Home / HADIS / JANNAT – ONALAR OYOGʻI OSTIDA

JANNAT – ONALAR OYOGʻI OSTIDA

Bir hadis sharhi

Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” toʻplamida kelgan hadislar hayotning barcha jabhalarini qamrab oladi. Shulardan biri ota-onaga yaxshilik qilish haqidagi hadislardir. Ulamolar shunday hadisi shariflardan birini qanday sharhlaganini va unda bayon etilgan odob-axloqqa oid masalalarni koʻrib chiqsak.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldiga kelib: “Ey Rasululloh! Yaxshilik qilishim uchun eng haqli boʻlgan inson kim?” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang”, deb javob berdilar. U odam: “Keyin kim?” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang”, deb javob berdilar. U odam: “Keyin kim?” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang” deb javob berdilar. U odam (toʻrtinchi marta): “Keyin kim?” deb soʻradi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Otang”, deb javob berdilar”.   

Ibn Battol: “Bu hadis ona uchun otaga qilinadigan yaxshilikning uchtasi boʻlishini taqozo qiladi”, degan.

Ona farzandini zaiflik  ustiga  zaiflik  bilan koʻtarib yurib, homiladorlik mashaqqatini boshdan oʻtkazadi. Soʻngra bolani dunyoga keltirish mashaqqatiga yoʻliqadi. Undan keyin emizishdagi qiyinchiliklarga duch keladi. Bu ishlarda faqat onaning oʻzi ishtirok etadi va faqat oʻzi iztirob etadi. Chunki bu uch ish faqat onaga xoslangan. Soʻngra farzandni tarbiyalash va voyaga yetkazish ishlarida ota ishtirok etadi. Shu sababli hadisi sharifda uch marta “onang” deb javob berilgan. Toʻrtinchisidagina “otang” deyilgan.

Alloh taoloning: “Biz  insonga  ota-onasini (rozi  qilishni)  buyurdik.  Onasi  uni  zaiflik  ustiga  zaiflik  bilan (qornida)  koʻtarib  yurdi.  Uni (koʻkrakdan)  ajratish (muddati)  ikki  yilda (bitar) (Luqmon surasi, 14-oyat), degan soʻzlarida ham shunga ishora bordir.     

Alloma Qurtubiy: “Ona oʻz farzandining yaxshilik qilishiga haqli boʻladi. Onaning haqqi otaning haqqidan oldin turadi”, degan.

Jumhur ulamolarning barchasi: “Ona yaxshilik va itoat qilishda otadan oldin turadi”, degan.       

Hasan Basriydan “Ota-onaga yaxshilik qilish nima?” deb soʻraldi. U: “Qoʻlingdagi narsalarni ikkalasiga sarflashing va seni gunoh boʻlmagan ishlarga buyurganda ikkalasiga itoat qilishingdir”, deb javob berdi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan “Ayol kishiga eng haqqi koʻp boʻlgan odam kim?” deb soʻradim. “Eri”, deb javob berdilar. “Erkak kishigachi?” deb soʻradim. “Onasi”, deb javob berdilar”.

Bu hadis ham onaning haqqi otaning haqqidan oldin turishini tasdiqlaydi.

Bu xitoblarning barchasida ota-onaga yaxshilik va itoat qilish targʻib etilgan. Muqaddas dinimiz koʻrsatmalarida ham, xalqimizning milliy qadriyatlarida ham ota-onaga yaxshilik qilish farzand zimmasidagi eng ulugʻ vazifalardan biri hisoblanadi. Farzand bu ishi uchun xalq orasida hurmatga sazovor boʻladi, oxiratda esa ulkan savoblarga ega boʻladi.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …