Islomda ilm talabi har bir musulmon erkak va ayolga farz qilingan. Buni quyidagi hadislar misolida koʻrish mumkin.
Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Kim ilm talab qilish yoʻliga yursa, Alloh unga jannat yoʻlini oson qilib qoʻyadi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanoatlarini yozib qoʻyadilar. Albatta, olimga osmondagi zotlar, yerdagi zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istigʻfor aytadilar. Olimning obiddan fazli xuddi oyning boshqa yulduzlardan fazliga oʻxshaydi. Albatta, olimlar anbiyolarning merosxoʻrlaridir. Albatta, anbiyolar dinorni ham, dirhamni ham meros qoldirmaganlar. Kim oʻshani olsa, ulugʻ nasibani olibdi”, deganlarini eshitdim”. (Buxoriy rivoyati)
Ushbu hadislarda ilm talab qilish bilan birga, ilmning va olim odamning fazli bayon qilinmoqda. Islomda ilm talab qilganning nechogʻli ulugʻ darajada boʻlishi taʼkidlanmoqda.
Istigʻfor aytish – birovning haqqiga duo qilish maʼnosida boʻlib, hadisda olim kishi ilm olgani va odamlarni hidoyatga boshlagani uchun osmondagi va yerdagi zotlar tomonidan sharaflanishi aytilmoqda.
Olim – diniy va dunyoviy ilmlarni yaxshi biluvchi shaxs boʻlib, obid – ibodat qiluvchi, doimo oʻzi uchun ibodat bilan mashgʻul kishidir. Kechasi osmonga qaragan odamga oy katta boʻlib koʻrinadi va u Yer yuziga nur sochadi. Yulduzlar esa kichkina boʻlib koʻrinadi va ularning nurlari oʻz atrofini zoʻrgʻa yoritgandek boʻlib koʻrinadi. Obidlar yulduzlar kabi faqat oʻzlari uchun nur chiqarsa, olim kishi qorongʻu kechada nur sochgan oy kabi johiliyat (bilimsizlik) zulmatida yurgan odamlarga hidoyat nurini sochadi. Obidning manfaati faqat oʻzi uchun boʻlsa, olimning manfaati hamma uchundir[1].
Imom Gʻazzoliy Alloh taoloning Al-Kabir ismi sharhida: “Bandaning aʼmoli uning aqli, taqvosi va ilmidadir. Demak, kabir banda – olim, taqvodor, solih kishi boʻlib, oʻz ilmining ziyosidan xalqni bahramand etuvchi murshiddir” deb[2], ilmni va olimlarni ulugʻlaydi.
Alloma Al-Bois ismi sharhida: “Baʼs – tiriltirish soʻzining haqiqiy maʼnosi oʻliklarni qaytadan tiriltirishga nisbatan qoʻllanadi. Bilimsizlik – jaholat katta oʻlimdir, ilm esa sharafli hayotdir. Ilm va jaholat haqida soʻz ketar ekan, komil huquq bilan aytish mumkinki, birinchisi hayot boʻlsa, ikkinchisi oʻlimdir”[3]. Shu jihatdan, kimki birovni jaholatdan ilm tomon yoʻnaltirsa, haqiqatda uni qaytadan tiriltirgan va unga shirin hayot baxsh etgan boʻladi.
Demak, inson xalqqa ilm tufayli biror foyda yetkazish imkoniyatiga ega boʻlsa, odamlarni hidoyatga daʼvat etsa, ana shu amali tiriltirishning bir ifodasi boʻladi. Bu esa paygʻambarlarning va ularning vorisi sanalmish olimlarning yuksak martabasidir.