Home / HADIS / VALIMA QANDAY AMAL?

VALIMA QANDAY AMAL?

Dinimizdagi goʻzal anʼanalardan biri begona erkak va ayolning shariatga muvofiq nikoh oʻqilgandan soʻng toʻy qilib turmush qurishidir.  Bu “valima” deb nomlanadi. U haqda rivoyat qilingan hadislarning eng mashhuri Nabiy alayhissalomning Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuga aytgan soʻzlaridir.

أَخْبَرَنَا يَزِيدُ بْنُ هَارُونَ أَخْبَرَنَا حُمَيْدٌ عَنْ أَنَسٍ أَنَّ النَّبِىَّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ لِعَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ وَرَأَى عَلَيْهِ وَضَراً مِنْ صُفْرَةٍ :“ مَهْيَمْ؟ ”. قَالَ : تَزَوَّجْتُ. قَالَ :“ أَوْلِمْ وَلَوْ بِشَاةٍ ”.

Anasdan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abdurahmon ibn Avfning egnida sariq iz (kuyovlar surtadigan sariq xushboʻylik izini) koʻrib: “Bu nima?” deb soʻradilar. U: “Uylandim”, dedi. U  zot: “Bitta qoʻy bilan boʻlsa ham valima qilgin”, dedilar” (Dorimiy rivoyati).

Ushbu hadisdan valima sunnat amal ekani va undagi sarf-xarajatlar erkak kishining zimmasida boʻlishini tushunib olish mumkin. 

أَخْبَرَنَا عَفَّانُ حَدَّثَنَا هَمَّامٌ حَدَّثَنَا قَتَادَةُ عَنِ الْحَسَنِ عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عُثْمَانَ الثَّقَفِىِّ عَنْ رَجُلٍ مِنْ ثَقِيفَ أَعْوَرَ – قَالَ : كَانَ يُقَالُ لَهُ مَعْرُوفٌ أَىْ يُثْنَى عَلَيْهِ خَيْرٌ ، إِنْ لَمْ يَكُنِ اسْمُهُ زُهَيْرَ بْنَ عُثْمَانَ فَلاَ أَدْرِى مَا اسْمُهُ – أَنَّ النَّبِىَّ -صلى الله عليه وسلم- قَالَ :“ الْوَلِيمَةُ أَوَّلَ يَوْمٍ حَقٌّ ، وَالثَّانِىَ مَعْرُوفٌ ، وَالثَّالِثَ سُمْعَةٌ وَرِيَاءٌ ”. قَالَ قَتَادَةُ : وَحَدَّثَنِى رَجُلٌ عَنْ سَعِيدِ بْنِ الْمُسَيَّبِ : أَنَّهُ دُعِىَ أَوَّلَ يَوْمٍ فَأَجَابَ ، وَدُعِىَ الْيَوْمَ الثَّانِىَ فَأَجَابَ ، وَدُعِىَ الْيَوْمَ الثَّالِثَ فَحَصَبَ الرَّسُولَ وَلَمَ يُجِبْهُ وَقَالَ : أَهْلُ سُمْعَةٍ وَرِيَاءٍ.

Zuhayr ibn Usmon aytadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Valimaning birinchi kuni haq (sunnat)dir. Ikkinchi kuni yaxshilik (fazilat)dir. Uchinchi kuni esa, sumʼa va riyodir (birovlar eshitishi va koʻrishi uchun qilinadigan ishdir), dedilar”.

Qatoda: “Said ibn Musayyabdan rivoyat qilib, menga bir odam bunday soʻzlab berdi”, dedi: “U (Said ibn Musayyab) birinchi kun chaqirilganda, (valimaga) bordi. Ikkinchi kun chaqirilganda ham bordi. Uchinchi kun chaqirilganda, xabarchiga gʻazab qilib, unga bormadi va “Ular sumʼa va riyo ahlidir”, dedi” (Dorimiy rivoyati).

Ushbu hadisdan  ikki kundan ortiq toʻy qilish joiz emasligi va  uchinchi kun toʻyga chaqirilganda bormaslik kerakligini bilib olishimiz mumkin.

أَخْبَرَنَا أَبُو الْمُغِيرَةِ حَدَّثَنَا الأَوْزَاعِىُّ عَنِ الزُّهْرِىِّ عَنِ الأَعْرَجِ عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ أَنَّهُ قَالَ : شَرُّ الطَّعَامِ طَعَامُ الْوَلِيمَةِ يُدْعَى إِلَيْهَا الأَغْنِيَاءُ وَيُتْرَكُ الْمَسَاكِينُ ، وَمَنْ تَرَكَ الدَّعْوَةَ فَقَدْ عَصَى اللَّهَ وَرَسُولَهُ.

Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:

“Taomning eng yomoni miskinlar qolib, boylar chaqirilgan valima taomidir. Kim chaqirilgan joyga bormasa, Alloh va Uning Rasuliga osiy boʻlibdi” (Dorimiy rivoyati).

Ushbu hadisdan toʻyga faqat boylarni taklif etish joiz emasligi va shariatga muvofiq oʻtkazilayotgan toʻy-marosimlarga chaqirilganda, borish vojib ekani anglashiladi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, valima bidʼat-xurofot va  isrofgarchilikdan chetlangan holda oʻtkazilishi lozim boʻlgan islomiy marosimlardandir. Afsuski, bugungi kunda ushbu muqaddas marosimning asl mohiyati eʼtiborsiz qoldirilayotgan holatlar ham uchramoqda. Ayrimlar boshqalarga taqlid qilib, valimani gunoh-maʼsiyat bazmiga aylantirib olgan. Bunday gʻayri-islomiy va gʻayri-insoniy toʻydan soʻng xayr-baraka va baxt-saodatni qanday umid qilish mumkin?! Holbuki, Alloh taolo Oʻziga itoat etgan bandalarga baraka va saodat berishini, gunohlarga shoʻngʻiganlarni esa, qattiq azob-uqubatga duchor qilishini Qurʼoni karimda ochiq bayon qilgan. Yosh oilalarda boʻlayotgan ajrashishlarning asosiy sababi ham shu. Ular asl mohiyatga eʼtibor bermay, oʻtkinchi orzu-havasga berilib ketgani uchun baxtsizlikka uchramoqda. Jamiyatdagi bunday illatni bartaraf etish uchun yoshlarga toʻgʻri taʼlim-tarbiya berish kerak. Zero ilm va yaxshi tarbiya insoniyatning yoʻlini yorituvchi mashʼaladir.                                            

Obid  XURSANDOV, 
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …