Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Anqaradagi (Turkiya) Islom tafakkuri instituti tadqiqotchisi, Inonu universiteti doktoranti Juma Turgʻut ilmiy izlanishlar olib borish va tajriba almashish uchun keldi.
Tashrif Markaz bilan Islom tafakkuri instituti oʻrtasida imzolangan memorandum asosida oʻzaro xodimlar almashuvi dasturi doirasida tashkil etildi.
Yosh tadqiqotchini Markaz direktori Shovosil Ziyodov qabul qilib, Islom tafakkuri instituti bilan hamkorlik aloqalari rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ayni kunlarda mazkur institutda oʻtkazilayotgan “Ikkinchi Movarounnahr yozgi seminarlari” nomli oʻquv-amaliy mashgʻulotlarida Markazning 4 nafar tadqiqotchisi ishtirok etayotgani, yana shuncha tadqiqotchi oʻtgan yil oʻtkazilgan yozgi oʻquv kurslarida qatnashgani ilmiy hamkorlikning jadal tusga kirganidan dalolat ekanini taʼkidladi.
Turkiyalik tadqiqotchi samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Markazdagi faoliyati olib borayotgan izlanishlari samaradorligini oshirishda muhim oʻrin egallashini maʼlum qildi.
Juma Turgʻut Markazda bir necha hafta davomida fiqhiy masalalarga oid tadqiqotlar olib boradi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati