Home / MAQOLALAR / RASULI AKRAMGA VAHIY QAY TARZDA KЕLAR EDI?

RASULI AKRAMGA VAHIY QAY TARZDA KЕLAR EDI?

Imom Buxoriy oʻz “Sahih”ida amallar debochasi hisoblangan niyat toʻgʻrisidagi hadisni keltirganidan soʻng, niyat va amallarni isloh qilish uchun asosiy vosita boʻlgan “vahiy” toʻgʻrisidagi hadislarni bayon etgan.

حدثنا عبد الله بن يوسف قال: أخبرنا مالك عن هشام بن عروة عن أبيه عن عائشة أم المؤمنين رضى الله تعالى عنها أن الحارث بن هشام رضى الله تعالى عنه سأل رسول الله ﷺ، فقال: يا رسول الله كيف يأتيك الوحي، فقال رسول الله ﷺ: أحيانا يأتيني مثل صلصلة الجرس وهو أشده علي فيفصم عني وقد وعيت عنه ما قال وأحيانا يتمثل لي الملك رجلا فيكلمني فأعي ما يقول.

 قالت عائشة رضى الله تعالى عنها ولقد رأيته ينزل عليه الوحي في اليوم الشديد البرد فيفصم عنه وإن جبينه ليتفصد عرقا.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Horis ibn Hishom roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh, sizga vahiy qanday keladi,” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga vahiy baʼzan qoʻngʻiroq ovozi yangligʻ keladi. Kuchli vahiy kelganda shunday boʻladi. Shunda men butun borliqni unutib, vahiyni xotiramga muhrlayman. Baʼzan esa, inson qiyofasidagi farishta menga vahiy keltiradi va men uning aytganlarini xotiramda saqlab qolaman”, deb javob berdilar.

Oisha roziyallohu anho: “Qattiq sovuq kunlarning birida u zotga vahiy kelganining guvohi boʻldim. Shunda u kishi butun borliqni unutgandek holatga tushgan edilar, peshonalari terga botib ketgandi”, deb aytdilar.

Oisha roziyallohu anho – Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning qizi, Makka shahrida tugʻilgan, moʻminlarning onasi, sahobiya, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalari.

Horis ibn Hishom – Abu Abdurahmon Maxzumiy, sahoba, Makkada istiqomat qilgan, Paygʻambar alayhissalomdan bir necha hadis aytgan. Maxzum qabilasining yetakchisi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga 100ta tuya hadya qilganlar. Ummat olimlaridan biri. Nabirasi Abu Bakr ibn Abdurohman tobein, Makka muftiylaridan biri boʻlgan.

Vahiy – Alloh taolo tomonidan tanlab olingan paygʻambariga bilvosita yoki bevosita nozil qilingan “ilohiy soʻz, ilohiy koʻrsatma” boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri qalbga indiriladi. Abdulloh ibn Abbos bu haqda:

عن ابن عباس رضي الله عنه: أن الوحي هو القذف في القلب

“Vahiy qalbga indirilgan narsadir,” degan.

Alloh taolo inson zotining Oʻzi bilan soʻzlashishi faqat vahiy orqali boʻlishi mumkin ekanligini aytadi:

﴿ وَمَا كَانَ لِبَشَرٍ أَن يُكَلِّمَهُ اللَّهُ إِلَّا وَحْيًا أَوْ مِن وَرَاءِ حِجَابٍ أَوْ يُرْسِلَ رَسُولًا فَيُوحِيَ بِإِذْنِهِ مَا يَشَاءُ ۚ إِنَّهُ عَلِيٌّ حَكِيمٌ﴾

“Inson bilan Alloh (bevosita) soʻzlashishi mumkin emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (shaʼni) oliy va hikmat sohibidir” (Shoʻro surasi, 51 oyat).

Vahiy kelishi amalda insonlarga taalluqli boʻlmasdan, balki faqat paygʻambarlarga xosdir. Yaʼni, u faqat paygʻambarlarga nozil boʻladi. Alloh taolo dunyo va oxiratiga oid qonun-qoidalarni paygʻambarlariga joʻnatilgan vahiy orqali insonlarga bildiradi.

Oyat va hadislarda kelgan xabarlardan maʼlumki, vahiy bir necha xil boʻladi, shulardan:

  1. Rost tush – Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga vahiy, paygʻambarlik martabasi berilishidan avval rost tushlarni koʻrish orqali boshlangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Paygʻambarlarning tushlari vahiydir”, deb aytganlar. Ibrohim Xalilullohning tushlarida oʻz oʻgʻillari Ismoil zabihullohning Alloh yoʻlida qurbonlik qilishga buyurilishi bunga misol boʻla oladi.
  2. Vahiy ilhom – Alloh taolo tomonidan biror masala yoki ishning yechimini toʻgʻridan-toʻgʻri paygʻambarning qalbiga solinishi. “Va u (Paygʻambar) oʻz havoyi-xohishi bilan soʻzlamas” (Najm surasi, 3 oyat). Ushbu oyatga binoan, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning dinga oid hadisi shariflari ham “vahiy-ilhom”ning hosilasi hisoblanadi.
  3. Alloh taolo parda-toʻsiq ortidan paygʻambariga soʻzlashi. Bunday vahiyga Tur togʻida Muso alayhissalom va Meʼroj kechasida Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam muyassar boʻlganlar.
  4. Alloh taolo Oʻz paygʻambarlariga farishtalar orqali vahiy yuborishi. Bunda Alloh taoloning vahiylarini paygʻambarlarga eltguvchi, oʻrtadagi asosiy vositachi farishta Jabroil alayhissalomdir.

Yuqorida aytilgan dalillardan maʼlum boʻladiki, vahiy – Alloh taolo odamlar orasidan oʻzi xoslagan solih bandalari (paygʻambarlari)ga nozil qilinadigan ilohiy koʻrsatmadir.

Hadisning umumiy maʼnosi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotidagi biror narsa sahobalar nazaridan chetda qolmagan. Ular Paygʻambar alayhissalomdan shariatga taalluqli har bir hukm bilan birga, u zotning hayoti bilan bogʻliq har bir hodisa, voqeani bilishga intilar edi. Kunlarning birida sahobalardan biri “Horis ibn Hishom roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh, sizga vahiy qanday keladi?” deb soʻradi.” Yaʼni, vahiy qanday tarzda kelishini bilmoqchi boʻldi.

 Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga vahiy baʼzan qoʻngʻiroq ovozi yangligʻ keladi”, dedilar.

Paygʻambar alayhissalom vahiyning kelishini qoʻngʻiroq ovoziga oʻxshatmoqdalar. Qoʻngʻiroq ovozi odatda metall yoki qattiq jismning bir-biriga urilganda chiqadigan ovozga aytiladi. Bu kabi ovozlar eshituvchi uchun aniq eshitiladi, eshitilmay qolishi mumkin emas. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Menga vahiy, baʼzan qoʻngʻiroq ovozi yangligʻ keladi”, deb vahiy qoʻngʻiroq ovozi kabi aniq-tiniq eshitilishini bayon qildilar.

Bu Alloh taolo bilan paygʻambarning oʻrtasida vahiyni keltiruvchi vositachi farishtasiz nozil boʻlgan vahiydir. Vahiyning bu taxlit kelishini Rasululoh sollallohu alayhi vasallam, “Kuchli vahiy kelganda shunday boʻladi” deb taʼrifladilar.

Manbalarda keltirilishicha, vahiy uch xil tarzda kelar ekan:

  1. Alloh taolo tomonidan vahiy nozil qilinayotgan paygʻambarning qalbi Oʻziga mutlaq boʻysundirilishi va unga vahiyning tushirilishi. Bu holatda vahiy farishtasi vositachilik qilmaydi.
  2. Vahiy nozil boʻlayotganda paygʻambarning hissiy sezgilariga taʼsir qilishi. U holatda qoʻngʻiroq yangligʻ ovozni eshitiladi. U maxluqlar ovoziga oʻxshamaydi.
  3. Vahiyning farishta tomonidan keltirilishi. Bu ikki qismdan iborat:

a). Paygʻambarning ichki olami – botini, qalbi vahiy farishtasiga boʻysundirilishi;

b). Vahiy farishtasi inson suratida kelib, paygʻambarga yuzma-yuz holatda vahiyni soʻzlamogʻi.

 “Baʼzan esa, inson qiyofasidagi farishta menga vahiy keltiradi va men uning aytganlarini yodlab olaman”.

Yuqorida aytilganidek, vahiy paygʻambarimizga turli xil tarzda kelar, undan soʻng kelgan vahiy Alloh taoloning inoyati bilan u zotning qalblariga muhrlanar edi. Bu haqda Qurʼoni karimda bunday deyiladi:

(Ey, Muhammad! Qurʼonni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan (koʻp) harakatlantiravermang. Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni oʻqisak, Siz ham uni oʻqishga ergashing! Soʻngra uni (Qurʼonni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir. (Qiyomat surasi, 16-19 oyatlar).

Oisha roziyallohu anho Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamga vahiy kelayotgan vaqtda u zotning holatlaridan soʻzlab bermoqdalar

“Qattiq sovuq kunlarning birida u zotga vahiy kelganining guvohi boʻldim. Shunda u kishi butun borliqni unutgandek holatga tushgan edilar. Peshonalari terga botib ketgandi”.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan keladigan vahiyga juda qattiq eʼtibor qaratib, uning har bir harfi va ohangini eslab qolishga intilar edilar. U zotga vahiy kelgan vaqtda atrofdagi hech bir narsa u zotni chalgʻita olmas edi. Yuqorida aytilganidek, bunday paytlarda u zotning qalblari vahiyga bogʻlanib, dunyodan mutlaq uzilar edi.

Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …