Hokim aytganlar: “Bizga Muhammad ibn Xolid Muttavviʼiy, u kishiga Musabbih ibn Saʼid: “Muhammad ibn Ismoil Ramazon oyida har kun kunduzi bir marta Qurʼonni xatm qilardilar. Taroveh namozini oʻqib boʻlgach, har uch kunda kechqurun Qurʼonni tushirar edilar”, – deganlar”.
Bakr ibn Munir aytganlar: “Abu Abdulloh Buxoriyning: “Alloh bilan yuzma-yuz boʻlganda, U meni hisob-kitob qilmaydi, degan umiddaman. Chunki men biror kishini gʻiybat qilmaganman”, – deganlarini eshitdim”.
Imom Buxoriy (Alloh u kishini rahmat qilsin) toʻgʻri aytganlar. Kimki Buxoriyning jarhu taʼdildagi soʻzlarini eshitsa, u kishining odamlarga nisbatan soʻz ishlatishda nechogʻli parhezkor, insofli ekanliklarini bilardi. Bir kishining hadisini zaif sanasalar, u haqda koʻpincha: “Bu munkar hadis. Olimlar bu toʻgʻrida gapirmaganlar, bu xususda har xil fikr bor” qabilidagi latif va nozik iboralarni ishlatganlar. Juda oz oʻrinlarda “Falonchi yolgʻonchi”, “Falonchi hadis toʻqir edi” degan jumlalarni qoʻllar edilar. Hatto Buxoriy: “Falonchining hadisida ikkilanish bor”, – desam, odamlar uni muttaham hisoblashar edi”, – deganlar. “Men biror kishini gʻiybat qilmaganman”, degan soʻzlaridan ham maʼlumki, u kishining taqvolari yuqori edi.