Bir hadis sharhi
Imom Buxoriyning shoh asari boʻlmish “Sahihul Buxoriy” toʻplamidagi hadislar hayotning barcha jabhalarini qamrab oladi. Inson ahli oilasiga nafaqa qilish haqidagi rivoyatlar shular jumlasidandir. Ulamolar shunday hadisi shariflardan birini qanday sharhlagani va unda bayon etilgan masalalarni koʻrib chiqsak.
Abu Masʼud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi (Alloh taolodan) savob umidida ahli oilasiga qilgan nafaqasi ham sadaqa hisoblanadi”, dedilar.
Inson ahli oilasi va qaramogʻidagilarga nafaqa qilayotganda Allohning roziligi va savobni niyat qilishi kerak. Niyat qilgani uchun oladigan ajri kattaroq boʻladi.
Yosh farzandlar uchun nafaqa berish farzdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Nafaqa qilishni ahli oilangdan boshlagin. Chunki yosh farzandlar (ota-onasiga) boqimandadir”, deganlar.
Inson zimmasida vojib boʻlgan nafaqalarni ado etish bilan savobga erishadi. Shuning uchun, vojib boʻlmagan nafaqalarni ado etish yana ham afzaldir. Chunki bu bilan zimmasidagi burchdan tashqari mutlaq xolis holda saxovat qilgan boʻladi.
Imom Tabariy bunday deydi: “Bu hadisi sharifdan olinadigan xulosa shuki, ahli oilaga nafaqa qilish vojibdir. Inson savob umidida yaxshi niyat bilan nafaqa qilsa, koʻproq ajr oladi. Vojib nafaqa bilan nafl sadaqaning orasida zidlik (bir-biriga toʻgʻri kelmaslik) yoʻq. Balki vojib nafaqa nafl nafaqadan afzaldir”.
Imom Muhallab aytadi: “Barcha ulamolar ahli oilaga nafaqa qilish vojibligini taʼkidlagan. Inson vojib nafaqada ajr yoʻgʻ-u, nafl nafaqada ajr bor ekan-da, deb oʻylab qolmasligi uchun Alloh taolo vojib nafaqani ham sadaqa deb atadi. Yaʼni, uning sadaqa ekanini bildirib qoʻydi. Hatto inson ahli oilasidan ortgan narsalarni boshqalarga sadaqa qiladi. Bu yerda vojib sadaqani nafl sadaqadan ustun qoʻyishga qiziqtirish bor”.
Ibn Munir bunday deydi: “Nafaqani sadaqa deyish mahrni sovgʻa deb atashga oʻxshaydi. Erkak kishining lazzatlanish, goʻzal hayot kechirish, oʻzini (haromdan) tiyish va farzand koʻrishda ayolga ehtiyoji boʻlganidek ayolning ham erkakka ehtiyoji bor. Asl qoidaga koʻra, mohiyatan ayol uchun erkakning zimmasiga biror narsa vojib boʻlmasligi kerak. Lekin Alloh taolo erkakni ayoldan ustun qoʻyish va unga rahbar qilish bilan xosladi. Erkakni ayoldan bir pogʻona koʻtardi. Bu yerda mahr uchun sovgʻa soʻzini va nafaqa uchun sadaqa soʻzini ishlatish mumkin boʻladi”.
Demak, Alloh taolo erkakni ayoldan ustun qilib, unga rahbar qilgani uchun erning zimmasida xotiniga nafaqa berish bor.
Yuqorida bayon etilgan xitoblarning barchasida ahli oilaga nafaqa berish targʻib etilgan. Muqaddas dinimiz koʻrsatmalarida ham, xalqimizning milliy qadriyatlarida ham bu eng ezgu amallardan hisoblanadi. Zero, ahli oilasi va qaramogʻida boʻlganlarga nafaqa berish haqiqiy moʻminning fazilatlaridan sanaladi. Bu kabi ezgu xislatlarni qalbga jo qilish va ularga muntazam rioya etish bugungi kunning dolzarb masalalaridandir.