Bir hadis sharhi
Kavsar va Hovuz Qiyomat kunida Alloh taoloning Nabiyi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bergan fazlu marhamati, u zotga va ummatlariga boʻlgan hurmati va mehrining ziyodaligidir. Hovuz suvidan haqiqiy moʻminlar ichadi. Hovuz haqidagi hadislarda quyidagi tavsiflar kelgan. Ulkan hovuz. Sutdan oq va muzday, asaldan shirin va mushk-anbardan xushboʻy boʻlgan Kavsar anhoridan jannat sharobini oladi. U juda ham keng. Eni bilan boʻyi teng. Taraflaridan har biri bir oylik yoʻldir.
عَنْ أَبِى حَازِمٍ قَالَ سَمِعْتُ سَهْلَ بْنَ سَعْدٍ يَقُولُ سَمِعْتُ النَّبِىَّ – صلى الله عليه وسلم – يَقُولُ أَنَا فَرَطُكُمْ عَلَى الْحَوْضِ، مَنْ وَرَدَهُ شَرِبَ مِنْهُ ، وَمَنْ شَرِبَ مِنْهُ لَمْ يَظْمَأْ بَعْدَهُ أَبَدًا، لَيَرِدُ عَلَىَّ أَقْوَامٌ أَعْرِفُهُمْ وَيَعْرِفُونِى، ثُمَّ يُحَالُ بَيْنِى وَبَيْنَهُمْ.
قَالَ أَبُو حَازِمٍ فَسَمِعَنِى النُّعْمَانُ بْنُ أَبِى عَيَّاشٍ وَأَنَا أُحَدِّثُهُمْ هَذَا فَقَالَ هَكَذَا سَمِعْتَ سَهْلاً فَقُلْتُ نَعَمْ. قَالَ وَأَنَا أَشْهَدُ عَلَى أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ لَسَمِعْتُهُ يَزِيدُ فِيهِ قَالَ إِنَّهُمْ مِنِّى. فَيُقَالُ إِنَّكَ لاَ تَدْرِى مَا بَدَّلُوا بَعْدَكَ فَأَقُولُ سُحْقًا سُحْقًا لِمَنْ بَدَّلَ بَعْدِى.
Abu Hozimdan rivoyat qilinadi: “Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhuning shunday deganini eshitdim: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Men sizlar uchun Hovuzga borib, hozirlik koʻrib turaman. Kim unga kelsa, undan ichadi. Kim undan ichsa toabad chanqamaydi. Oldimga qavmlar keladi, men ularni taniyman, ular ham meni taniydi. Soʻng men bilan ularning oralari toʻsiladi”, deganlarini eshitganman”.
Men buni ularga aytib berayotgan edim, Nuʼmon ibn Abu Ayyosh soʻzimni eshitib, “Sahldan shunday eshitganmisan?” dedi. “Ha”, dedim. U bunday dedi: “Men buni Abu Saiddan eshitganimga guvohlik beraman. U bunga qoʻshimcha qilib, shunday degan: “Ular mendan-ku…” (deyman). Shunda: “Ular sizdan keyin nima oʻzgarishlar qilganini bilmaysiz”, deyiladi. Men: “Mendan keyin oʻzgarish qilganlar daf boʻlsin, daf boʻlsin!” deyman” (Buxoriy rivoyati).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam mazkur hadisi shariflarida Qiyomat kunidagi bir manzara haqida xabar berganlar. U zot Qiyomat kunida Hovuz oldiga odamlardan oldin borib, ummatlariga undan suv ichirishga tayyorgarlik koʻrib turishlarini aytmoqdalar. Hovuzga kelganlar uning suvidan ichar ekan. Ana shu suvdan ichgan kishi hech qachon tashnalik koʻrmasligini bashorat qilmoqdalar. Soʻngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam tanigan va Paygʻambarimizni taniganlar keladi. Ammo ular Hovuzdan uzoqlashtiriladi va ichishdan qaytariladi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularning toʻsilganlik sababini soʻraydilar. Sizdan keyin ular (dinda) oʻzgarish qildi, deb javob beriladi. Shu payt u zot sollallohu alayhi vasallam, mendan keyin dinni oʻzgartirgan va almashtirgan kishilar uzoq boʻlsin, uzoq boʻlsin, deydilar.
Bunda Alloh rozi boʻlmaydigan narsani dinda paydo qilgan har bir kishi uchun Hovuzdan haydalish xavfi bor. Eng ashaddiy bidʼatchilar quyidagilardir: munofiqlar, dinidan qaytganlar, musulmonlar jamoasiga xilof boʻlgan xavorij, rofiza va havoi nafs yoʻlida oʻzini olim hisoblaganlar kabi firqalar. Shuningdek, zulm qiluvchilar, haqiqatni yashirib, yoʻqqa chiqaruvchilar va oshkora katta gunoh qiluvchilar. Shunday odamlarning har biri bu hadisda haydalishi zikr qilinganlardan hisoblanadi.
Hadisi sharifda dindagi bidʼat va uni oʻzgartirish xavfi maʼlum qilingan. Bunga barcha bidʼat, zulm va jabr ahli kirar ekan.
Shuningdek, ushbu hadisda oxiratda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Hovuzlari mavjudligiga dalil bor.