Xabaringiz bor, ayni kunlarda Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy yurtimizda davlat tashrifi bilan boʻlib turibdi. Hurmatli mehmon kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadim va betakror Samarqand shahrining muqaddas qadamjolarini ziyorat qildi.
Mazkur tashrif doirasida Qatar Madaniyat vaziri Abdulrahmon bin Hamad al-Tani janoblari ham Samarqanddagi Imom Buxoriy meʼmoriy yodgorlik majmuasida boʻldi.
Abdulrahmon bin Hamad al-Tani janoblari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov hamda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamrohligida majmuadagi ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Suhbat davomida Muzaffar Komilov yurtimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi. Soʻnggi yillarda muqaddas islom dini maʼrifatining boy ilmiy-maʼnaviy ahamiyatini chuqur oʻrganish, eng muhimi, uning insonparvarlik mohiyatini keng ochib berish borasidagi davlatimiz rahbari tashabbuslari mehmonda katta taassurot qoldirdi. Xususan, xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qoʻshgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa taʼlim muassasalari faoliyati alohida eʼtirof etildi.
Taʼkidlash joizki, islom olamida ulugʻ maqomga ega boʻlgan muhaddis, olim Imom Buxoriy qadamjosi bugungi kunda yangidan barpo etilmoqda. Ulkan majmua qadimiy va betakror anʼanalar asosida bunyod etilayotgani bugungi mahobatidanoq sayyohlar eʼtiborini qozonayotir. Bino devorlariga qadimiy uslubda Qurʼoni karim suralari va hadislar yozilmoqda.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan majmuada Imom Buxoriy muzeyi ham tashkil etilishi rejalashtirilgani ahamiyatlidir. Muzey boy madaniy qadriyatlarimizni oʻzida jam qilish barobarida zamonaviy dizaynga ega boʻladi. 8 ta pavilon, xususan, Muhammad alayhissalom va nubuvvat tarixi, hadis ilmining paydo boʻlishi va rivojlanishi, Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyati, Imom Buxoriy fazilatlari, “Al-jome as-sahih” – islom dinining ikkinchi manbasi, Imom Buxoriy merosining bugungi kundagi ahamiyati, yangi Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy islohotlar va Imom Buxoriy merosiga eʼtibor kabi mavzular qamrab olinadi.
Samimiy muloqotda Qatar Madaniyat vaziri Abdulrahmon bin Hamad al-Tani janoblari ham Imom Buxoriy majmuasining tarixiy va amaliy ahamiyati xususida hayrat bilan soʻz yuritdi.
– Haqiqatan ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning keng dunyoqarashli va donishmand inson ekanliklarini bilamiz. Albatta, yurtingizdagi bugungi islohotlarning tashabbuskori shaxsan Prezident janobi oliylari ekani alohida eʼtirofga sazovor. Oʻylaymizki, Oʻzbekiston buyuk allomalarining nomlari tiklash, tarixiy, ilmiy meroslarini keng jamoatchilikka taqdim etish orqali butun dunyoga yangi Oʻzbekistonning istiqboli va nufuzini namoyon etmoqda.
Eʼtiborlisi, amalga oshirilayotgan bunday ulkan bunyodkorliklar Oʻzbekiston yoshlarida oʻz tarixi bilan faxrlanish, buyuk ajdodlarining ilmiy merosini oʻrganish orqali komil shaxs boʻlib kamol topishlarida beqiyos ahamiyat kasb etishiga ishonchim komil. Muhtasham majmualar, ilmiy, maʼrifiy markazlar, albatta, kelgusida yana bir necha asrlar davomida yurtingiz taraqqiyoti, xalqingiz yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Ayniqsa, yangi bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi meni juda ham hayratlantirdi. Benazir obida bunyod etilyapti desam, yanglishmayman. Kelgusida islom olamining goʻzal shaharlaridan biri boʻlgan Samarqandga oilam bilan yana bir bor kelishni niyat qildim.