Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Qoʻlyozmalar bilan ishlash va muzey boʻlimining ikki nafar xodimi malaka oshirish uchun Turkiyaga joʻnab ketdi. Ularning bu safari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 10 fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash yoʻnalishida tashkil etilgan boʻlib, Markazda qoʻlyozmalarni saqlash va tadqiq etishga masʼul ilmiy xodim va restavratorlarning sohaga oid bilim va malakasini oshirish maqsadini koʻzlaydi.
Yoʻldoshxon Isayev va Baxtiyor Ibotov oʻtgan yil yanvar oyida ham kasbiy malakasini oshirish uchun Turkiyaga safar qilgan edi. Bir oylik amaliyot davomida ular Turkiya qoʻlyozma asarlar bosh boshqarmasi kitob shifoxonasi va arxiv ishlari boshqarmasi (Türkiye Yazma Eserler Kurumu Başkanlığı Kitap Şifahanesi ve Arşiv Dairesi Başkanlığı) da zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlib qaytgan. Bu gal esa shu muassasada olingan bilimlarni mustahkamlash va qoʻlyozmalar taʼmiri bilan bogʻliq jarayonning navbatdagi bosqichlarini oʻzlashtirish maqsad qilingan.
Xodimlarning ilmiy amaliyoti bir oy davom etadi.