Oʻn toʻrtinchi dars. Iffatli boʻlish.
Ey oʻgʻlim! Iffat yaxshilarning xulqidir. U bilan xulqlanginki, senga mustahkam oʻrnashib olsin. Koʻzi toʻq boʻlish ham iffatdan. Yeydigan ovqatingni muhtojlar va doʻstlaringdan qizgʻanma. Odamlar qoʻlidagi narsani bilishga intilmasliging ham iffatdir. Taoming va oʻtkinchi narsalaringni koʻpaytirishga oshiq boʻlma. Havoyi nafsingga qarshi kurash. U seni buzuq ishlarga undasa, boʻysinma.
Ey oʻgʻlim! Qornini non bilan toʻygʻizadigan kishi uni goʻsht, meva va shirinliklar bilan toʻyintiradigan kabidir. Ikkalasi ham toʻyganda oshqozoniga hech narsa tiqa olmaydi. Boylarning yegani ham, kambagʻallarniki ham hammasi najosatga aylanib ketadi.
Ey oʻgʻlim! Koʻzi toʻq inson boʻl. Hazm boʻlib ketishi bilan lazzati ham yoʻqoladigan luqma sababli oʻzingni pastga urma. Qayerga borsang ham qilmishingning sharmandaligi seni taʼqib etadi.
Ey oʻgʻlim! Iffat tojsizga tojdir. Ommaning oldida ham, xoslarning oldida ham senga hurmat va salobatni olib keladigan iffat tojini mahkam tut.
Harom qilingan ishlarning barchasidan saqlan. Koʻchada yurarkansan, ayollarga qarashdan nazaringni pastlat. Qarindosh boʻlmagan, nomahram ayollar bilan gaplashma. Birga qolish halol boʻlmaydigan ayol bilan yolgʻiz qolma. Alloh taoloning buyrugʻiga boʻysin:
﴿قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ﴾
“Moʻminlarga ayting, koʻzlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yoʻl)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir”[1].
Ey oʻgʻlim! Shayton inson bolasiga yaqin va doim birga yurishi rivoyatlarda aytilgan. U seni yomonlikka tortmasin, eng jirkanch xatolarga tushib qolishdan ehtiyot boʻl. Alloh taoloning quyidagi soʻzini doim yodingda tut:
﴿وَلَا تَقْرَبُوا الزِّنَا إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاءَ سَبِيلاً﴾
“Zinoga yaqinlashmangiz! Chunki u fahsh va yomon yoʻldir”[2].
Senga nasihatim shuki, shaytonning aldovlari va yomonliklaridan oʻzingni himoya qil. Zero Alloh, yolgʻiz qolgan holatingda ham sendan xabardor va amalingga koʻra hisob qiluvchi Zot.
Ey oʻgʻlim! Inson toki qoʻli, tili, qulogʻi va koʻzi iffatli boʻlmagunicha oʻzi iffatli boʻla olmaydi. Tilning iffatsizligi masxara, ayblash, gʻiybat, chaqimchilik, laqab qoʻyish kabilar bilan boʻladi. Koʻzning iffatsizligi harom narsalarga hamda yomon shahvatlarni qoʻzituvchi dunyo ziynatlariga tikilish bilan boʻladi. Quloqning iffatsizligi gunoh va yomon narsalarni tinglash bilan boʻladi. Bas, har bir aʼzoning iffati egasi ulardan har birini oʻziga xos boʻlgan narsada faqat shariat va aql ruxsat bergan shahvatsiz hamda havoyi nafssiz narsalarga ishlatish ila boʻladi.
Ey oʻgʻlim! Bu soʻzlarimni qabul et. Qachonki fikringga yomon oʻy-xayollar kelsa, nasihatimni darrov esga ol. Qatʼiylik bilan Allohga yuzlanib, shaytonning makr-hiylasidan panoh berishini soʻra. Allohning oʻzi seni muhofazasiga oladi.