Imom Buxoriy tavalludining 1250 yilligiga
Imom Buxoriy 810 (194) yil 20 iyul kuni Buxoroda tavallud topgan. Butun umrini ilm-maʼrifatga baxsh etgan va hayotini asosan ilm maqsadidagi safarlarda oʻtkazgan. Uning shoh asari boʻlmish “Sahihul Buxoriy” insoniyat tomonidan yaratilgan kitoblar orasida birinchi, Allohning Kalomidan keyin ikkinchi islomiy manba sifatida eʼtirof etilgan.
Alloma oʻz manoqiblarida barcha asarlarini safarlarda yozganini, bir manzilda boshlab ikkinchisida tugatganini taʼkidlagan. Har birini bir necha marta yozib, qayta-qayta tahrir qilib, oʻsha davr allomalari koʻrigidan oʻtkazib, keyin taqdim etganini ham maʼlum qilgan.
Tarixdan maʼlumki, nodir asarlar tasnif etilishiga koʻpincha muayyan omillar sabab boʻlgan. Imom Buxoriyni ham “Sahih”ga ajib ibratli voqea ilhomlantirgan. Ibrohim ibn Maʼqal Nasafiy yozadi: “Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan eshitdim, u: “Isʼhoq ibn Rohavayh huzurida edik. Shayximiz: “Birontangiz Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatlarini muxtasar holda kitob qilsangiz”, dedi. Bu taklif mening qalbimdan joy oldi va “Jomiʼ” kitobimni yoza boshladim”, dedi” [1].
Ibn Hajar Asqaloniy “Hadyus Soriy” asarida Imom Buxoriydan ishonchli sanad bilan Muhammad ibn Sulaymon ibn Foris tomonidan aytilgan bunday rivoyatni keltiradi: “Tushimda Rasululloh (s.a.v.)ni koʻrdim, u kishi goʻyoki uyquda edilar. Men oldilarida turibman, qoʻlimda yelpigʻich, u bilan Rasululloh (s.a.v.)ning muborak yuzlaridan pashshalarni haydayapman. Taʼbirchilardan bu tushning taʼbirini soʻradim. Ular: “Siz Rasululloh (s.a.v.)ning sunnatida paydo boʻlgan yolgʻonlarni ketkazasiz”, dedi. Bu menga “Al-Jomiʼ as-sahih”ni tasnif etishimga sabab boʻldi”, dedi [2].
Demak, Imom Buxoriyning oʻzi aytgan bu ikki sabab marvlik buyuk muhaddis, musnid imom, hofiz Isʼhoq ibn Rohavayhning taklifi va Alloh taoloning ilohiy ragʻbati boʻlmish tushdir. Mana shu ikki omil buyuk asar tasnif etilishi va u Qurʼoni karimdan keyingi maqomda turishiga ishorat boʻlgan. Shundan soʻng Imom Buxoriy shoh asarini boshlab (833/217), 16 yilda yozib bitiradi (849/233). Yaʼni, 23 yoshida toʻplashga kirishib, 39 yoshida yakuniga yetkazadi. Bu ulugʻ ish Alloh taoloning buyuk marhamati bilan yer yuzida faqat Imom Buxoriyga nasib etgan.
Abu Isʼhoq Zanjoniy bunday deydi: “Abdurrahmon ibn Rasoyin Buxoriydan eshitdim, u Imom Buxoriydan bunday eshitganini aytib berdi: ““Sahih” kitobimni oʻn olti yilda yozdim. Kitobdagi rivoyatlarni olti yuz ming hadis orasidan saralab oldim va uni Alloh taolo bilan oʻzim oʻrtamizda hujjat qildim” [3]. Buyuk muhaddisning soʻzlari oʻz tasdigʻini topdi: bu bashoratga butun islom ulamolari ittifoq boʻldi. Hadis borasida koʻplab asarlar tasnif etilgan boʻlsa-da, dunyo “Sahihul Buxoriy”ning mislini boshqa koʻrmadi.
Toʻplamning nomlanishi xususida muhaddis va tarixchilarning bir necha xil qarashlari mavjud. Eng mashhur nomi “Al-Jomiʼ as-sahih” boʻlib, tarixda ham, hozirgi kunda ham asosan shu nom yuritib kelinadi. Toʻliq nomi – “Al-Jomiʼ al-musnad as-sahih al-muxtasar min umuri Rasulillahi sollallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyomih” (Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari va hayotlari haqida qisqa, sahih, sanadi uzluksiz, barcha islom ahkomlarini jamlovchi) [4]. Koʻplab muhaddis va allomalar shuni taʼkidlaydi. Jumladan, Abu Nasr Kalaboziy “Rijolu Sahihil Buxoriy”, Abduxoliq ibn Gʻolib ibn Atiyya “Fihrist ibn Atiyya”, Hofiz ibn Xayr Ishbiliy “Fihrist mo ravo an shayxih”, Hofiz Badruddin Ayniy “Umdatul Qoriy” asarlarida ayni shu nomni tasdiqlab keltirgan [5].
“Sahihul Buxoriy” asarining bunday nomlanishiga quyidagi sabablar koʻrsatiladi:
“Al-Jomiʼ”. Chunki, asar islom ilmlaridan boʻlgan imon, tavhid, ibodat va muomalat hukmlari, jihod va gʻoziylik, tarix, fazoil, manoqib, tafsir, nikoh, odob-axloq, zuhd kabi masalalarni qamrab olgan. Hadis ilmida bunday masalalarni oʻz ichiga olgan asar “jomiʼ” deb nomlanadi.
“Al-Musnad”. Buning boisi shuki, asarda hadislar muttasil sanad bilan kelgan, har bir hadis marfuʼ, yaʼni sanadi Rasululloh (s.a.v.)ga borib taqaladi. Imom Buxoriydan oldin yozilgan hadis toʻplamlariga sahihlar qatorida zaif, munqatiʼ (bir joyda roviy tushib qolgan) va muʼzal (bir joyda ikki roviy tushib qolgan) kabi hadislar ham kiritilgan. “Sahihul Buxoriy” bunday rivoyatlar uchramasligi bilan muhim ahamiyatga ega.
“As-Sahih”. Zero, asarda faqat sahih hadislar jamlangan. Bu bilan Imom Buxoriy oldingi asarlardan farqli boʻlgan yoʻnalishga asos solgan. Birinchidan, yuqorida taʼkidlanganidek, avvalgi toʻplamlarda sahih, hasan, zaif, mavzu hadislar birga jamlangan. Ikkinchidan, Imom Buxoriy hadislarni fiqhiy mavzusi, turi, sahihligiga qarab tasniflash metodiga asos solgan.
“Al-Muxtasar”. Imom Buxoriy oʻzi yod bilgan yuz minglab sahih hadislar orasidan 7275 tasini saralab olgan. Takror hadislar ham mavjudligi inobatga olinsa, bu miqdor yana ham kamayadi. Muallif kitob hajmi katta boʻlib ketishidan saqlangan, hadislarning nodir jihatlariga alohida eʼtibor bergan.
“…min umuri Rasulillahi sollallohu alayhi vasallam va sunanihi va ayyomih”. Bu soʻzlar asardagi hadislar Rasululloh (s.a.v.)ning soʻzlari, amallari, sahobalarning muayyan ishlarini tasdiqlashlari yoki inkor etmaganliklari, u zotning shamoillari, tarixlari, chiroyli xulq-odoblarini qamrab olganini anglatadi [6].
Amr ibn Ali Fallosning mana bu soʻzlaridan Imom Buxoriy hadis ilmida bejiz oliy maqomni egallamaganining tasdigʻini koʻrish mumkin: “Muhammad ibn Ismoil bilmagan hadis hadis emasdir” [7]. Bu hayotiy haqiqat butun dunyo muhaddisu ulamolari tomonidan eʼtirof etilgan.
Islom tarixida buyuk maqom kashf etgan muhaddisning shoh asari asrlar osha oʻrganilib kelmoqda. Haqli ravishda islom taʼlimotida undan Qurʼoni karimdan keyingi manba sifatida foydalaniladi. Bu Imom Buxoriyning ilm yoʻlida chekkan tinimsiz mashaqqatlari, qirq yil mobaynida sahroyu biyobon, shaharu qishloqlarni kezib, qiyinchiliklarga sabr qilgani, tunu kun davom etgan ilmiy mehnati va chekkan ijodiy iztiroblari, sof eʼtiqodi, benazir taqvosi va xolis amallarining buyuk samarasidir. Alloma bu asarni yozib, islom ilmi xazinasini mislsiz darajada boyitishi va oʻzini tarixning oltin sahifasiga muhrlashi orqali faqat orzu-havas va xomxayol bilan ulugʻ martabalarga erishib boʻlmasligini isbotladi. Buyuklik maqomi ilm-maʼrifat va xolis xizmat bilan qoʻlga kiritilishini oʻzining ibratli hayoti bilan koʻrsatib berdi.