Yettinchi dars. Mutolaa, takrorlash va munozara odobi
Ey oʻgʻlim! Oʻzing uchun yaxshilikni istasang, darsingni yolgʻiz mutolaa qilma. Oʻquvchilar orasidan oʻqishda senga hamrohlik qiladigan, tushunishga yordam beradigan doʻstlar tanlab ol. Biror mavzu ustida bosh qotirib oʻzingcha uni tushungandek boʻlsang, shu bilan kifoyalanib kitobni qoʻlingdan tashlama. Balki, sheriging bilan birga darsni mustahkamlab ol. Ushbu mavzu boʻyicha oʻquvchiga dars bera oladigan darajada tayyorlan.
Ey oʻgʻlim! Birgalikda mutolaa qilish uchun tanlagan doʻstingga nisbatan odob saqla. Undan oldin biror mavzuni tushungudek boʻlsang, bu bilan faxrlanma. Biror masalani fahmlashda sening fikringga qarshi kelsa, aytayotganiga quloq tut. Uning gapi toʻgʻri boʻlib, sen xato tushunayotgan boʻlishing mumkin. Notoʻgʻri tushunchangni deb u bilan janjallashish va xato boʻla turib fikringni oʻtkazishdan saqlan. Ilm omonatdir. Kimki notoʻgʻri narsaga yon bossa, Allohning omonatini zoye qilibdi.
Ey oʻgʻlim! Olgan darslaringni koʻproq takrorla. Chunki, ilmning ofati esdan chiqarishdir. Bilginki, yil yakunida oʻqigan darslaringdan imtihon qilinasan. Imtihonni aʼlo darajada topshirsa, oʻquvchi taqdirlanadi. Bordi-yu buni uddalay olmasa, oilasi ham, doʻstlari ham unga past nazar bilan qaraydi va oʻqishga beparvo boʻlgani ayon boʻlib qoladi.
Ey oʻgʻlim! Darsni takrorlash oʻzing maʼnosini tushunmaydigan soʻzlarni yodlashdan iborat emas. Balki sen himmatingni maʼnolarni tushunish va uni zehnga mustahkamlashga yoʻnaltir. Zero ilm – bu tushungan narsangdir, yodlaganing emas.
Ey oʻgʻlim! Oʻquvchi baʼzan bir guruh doʻstlari bilan toʻplanib qoladi. Shunda ularning suhbatlari biladigan mavzulari doirasida bahs-munozaradan iborat boʻladi. Mana shu paytda sen gapiruvchining soʻzini boʻlma. Kuchli ilmga ega boʻlmay turib javobga shoshilma. Oʻzing puxta egallamagan mavzuda hech ham tortishma. Nohaq mujodala qilma. Sen bilan bahs qiluvchiga qarshi maʼnaviy kuch ishlatma. Bahsning mavzusidan chiqib, raqibingning fikrini bemaʼnilikka yoʻyma. Aziyat yetkazadigan gap bilan uni soʻkma. Xato tushunayotgan boʻlsa, jerkima.
Ey oʻgʻlim! Oʻquvchilar orasida boʻladigan ilmiy mavzulardagi suhbatning foydasi katta. Chunki u tushunchani kuchaytiradi, tilni ravon qiladi, maqsadni goʻzal ifodalab berishda yordamlashadi hamda oʻquvchida jurʼat va peshqadamlikni paydo qiladi. Biroq bu soʻzlashuvlar qachonki sen goʻzal xulqli boʻlsang, soʻzing bemaʼnilikdan yiroq, zararingga boʻlsa ham haqni gapirsang va bunda malomatchining gapidan choʻchimasanggina Allohning huzurida ham, odamlarning oldida ham manfaat beradi.