Ayni kunlarda Markaz ilmiy xodimlari Buxoro viloyatida safarda boʻlib, joylarda “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida targʻibot tadbirlarini tashkil etib kelmoqda. Samimiy suhbat, erkin mulohaza va qizgʻin savol-javoblar tarzida oʻtayotgan anjumanlarda aholining faol qatlamini imkon qadar keng jalb etishga eʼtibor qaratilib, masalaning mohiyati hayotiy misollar orqali ochib berilmoqda.
Vobkent tumanidagi “Qoʻqin” MFYda tashkil etilgan tadbirda ilmiy xodim J.Jumayev dinning madaniyatni rivojlantirish va bunyodkorlikka asos solish kabi maqsadlari haqida soʻzladi, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi.
Tumandagi “Xalach” MFYda tadbir tashkilotchilari din insonni jaholat zulmatidan qutqarish, qalbiga imon nuri va xotirjamlik baxsh etish uchun xizmat qilishini taʼkidladi. Buzgʻunchi kuchlar daʼvatlariga zid ravishda dinning odamlar ongini isloh qilish, yoshlarni ezgulik ruhida tarbiyalashdagi ijobiy taʼsiri ilmiy asoslab berildi.
Jondor tumanidagi “Paxtakor” MFYda ilmiy xodim Sh.Umarov yigʻilganlarga barcha dinlarda tinchlik Parvardigorning odamlarga bergan ulkan neʼmati sanalishini qayd etdi. Vayronkor gʻoyalar tarafdorlarining din niqobi ostida tinchlik-osoyishtalikka, farovon turmushimizga tahdidlari qoralanib, barcha yigʻilganlar ogohlikka daʼvat etildi.
Shu tumandagi “Oytugʻdi” MFY da mahalla faollariga yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, diniy eʼtiqod va vijdon erkinligini taʼminlashning huquqiy asoslari haqida maʼlumotlar berish bilan birga, gʻarazli kuchlarning gʻoyibona xurujlari, bundan koʻzlagan nopok maqsadlar, ularga qarshi kurashish choralari haqida soʻz yuritildi.
Ilmiy xodimlar S.Abduvoitov va A.Mamadaliyev Gʻijduvon tumanidagi “Armechan”, “Jovgari”, “Denov” MFYlaridagi uchrashuvlarda islomning asl mohiyatiga, insonparvarlik va tinchliksevarlikka yoʻgʻrilgan ulugʻvor gʻoyalariga alohida toʻxtalib, konfessiyalararo hamjihatlikni taʼminlash, diniy ekstremizmga qarshi kurashish yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar xususida soʻzladi.
Tadbirlarda yigʻilganlar eʼtibori ogohlik, farzandlar tarbiyasidagi masʼullik, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishga qaratilib, Markaz tomonidan nashr etilgan kitoblar taqdimotlari oʻtkazildi.