Home / HADIS / EʼTIQOD, AMAL VA AXLOQ IMONDA JAMLANGAN

EʼTIQOD, AMAL VA AXLOQ IMONDA JAMLANGAN

Bir hadis sharhi

Imon bu soʻz, amal va eʼtiqoddir. Uning boʻlim va darajalari mavjud. Har bir yaxshi xislatlar imon ostida gavdalanadi. Eʼtiqodimizda imonning nuri itoat etish va haromdan saqlanish bilan ziyoda boʻladi, maʼsiyat va harom ishlarni qilish bilan susayadi.

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ  -صلى الله عليه وسلم – الإِيمَانُ بِضْعٌ وَسَبْعُونَ أَوْ بِضْعٌ وَسِتُّونَ شُعْبَةً فَأَفْضَلُهَا قَوْلُ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَأَدْنَاهَا إِمَاطَةُ الأَذَى عَنِ الطَّرِيقِ وَالْحَيَاءُ شُعْبَةٌ مِنَ الإِيمَانِ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Imon yetmish nechta [yoki oltmish nechta] shoʻbadan iboratdir. Uning eng afzali “Laa ilaaha illalloh” demoq va eng kichigi yoʻldagi ozor beradigan narsani olib tashlash. Hayo imonning shoʻbasidir”, dedilar”.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam mazkur hadislarida imonning komil darajalari borligi haqida xabar bermoqdalar. Bu bir necha xil solih amallarni oʻz ichiga oladi. Ularning soni oltmish nechta ham yoki yetmish nechta ham – roviy shak qilgan – boʻlishi aytilmoqda. Nechta ham – uchtadan toʻqqiztagacha boʻlgan sondan dalolat beradi.

Imon tavhid, tavakkul, umid, qoʻrquv kabi qalb amallari, shahodat kalimalari, zikr, duo kabi til amallari va namoz, roʻza, mazlumga yordam kabi  aʼzo amallaridan iborat. Solih amal qilgan kishi imonining bir qismini toʻldirgan boʻladi. Imonning eng yuqori darajasi va afzali “Laa ilaaha illalloh” kalimasi ekan. Bu kalima bitta iloh borligini eʼtirof etib, faqat U ibodat qilishga loyiq ekanini tan olishdir. Bu soʻz imonning asli boʻlib, taqvo va mustahkam tutqichdir. Islom va kufr orasini ajratuvchidir. Ibrohim alayhissalomning zurriyoti uchun, zora kufr va shirkdan imonga qaytsalar, deb ortidan qoldirgan kalimadir. Yer va osmonlar shu soʻz uchun barpo etilgan. Barcha maxluqotlar shu kalima uchun yaratilgan. Yaratilish va buyruq, savob va iqob manbai boʻlib, Allohning barcha bandalari ustidagi haqqidir. Bu kalimadan maqsad maʼnosini bilmasdan faqat til bilan aytish emas, balki qalban tasdiqlash hamdir. Shuningdek, kalimani va uni  yaxshi koʻrganni yaxshi koʻrish, unga qarshi chiqqan va dushmanlik qilgandan nafratlanishdir.

Soʻng Nabiy sollallohu alayhi vasallam imonning eng kichik amali odamlarning yoʻlidan ozor beradigan narsani olib tashlash va uzoqlashtirish ekanini bayon qildilar. Ozor beradigan narsa tosh, tikan, daraxt shoxi kabilardir.

Musulmon odam koʻcha-koʻyda, maydonlarda, yuradigan yoʻlaklarda axlat, xas-choʻp, tosh yoki boshqa shu kabi ozor beruvchi narsalarni olib tashlashi zarur. Baʼzida koʻcha va ariqlarga uloqtirilgan plastik idishlar, turli chiqindilarni koʻramiz. Inson yashaydigan hududini pokiza saqlashi, qolaversa, boshqa odamlarning dilini xira qiladigan narsalardan xoli qilishi imon masalasiga kirar ekan. Din faqat namoz oʻqish, roʻza tutishdan iborat emas, balki odamlar bilan munosabatni yaxshilash, ozorni ketkazish, ogʻirini yengillatish kabi insoniy qadriyatlar hamdir. Avtomobil haydovchilarning va piyodalarning yoʻl harakati qoidasiga rioya qilishi ham yoʻldagi aziyatni ketkazishga kiradi. Barcha jabhada ozor beradigan narsalarni aritish imondan ekan.

Paygʻambarimiz alayhissalom hayo imondan bir daraja, amal va xislat ekanini xabar berdilar. Hayo xunukni tark etishga undaydigan va haq egasining huquqiga beparvolik qilishdan saqlaydigan xulq-atvor (munosabat)dir. Bundan murod, Haq taolodan hayo qilishdir. Yaʼni Alloh bizni man qilgan oʻrinda koʻrmasin va amr qilgan joyda yoʻqotib qoʻymasin. Hayo shu maʼnoda yaxshilikka eng kuchli turtki va yomonlikdan eng katta toʻsiqdir.

Axloqiy masala boʻlgani uchun hayoni alohida tilga olgan. Chiroyli axloq ham imon amallari va darajalaridan ekanidan dalolat beradi. Shuning uchun bu hadisda eʼtiqod, amal va axloq jamlangan boʻlib, ularning barchasi imonni toʻldiruvchidir.

Bu hadisga har birimiz ixlos bilan amal qilsak, imonimiz kuchli boʻlib, hayotimiz yanada goʻzallashadi. Koʻchalarda pokiza, shinam, koʻngilni xira qiladigan narsalar boʻlmaydi.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …