Home / FOTO LAVHALAR / Markaz ilmiy xodimlarining Buxorodagi talabalar bilan uchrashuvlari

Markaz ilmiy xodimlarining Buxorodagi talabalar bilan uchrashuvlari

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Buxoro viloyatida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida keng qamrovli targʻibot tadbirlarini boshladi.

“Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar”, “Oʻzbekiston buyuk allomalar yurti”, “Biz yot gʻoyalar, axborot xurujlari va mafkuraviy tahdidlarga qarshimiz” mavzularida oʻtkazilayotgan uchrashuvlarda mamlakatimizda diniy eʼtiqod va vijdon erkinligini taʼminlash yoʻnalishida olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning ibratli hayoti va boy ilmiy-maʼnaviy merosi, ustozga hurmat va ilm olish fazilatlari, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik hamda vatanparvarlik tuygʻularining ahamiyati bilan birga, bugungi kunda koʻz oʻngimizda sodir boʻlayotgan iqtisodiy va ijtimoiy oʻzgarishlar, turli mafkuraviy tortishuvlar keskin tus olayotgan davrda jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish har qachongidan ham muhim ekaniga alohida urgʻu qaratilmoqda.

Xususan, ilmiy xodimlar J.Jumayev va A.Mamadaliyev Buxoro Davlat universitetida oʻtkazilgan tadbirda yoshlarga axborot xurujlaridan himoyalanish koʻnikmalarini shakllantirish yuzasidan tavsiyalar berdi. Universitet prorektori A.Amonov buyuk ajdodlarga munosib avlod boʻlish uchun milliyligimiz, qadim qadriyatlarimizni asrab-avaylash va dinimizni pok saqlash zaruratini qayd qilib, bu borada Markaz tomonidan olib borilayotgan ishlar muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

Mir Arab oliy madrasasida oʻtkazilgan tadbirda ilmiy xodimlar Sh.Umarov va S.Abduvoitov aholi, xususan, yoshlarni soʻnggi paytlarda koʻplab uchrayotgan yot gʻoya tajovuzlaridan saqlash choralari haqida fikr-mulohazalar bildirib, bu borada Markazda qilinayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Madrasa rektori J.Elov buzgʻunchi kuchlarning gʻoyaviy tajovuzlariga qarshi maʼrifiy kurashni birgalikda olib borish yaxshi natija berishini qayd etdi.

Buxoro muhandislik texnologiyalari institutidagi tadbirda ilmiy xodimlar ishtirokchilarni ayni paytda internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda kuzatilayotgan turli firqalar hujumlaridan ogoh etib, dinimizning asl mohiyati toʻgʻrisida hayotiy misol va dalillar bilan tushuntirish berdi.

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetining Buxoro tabiiy resurslarini boshqarish institutida tashkil etilgan tadbirda Markaz ilmiy xodimlari islomning asl mohiyati, ajdodlarimizning islomni pok saqlash va diniy ilmlarni rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi haqida tarixiy maʼlumotlar keltirdi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro Davlat tibbiyot institutidagi tadbir Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda mamlakatimizda yoshlar va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan eʼtibor, yosh avlod bilan tizimli ishlashning samaralari haqida soʻz bordi.

Barcha tadbirlarda ishtirokchilarga Markaz faoliyati va yutuqlari haqida maʼlumotlar berilib, nashr etilgan yangi kitoblar taqdimotlari oʻtkazildi.

Navbatdagi targʻibot tadbirlarini viloyatning tumanlarida tashkil etish rejalashtirilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …