Home / FOTO LAVHALAR / OʻZBЕKISTON-OʻMON: ILMIY MULOQOTLARNI RIVOJLANTIRISH YOʻLIDA

OʻZBЕKISTON-OʻMON: ILMIY MULOQOTLARNI RIVOJLANTIRISH YOʻLIDA

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati vakillaridan iborat delegatsiyaning Oʻmon Sultonligiga xizmat safari boshlandi.

Ikki mamlakat oʻrtasida 2022-2023 yillarga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar rejasi doirasida tashkil etilgan safar yozma yodgorliklarni saqlash, kataloglashtirish, restavratsiya va nashr etish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish va aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.

Oʻzbekiston vakillari Oʻzbekistonning Oʻmon sultonligidagi elchixonasi masalahatchisi Farrux Vaxabov hamrohligida 27 avgust kuni Sultonlikning milliy arxiv va hujjatlarni saqlash boshqarmasida boʻldi. Muassasaning xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Hamad ibn Muhammad Duyaniy boshqarma faoliyati haqida maʼlumot berdi.

Sulton Qobus bin Said tomonidan 2007 yilda Oʻmon Sultonligi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Boshqarma davlat boshqaruviga oid va idoralararo hujjatlarni milliy merosning bir qismi sifatida saqlash bilan birga, mamlakatdagi 4 universitetda ochilgan maxsus fakultetlarda ilmiy tayyorgarlikning kompleks dasturini amalga oshirish orqali bakalavr darajasidagi mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish bilan ham shugʻullanadi. Muassasada mamlakat tarixi, bugungi tashqi aloqalari, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid hujjatlarni tasniflash, saqlash, restavratsiya qilish, xavfsizligini taʼminlash, raqamlashtirish va boshqa yoʻnalishlarda 300 ga yaqin malakali xodim mehnat qiladi. Oʻmonda vasiyat, meros kabi oilaviy munosabatlarga doir hujjatlar mazkur boshqarmada roʻyxatga olingach, rasman tan olinadi.

Muassasa Sultonlik tarixi va madaniyatiga oid boshqa davlatlar arxiv fondlarida saqlanayotgan hujjatlarni mamlakatga olib kelish va ular ustida mustaqil tadqiqotlar olib borish vakolatiga ham ega. Bu borada boshqarma tomonidan mahalliy va xalqaro miqyosda turli anjumanlar tashkil etilib, ilmiy izlanishlar natijalari umumlashtirib boriladi. Bugungi kunda bu yerda 200 mingdan ortiq hujjat va islom diniga oid 75 mingdan ziyod qoʻlyozma asarlarning asl va elektron nusxalari saqlanadi.

Uchrashuv doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan ushbu ikki markazning tashkil etilishi, maqsad va vazifalari, olib borilayotgan ishlar, umumiy jihatdan, mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar xususida batafsil maʼlumot aks etgan taqdimot oʻtkazildi.

Muloqot davomida Oʻzbekiston vakillari Boshqarma vakillarini ushbu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan ilmiy muassasalar bilan yaqindan tanishish uchun Oʻzbekistonga taklif etdi.

Tomonlar kelgusida aloqalarni mustahkamlash maqsadida hamkorlik memorandumi loyihasini tayyorlashga kelishib oldi.

Suhbat yakunida mezbonlarga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan adabiyotlar toʻplami taqdim etildi.

Uchrashuvdan soʻng ikki markaz delegatsiyasi aʼzolari Boshqarmaning hujjat va qoʻlyozmalarni saqlash laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdi. Laboratoriya arxiv hujjatlarini qayta tiklash, qoʻlyozmalarni taʼmirlash, muqovalash va  muayyan sharoitlarda saqlash bilan bogʻliq 10 dan ziyod barcha turdagi zaruriy zamonaviy texnologiyalar va skaner uskunalari bilan jihozlangan.

Delegatsiyaning xizmat safari davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …