Home / MAQOLALAR / ILM MAJLISIDA YIGIRMA MINGDAN ORTIQ ODAM…

ILM MAJLISIDA YIGIRMA MINGDAN ORTIQ ODAM…

Abu Ali Solih ibn Muhammad Jazara aytganlar: “Muhammad ibn Ismoil Bagʻdodda ilm darsida oʻtirardilar. Men u kishidan hadis yozib olardim. U kishining majlislarida yigirma mingdan ortiq odam toʻplanardi”.

   Xatib aytganlar: “Zargar Abbos ibn Fazl Roziydan: “Abu Zurʼa afzalmi yoki Muhammad ibn Ismoil?” – deb soʻraldi. Abbos: “Men Muhammad ibn Ismoil bilan Hilvon va Bagʻdod oʻrtasida uchrashdim. Bir muddat birga yurdim. U kishi bilmaydigan hadisni aytishga harakat qildim. Ammo imkoni boʻlmadi. Men Abu Zurʼaning hadislaridan sochining tolalaricha zaifini topganman”, – deb javob berdilar”.

   Umar ibn Hafs Ashqar zikr qilganlar: «Rajo ibn Murajja Shoshga oʻtayotib Buxoroga kelganlarida bir rabotga tushdilar. Mashoyixlarimiz u kishini koʻrishga bordilar. Men ham ular bilan bordim. Mendan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil haqlarida soʻradilar. U kishining sogʻ-salomatliklari haqida xabar berib: “Bugun yoningizga kelsalar kerak”, – dedim. Bizga bir necha hadis yozdirdilar. Ilm majlisi tugadi. Lekin Buxoriy kelmadilar. Ikkinchi kuni ham Buxoriy kelmadilar. Uchinchi kuni Rajo aytdilar: “Abu Abdulloh bizni ziyorat qilishni ep koʻrmagan boʻlsalar kerak. Bizni u kishining huzurlariga olib boringlar. Men safarga chiqib ketmoqchiman”. Rajo istar-istamas yoʻlga tushdilar.

   Jamoamiz bilan Buxoriyning huzurlariga keldik. Rajo: “Ey Abu Abdulloh, sizni koʻrishga mushtoq edim. Biror hadis aytib berishingizni istayman. Men Shoshga chiqib ketyapman”, – dedilar. Imom Buxoriy: “Mayli, sizningcha boʻlsin”, – dedilar. Rajo Ayubdan rivoyat qilingan bir necha hadisni aytdilar. Rajo jim boʻlgan zahoti Abu Abdulloh har bir rivoyat qilingan hadisga javob berardilar. Rajo imom Buxoriyga: “Biz aytmagan biror hadis qoldimi?” – dedilar.

   Buxoriy hadis rivoyat qilishni boshladilar. Rajo hadisning kimdan rivoyat qilinganini soʻraganlarida, sanadlarini keltirardilar. Oʻndan ziyod hadis rivoyat qildilar. Bu holni koʻrib Rajo esankirab qoldilar. Imom Buxoriyning koʻzlari birdan Rajoning yuzlariga tushib, u kishidagi oʻzgarishni koʻrib, hadis aytishni toʻxtatdilar. Rajo chiqib ketganlaridan keyin Buxoriy: “Men u kishiga yana shuncha hadis aytmoqchi edim. Lekin men haqimda koʻngillariga biror gap kelmasin, deb qoʻrqib toʻxtadim”, – dedilar».

Manba: “Mashhur daholar siyrati” (Siyaru aʼlamin nubalo) kitobidan

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …