Musulmonni hurmat qilish va unga yaxshilik qilish nafaqat hayotligida boʻladi, balki uning vafotidan soʻng ham turli koʻrinishlarda davom etadi. Qolaversa, bu ishlarda hali yorugʻ dunyoni tark etmaganlarning oʻzlari uchun ham ulkan manfaatlar bor.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «مَن اتَّبَعَ جَنَازَةَ مُسْلِمٍ إِيْمَانًا وَاحْتِسَابًا وَكَانَ مَعَهُ حَتَّى يُصَلَّى عَلَيْهَا وَيَفْرُغَ مِنْ دَفْنِهَا فَإِنَّهُ يَرْجِعُ مِنَ الْأَجْرِ بِقِيرَاطَيْنِ كُلُّ قِيرَاطٍ مِثْلُ أُحُدٍ وَمَنْ صَلَّى عَلَيْهَا ثُمَّ رَجَعَ قَبْلَ أَنْ تُدْفَنَ فَإِنَّهُ يَرْجِعُ بِقِيرَاطٍ« .رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim imon bilan, savob umidida bir musulmonning janozasiga qatnashsa hamda janoza namozi oʻqilgunicha va dafnidan forigʻ boʻlgunicha u bilan birga boʻlsa, ikki qiyrot ajr bilan qaytadi. Har bir qiyrot Uhud (togʻi) mislichadir. Kim janoza namozi oʻqiganidan keyin dafndan oldin qaytsa, bir qiyrot bilan qaytadi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda marhumning haqqiga duo qilish, janozasi va dafn marosimida qatnashishga targʻib, eslatma bor.
Ibn Hajar rahimahulloh aytadi: “Bu rivoyat janoza namozi va dafnda qatnashganlar ikki qiyrot ajr olishini qaydlab qoʻydi. Shunga koʻra, dafnda ishtirok etmasdan faqat janoza namozini oʻqib qaytganlar bir qiyrot oladi”.
Navaviy rahimahulloh: “Hadisda janoza namozini oʻqish, marhumga ergashish va dafn etilgunicha hamroh boʻlishga targʻib bor. Bir qiyrot ajr namoz oʻqish bilan, yana bir qiyroti dafn qilishda qatnashish bilan olinadi. Hammasi boʻlib ikki qiyrot. Qiyrot – faqat Alloh taologa maʼlum ajr miqdori boʻlib, hadis (Uhud togʻiga qiyoslash orqali) uning miqdori ulugʻligidan dalolat beradi”, deydi.
Hadisni chuqurroq mushohada qilib koʻrsak, unda birdamlik, mehr-oqibat, insoniylikka daʼvatni koʻramiz. Chunki oila aʼzosi yoki yaqinlaridan biri vafot etgan kishilar zaif, qalbi ezilgan boʻladi, yordam va kuch-madadga muhtojlik sezadi. Avvalo ularga tasalli berish, taʼziya bildirish musulmonlik burchlaridan, islomning goʻzal fazilatlaridandir. Shuningdek, ularga mayyitni yuvish, kafanlash, masjidga, soʻngra qabristonga olib borish va dafn qilish kabi ishlarni bajarishda koʻmak kerak. Aynan janozaga borganlar, yaqinlar, doʻst-u birodarlar bu ishlarni amalga oshiradi. Masalan, tobutni navbatma-navbat koʻtarib, qabristonga olib boradi.
Kim musulmonning janozasiga imon va ixlos bilan, ajr umidida qatnashsa, buni riyo yoki dunyo manfaati uchun qilmasa, unga ixlosga zid boʻlgan boshqa narsalarni aralashtirmasa, namozdan keyin dafnda ham ishtirok etsa, ikki qiyrot savobga erishadi.
Janozaga doir ishlar farzi kifoya boʻlib, Alloh taolo buning uchun ulugʻ ajrlarni belgilab qoʻygan. Shu bilan birga, u musulmonning musulmondagi haqqi hisoblanadi. Uning ahamiyati juda katta boʻlib, bu inson zotiga boʻlgan ehtiromning yuksak namunasidir.
Alloh taolodan Uni zikr qilish, shukr va ibodat qilishda hammamizga madad berishini soʻraymiz.