Bir hadis sharhi
Imom Buxoriyning shoh asari boʻlmish “Sahihul Buxoriy” toʻplamidagi hadislar hayotning barcha jabhalarini qamrab oladi. Oʻzi yaxshi koʻrgan narsani doʻstiga ham ravo koʻrish haqidagi rivoyatlar shular jumlasidandir. Ulamolar shunday hadisi shariflardan birini qanday sharhlagani va unda bayon etilgan haqiqiy moʻminga tegishli masalalarni koʻrib chiqsak.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Birortangiz oʻzi yaxshi koʻrgan narsani doʻstiga ham ravo koʻrmagunicha haqiqiy moʻmin boʻla olmaydi”, dedilar.
Demak, ushbu hadisi sharifda bayon etilgan eng ezgu xislatlardan biriga ega boʻlgan kishi haqiqiy moʻmin boʻladi. Bu xislat imonning, taʼbir joiz boʻlsa, tarkibiy qismlaridan biri va kamtarlik belgisi hisoblanadi. Haqiqiy moʻmin oʻzi yaxshi koʻrgan narsani boshqalarga ham ravo koʻrishi kerak.
Yaxshilik – toat-ibodatlar, dunyo va oxiratga taalluqli xayrli ishlarining barchasini qamrab oluvchi soʻz.
Yaxshi koʻrish – yaxshi deb bilgan narsasini xohlash.
Imom Navaviy: “Yaxshi koʻrish – yaxshi koʻruvchiga muvofiq boʻlgan narsaga moyil boʻlish”, degan. Bu yerda oʻz ixtiyori bilan moyil boʻlish nazarda tutilgan. Haqiqiy moʻmin, shuning uchun ham oʻzi erishgan barcha yaxshiliklarni doʻstlariga ham tilaydi.
Abu Zinod ibn Siroj bunday deydi: “Bu hadis zohiriga koʻra oʻzi yaxshi koʻrgan narsani doʻstiga ham ravo koʻrishni anglatadi. Haqiqat shuki, doʻstiga bundan-da yaxshirogʻini tilaydi. Chunki har bir inson boshqalardan afzal boʻlishni xohlaydi. Buni doʻsti uchun ham ravo koʻrsa, ushbu hadisda bayon etilgan kishilar qatoriga kiradi”.
Qozi Iyoz bunday deydi: “Bu yerda kamtarlikka qiziqtirish bor. Inson boshqalardan afzal boʻlishni istamaydi. Bu hadis boshqalar bilan teng boʻlishni taqozo qiladi. Bu Alloh taoloning: “Biz oʻsha (sizlarga maʼlum) oxirat diyorini yer yuzida zulm va buzgʻunchilik qilishni istamaydigan kishilar uchun yaraturmiz” (Qasas surasi, 83-oyat), degan soʻzlaridan olingan”.
Bu esa faqat hasad, adovat, xusumat, nafrat va aldov kabi yomon xislatlarni tark qilish bilan qaror topadi.
Kirmoniy bunday deydi: “Oʻzi yomon koʻrgan narsani doʻstiga ham ravo koʻrmaslik imonning haqiqatidandir. Bu joyi esa hadisi sharifda keltirilmagan. Chunki bir narsani yaxshi koʻrish unga zid boʻlgan narsani yomon koʻrishni taqozo qiladi. Shu bilan kifoyalanilgan”.
Bu xitoblarning barchasida oʻzi yaxshi koʻrgan narsani boshqalarga ham ravo koʻrish targʻib etilgan. Muqaddas dinimiz koʻrsatmalarida ham, xalqimizning milliy qadriyatlarida ham bu eng ezgu amallardan biri hisoblanadi. Zero, oʻzi yaxshi koʻrgan narsani boshqalarga ham ravo koʻrish va oʻzi yomon koʻrgan narsani boshqalarga ravo koʻrmaslik haqiqiy moʻminning xislatlaridan sanaladi. Bu kabi ezgu xislatlarni qalbga jo qilish va ularga muntazam rioya etish bugungi kunning dolzarb masalalaridandir.