlik rishtalari mustahkamlanadi. Qolaversa, Alloh taoloning huzurida ulugʻ ajrga erishadi.
Bemor ahvolidan xabar olishning nechogʻli ahamiyatli amal ekanini quyidagi hadisi sharifdan ham bilinadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh azza va jalla qiyomat kunida bunday deydi: “Ey odam bolasi, kasal boʻldim, Meni koʻrgani kelmading!” Banda: “Ey Parvardigor, Seni qanday qilib koʻrgani boraman, axir Sen olamlarning Rabbisan-ku?” deydi. Alloh: “Bilmasmiding, falonchi bandam kasal edi, uni koʻrgani bormading? Bilmasmidingki, sen uni koʻrgani borganingda, uning huzurida Meni toparding!”[4].
Bu hadisi qudsiydagi maʼno shuki, insonlar bir-biriga muhtoj qilib yaratilgan. Baʼzida yordamga, mehrga mushtoq, kasal boʻlib yotganda kimlarnidir koʻrishga intiq boʻladi. Kim bir bemorni ziyorat qilib, koʻnglini koʻtarsa, Alloh taolo ham unga yaxshilik ato etadi va yoru madadkor boʻladi. Qiyomatda katta ajr-savob bilan mukofotlaydi.
Kasal koʻrgani borgan kishi goʻyoki jannat bogʻlarida sayr qilgan boʻladi. Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Albatta, musulmon kishi oʻzining musulmon birodarini (kasal holida) ziyorat qilsa, to uyga qaytgunicha, jannat xurfasi ichida boʻladi”. Sahobalar: “Ey Rasululloh, jannat xurfasi nima?” deb soʻradi. “U jannat(ning terilgan) mevalaridir”, dedilar[5].
Islomda agar kasal boshqa din vakili boʻlsa ham, ziyorat qilib, holidan xabar olish koʻrsatmasi bor. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir yahudiy bola Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xizmat qilib yurar edi. U betob boʻlib qoldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam uning holidan xabar olgani bordilar. Bosh tomoniga oʻtirib: “Islomni qabul qil”, dedilar. Shunda u yonida turgan otasiga qaradi. Otasi: “Abul Qosimga – sollallohu alayhi vasallam – itoat qil”, dedi. U musulmon boʻldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqib ketayotib: “Uni doʻzaxdan qutqargan Allohga hamdu sanolar boʻlsin”, dedilar”[6].
Bu ulugʻ savobli ish quyidagi tartibda amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq boʻladi. Bemorni koʻrishga borgan kishi har tomonga alanglamasdan, birodariga qarasin. Qoʻlini peshonasi yo qoʻliga qoʻyib, mehribonlik bilan: “Inshoalloh, tezroq sihat topasiz. Koʻrmaganday boʻlib ketasiz. Umringiz uzoq boʻlur”, deb yupatsin va koʻnglini koʻtarsin. Bemor oldida keraksiz gaplarni aytib, uzoq oʻtirmasin. Xayrlashish chogʻida Allohdan shifo tilab duo qilsin. Imkoni boʻlsa, bemordan ham oʻzi uchun duo olsin.