Salom inson zoti yaratilgandan buyon davom etib kelmoqda. Salomlashish islomning shiori va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari boʻlib, oʻzida tinchlik, mehrmuhabbat, doʻstlik va yaxshiliklarni mujassam etgan. Inson ayniqsa iztirobga tushganda, qorongʻu tunlarda va choʻlu biyobonda yolgʻiz qolganda bu fazilatning qadrini sezadi. Salom bergan kishi birodariga tinchlik va xursandchilik bagʻishlaydi. Undan hadik va vasvasani ketkazadi.
Qurʼoni karimda salomni yoyish toʻgʻrisida bunday koʻrsatmalar kelgan:
﴿يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَدْخُلُوا بُيُوتًا غَيْرَ بُيُوتِكُمْ حَتَّى تَسْتَأْنِسُوا وَتُسَلِّمُوا عَلَى أَهْلِهَا ذَلِكُمْ خَيْرٌ لَكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ﴾
“Ey imon keltirganlar! Oʻz uylaringizdan oʻzga uylarga to izn soʻramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora (bu gapdan) eslatma olsangiz”[1].
﴿ وَإِذَا حُيِّيتُمْ بِتَحِيَّةٍ فَحَيُّوا بِأَحْسَنَ مِنْهَا أَوْ رُدُّوهَا﴾
“Qachon sizlarga biror salomlashish (iborasi) bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olingiz yoki oʻsha (ibora)ni qaytaringiz”[2].
Ushbu oyatlar moʻmin kishi boshqa bir moʻminga yoʻliqqanida unga salom berishi va iloji boricha chiroyliroq javob qaytarish lozimligi uqtirilmoqda.
Salomlashish Odam alayhissalomning tarixi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, bu haqda quyidagi hadis kelgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Alloh taolo Odamni yaratdi. Boʻyi oltmish ziroʼ edi. Uni yaratib boʻlgach: “Bor, anavi farishtalarga salom ber va sen bilan nima deb salomlashishlarini eshitib olki, (bu) sening va zurriyotingning salomlashuvi boʻladi”, dedi. Odam: “Assalomu alaykum”, dedi. Shunda ular: “Assalomu alayka va rahmatulloh” deb, “va rahmatulloh”ni ziyoda qildi.”[3].
Taʼkidlanganidek, salom berish sunnat, salomga alik olish esa vojib amal sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonning musulmondagi haqqi beshtadir: salomga alik olish, bemorni koʻrgani borish, janozada qatnashish, aytilgan joyga borish va aksa urganga tashmit (“Yarhamukalloh, yaʼni Alloh senga rahm qilsin” deyish) aytish”, dedilar”[4].
Demak, salom bermaslikdan koʻra alik olmaslikning oqibati ogʻirroq ekan.
Quyidagi hadisda esa uning imon shartlaridan biri ekani taʼkidlanadi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Moʻmin boʻlmaguningizcha jannatga kirmaysiz. Oʻzaro mehr-muhabbat koʻrsatmaguningizcha moʻmin boʻlmaysiz. Oʻzaro mehr-muhabbat koʻrsatishingizga sabab boʻladigan dalolatni aytaymi?” dedilar. “Ha, ey Allohning Rasuli!” deyishdi. “Orangizda salomni yoying”, dedilar”[5].
Islomda salom berish savobli ish ekani Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilingan ushbu hadis bilan tasdiqlanadi: “Bir kishi: “Ey Allohning Rasuli, islomning qaysi xislati yaxshi?” dedi. U zot: “Taom yedirishing va tanigan-tanimagan kishingga salom berishing”, dedilar”[6].
Salom moʻmin kishini jannatga kiritadi. Shurayh ibn Honeʼ otasidan rivoyat qiladi: “U: “Ey Allohning Rasuli, menga meni jannatga kiritadigan biror narsa oʻrgating”, dedi. U zot: “Shirinsoʻzlik, salom berish va taom yedirish”, dedilar”[7].
Yana Abdulloh ibn Salom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey insonlar, salomni yoying, taom yediring, silai rahm qiling, boshqalar uxlaganda tunni ibodat bilan oʻtkazingda, jannatga salomatlik ila kiravering”, dedilar”[8].
Salomlashish salomatlik va omonlik garovi hamdir. Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Salomni yoying, salomat boʻlasiz”, dedilar”[9].
Salom berishda savob darajalari turlicha boʻladi. Bu haqda Imron ibn Husoyn roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Assalomu alaykum”, dedi. U zot unga alik oldilarda, keyin oʻtirdilar va: “Oʻnta (savob)”, dedilar. Soʻng boshqa bir kishi kelib: “Assalomu alaykum va rahmatulloh”, dedi. Unga ham alik oldilarda, oʻtirdilar va: “Yigirmata”, dedilar. Yana bir kishi kelib: “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh”, dedi. Unga ham alik oldilarda, oʻtirdilar va: “Oʻttizta”, dedilar”[10]. Yaʼni, salom qanchalar mukammal boʻlsa, ajri shunchalar yuqori boʻladi.
Koʻpchilikka salom berilganda salomni uch marta takrorlash yanada fazilatli sanaladi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror gap aytsalar, eshituvchi uni anglagunicha uch marta qaytarar edilar. Agar biror jamoaga borib salom bersalar, uch marta salom berardilar”[11].
Salomlashishda kichikning kattaga, yurib ketayotgan oʻtirganga, ozchilik koʻpchilikka va ulovdagi piyodaga salom berishi odobdandir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichik kattaga, yurib ketayotgan oʻtirganga, ozchilik koʻpchilikka salom beradi”, dedilar”[12].
Ammo salom berishi lozim boʻlgan kishi salomni unutib qoʻysa, ikkinchi tomon salom beradi. Bu unga taʼlim va eslatma boʻladi. Koʻpincha ikki tomon salom berishi natijasida alik olish unutilib qoladi. Bunda salomdan koʻzlangan ayrim foydalar hosil boʻlmaydi.
Salomlashish rahmat, ofiyat, tinchlikomonlik ekan, buni moʻmin kishi avvalo oʻz ahli uchun aytishga haqlidir. Kilda ibn Hanbal roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga salom bermasdan kirdim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ortingga qayt, “Assalomu alaykum, kirsam mumkinmi?” deb, soʻragin”, dedilar”[13].
Hech kimi yoʻq uyga kirganda, umumiy maʼnodagi salom beriladi. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishi agar odam yashamaydigan uyga kirsa, “Assalomu alayna va ala ibadillahis solihiyn”, desin”, dedilar[14].
Salomni yoyishning yana bir yoʻli salomni avval berishga shoshilishdir. Chunki asosiy ajr-savobni birinchi boʻlib salom berganga nasib qiladi. Sahobai kiromlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga oldin salom berishga ulgurmas edi. Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu bunday rivoyat qilgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Salom Allohning ismlaridan biridir. U Zot uni yer yuziga qoʻygandir. Uni orangizda yoyinglar. Bir kishi bir qavmga salom bersa, ular alik olsa, ulardan bir daraja ustun boʻladi. Chunki, u ularga Salomni eslatgan boʻldi”, deganlar[15].
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning Alloh taologa eng yaqini birinchi boʻlib salom berganlaridir”, dedilar”[16].
Quyidagi holatlarda istisno ravishda salom berilmaydi. Taom yeyayotganga, xojatxonadagi kishiga, tahorat olayotganga, hammomdagi odamga, namoz oʻqiyotgan, azon aytayotgan kishiga, Qurʼon tilovat qilayotganga, duoga qoʻl ochib turganga, uxlayotgan yoki mudroq bosgan odamga, gunoh qilayotganga salom berib boʻlmaydi. Shuningdek, xutba vaqtida ham salom berilmaydi.
Yana qabristonda oʻliklarga beriladigan salom bilan tiriklarga salom berilmaydi. Abu Juray Hujaymiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib: “Alaykassalom, ey Allohning Rasuli”, dedim. Shunda u zot: “Alaykassalom”, deb aytmagin, chunki bu oʻliklarga beriladigan salomdir”, dedilar”[17].
Taassufki, hozirgi kunda odamlar, xususan, yoshlar orasida salomni notoʻgʻri talqin qilish holatlari ham kuzatilmoqda. Baʼzilar “salom”, “salomat”, “somaleykim” kabi buzuq shaklda salom beradi. Alikni ham iborani toʻliq olmaydi, “vaalaykim”, “alaykim”, “barakalla” kabi soʻzlar bilan kifoyalanadi. Bunday holda salomning mohiyatiga putur yetadi, hatto, umuman teskari maʼno ham kelib chiqadi. Ayrimlar salomatlik oʻrniga, oʻlim tilab qoʻyganini bilmaydi.
Demak, salom berish oddiy bir odat, shunchaki bir koʻnikma yoki kimlargadir xos muomala uslubi emas. U inson madaniyatining ajralmas qismi ekanini, xususan, islomda salomga katta ahamiyat berilishini unutmaslik kerak. Buning uchun jamiyatda ilmiy va amaliy suratda salomni yoyishga, targʻib etishga harakat qilish lozim.
Bu xususda ibratli bir jihatni esga olib oʻtish oʻrinlidir. Vaqtivaqti bilan salomni yoyish uchun koʻchaga chiqish ham salafi solihlarning odatlaridan boʻlgan. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo ertalab bozorga chiqib aylanib kelar va: “Biz faqat salom uchun tonglari koʻchaga chiqamiz va uchragan kishiga salom beramiz”, derdi.