Sakkizinchi dars. Badantarbiya va koʻchada yurish odobi
Ey oʻgʻlim! Dars mashgʻulotlarini bajarishda taning sogʻ va tetik boʻlishi uchun baʼzi boʻsh vaqtlaringda badantarbiya qilishni yoddan chiqarma. Unday mashqlarni bajarishni istasang, chekka, bahavo joylarga chiqqin. Ohistalik va viqorni saqlagan holda yur, tezlashma va yoʻlda biror kimsa bilan hazil-mazax qilma. Ammo tabassum bilan yurishing uchun monelik yoʻq.
Ey oʻgʻlim! Doʻstlaring bilan badantarbiya qilish yoki boshqa yumushlar uchun koʻchaga chiqsang, yoʻlda birorta yoʻlovchining oldini toʻsmanglar. Garchi, keng boʻlsa ham omma yuradigan yoʻldan toʻdalashib oʻtmanglar. Aksincha, ikkita- ikkita yoki bitta-bitta boʻlib yuringlar.
Ey oʻgʻlim! Omma oʻtib yuradigan yoʻl alohida bir shuxsning mulki emas. Unda har bir yoʻlovchining haqqi bor. Koʻchalarda tirbandlikni paydo qilmanglar. Chunki bunday ish ilm oluvchining obroʻsiga putur yetkazib, odamlarning unga ehtiromini yoʻqqa chiqaradi.
Ey oʻgʻlim! Yoʻlingda biror mojaroni yoki mushtlashayotgan toʻdani koʻrsang, ular orasiga kirmagin, hatto yaqinlashma ham. Zero bunday holatda tahqirlanishing yoki aybsiz boʻla turib tuhmatga uchrashing mumkin.
Ey oʻgʻlim! Koʻpchilik odamlar orasidan birortasi yoʻlingda senga ozor yetkazsa, unga qilmishiga oʻxshash dushmanlik bilan muomala qilma. Senga zulm qilganni kechir, shunda Alloh qadringni koʻtaradi.
﴿وَجَزَاءُ سَيِّئَةٍ سَيِّئَةٌ مِثْلُهَا فَمَنْ عَفَا وَأَصْلَحَ فَأَجْرُهُ عَلَى اللَّهِ إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الظَّالِمِينَ﴾
“(Har qanday) yomonlikning jazosi xuddi oʻziga oʻxshash yomonlikdir. Bas, kimki afv etib (oʻrtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni xush koʻrmas”[1].
Alloh taolo bizga ushbu goʻzal xulq bilan odoblanishni taʼlim beradi.
Ey oʻgʻlim! Oʻzingga kerak boʻladigan yegulik, kiyim-kechak va boshqa narsalar sotib olish uchun uyingdan chiqsang, nodonlarning tortishuvlariga sira aralashma. Ularning fahsh soʻzlariga eʼtibor berma. Ularga kuch-gʻayratingni sarflashdan yiroq boʻl. Sotuvchilar bilan narx belgilashda talashib-tortishma. Narxi toʻgʻri kelsa, sotib ol, boʻlmasa, tinchgina ketaver. Sotib olish niyating boʻlmasa, sotuvchilarning oldiga narx talashish maqsadida borma. Bu ishing ularning senga yomon, xunuk, ozorli soʻzlarni aytishiga olib keladi.
Ey oʻgʻlim! Biror insonga nimadir soʻzlamoqchi boʻlsang, u eshita oladigan darajadagi ovoz bilan gapir. Soʻzi muloyim, lafzi goʻzal kishi boʻl. Yoshing, martabang teng boʻlsa ham, seni tinglayotganlar oldida qadringni tushiradigan soʻz aytma. Biror inson senga gapirsa, uning soʻzini diqqat bilan tingla. Unga qoʻpollik va adabsizlik bilan qarama. Hadisda: “Odamlarga goʻzal xulq bilan muomala qil!”[2] deyilgan.